Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Yangi Chernobil» ro‘y beradimi? Zaporijjya AESdagi avariya qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?
Ukrainaning Energodar shahridagi Zaporijjya AES – Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasidir.
4 martdan beri u Rossiya ishg‘oli ostida, lekin ishlashda davom etmoqda va unda hali ham ukrainalik muhandislar xizmat ko‘rsatmoqda. Iyul oyining ikkinchi yarmidan beri Zaporijjya AES muntazam ravishda o‘qqa tutilyapti, bunda urushayotgan tomonlar bir-birini ayblamoqda. Stansiya xodimlari dunyo hamjamiyatini «tuzatib bo‘lmas xatoning oldini olish»ga chaqirib, Rossiya qo‘shinlari undan o‘zining harbiy bazasi va Ukraina hujumlaridan qalqon sifatida foydalanayotganini aytishyapti.
Ukraina energiyasining beshdan bir qismini ishlab chiqaradigan Zaporijjya atom elektr stansiyasi (ZAES) Rossiya tomonidan mart oyi boshida, urushning ikkinchi haftasida tortib olindi. Stansiya va u joylashgan Energodar shahri ishg‘ol qilinishidan oldin, tutash hududlar uzoq vaqt davomida rus qo‘shinlari tomonidan o‘qqa tutilgan. Oqibatda, ma’muriy binolardan birida sodir bo‘lgan yong‘in butun dunyoda katta xavotir uyg‘otgandi.
Hozirda Rossiya armiyasi AES hududidan turib Ukraina harbiylariga qarata o‘q uzmoqda. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya ukrainaliklarni o‘qqa tutish uchun stansiyadan harbiy baza sifatida foydalanayotganini ta’kidladi. Chunki rossiyaliklar ukrainlar bunga javob qaytara olmasligi, yadro reaktoriga tasodifan zarba berishga botinolmasligini tushunib yetgan.
Rossiya armiyasi stansiya hududida bir nechta raketa otish moslamalari, shuningdek, boshqa qurol va texnikalarni joylashtirgan. Moskva stansiyada o‘z harbiylari borligini tan oladi, biroq stansiya hududidan o‘q otilayotganini rad etadi. Shuningdek, Ukrainani yadroviy inshootga tahdid solayotganlikda ayblaydi.
Ukraina «Energoatom» rahbari Petro Kotinning so‘zlariga ko‘ra, stansiya hududida 50 ga yaqin og‘ir harbiy texnika, jumladan portlovchi moddalar o‘rnatilgan «Ural» avtomobillari va 500 ga yaqin rus askari bor.
ZAES xodimlarining aytishicha, Rossiya armiyasi ularni amalda garovda ushlab turibdi.
18 avgust kuni rossiyalik harbiylar nazorati ostida bo‘lishiga qaramay, stansiyada xizmat qilayotgan xodimlar dunyo hamjamiyatidan «tuzatib bo‘lmas xatoning oldini olish»ni so‘rab, murojaat qilishgandi.
«Ikkinchi Chernobil» bo‘ladimi?
Zaporijjya AESdagi ehtimoliy yadro falokati va uning taxminiy oqibatlari ko‘pincha 1986 yilda Chernobil AESdagi avariya bilan taqqoslanadi, bu atom energetikasi tarixidagi eng katta ofatdir. O‘sha paytda reaktordagi portlash oqibatida stansiyaning energobloklaridan biri butunlay vayron bo‘lgan, atmosferaga juda ko‘p miqdorda radioaktiv moddalar tarqalgandi.
Ammo Zaporijjya AESni Chernobil AES bilan taqqoslash unchalik to‘g‘ri emas, hech bo‘lmaganda stansiyalarda har xil turdagi reaktorlar o‘rnatilgani sababli.
Chernobilda RBMK tipidagi grafitli reaktor bo‘lgan. Uning yadrosida neytronlarni sekinlashtirish vazifasini bajaruvchi katta miqdordagi grafit bor edi. Avariya natijasida grafit qobig‘ida yong‘in sodir bo‘lgan va radiatsiya tarqalishiga katta hissa qo‘shgan. Radioaktiv grafitning bir qismi yadrodan tashqariga otilib chiqqan.
Zaporijjya AESda VVER-1000 tipidagi reaktor (bosim bilan sovitilgan suvli) o‘rnatilgan. Uning ishlash sxemasi quyidagicha: Uran parchalanishi natijasida yadro energiyasi ajralib chiqadi va issiqlik energiyasiga aylanadi. Yadro suv bilan sovitiladi, bir vaqtning o‘zida u neytronlarni sekinlashtiruvchi vazifasini bajaradi. Yuqori haroratgacha isitilgan suv bug‘ga aylanadi va elektr energiyasini ishlab chiqaradigan turbinalarga uzatiladi.
Bunday tipdagi reaktor nasoslar orqali doimiy ravishda suv bilan sovitilishi shart. Aks holda, yadrodagi harorat ko‘tarilib ketadi va yonilg‘i elementlari erishiga olib keladi (Fukusimadagi avariya paytida bo‘lgani kabi).

Zaporijjya AESda reaktor ko‘p joy egallamaydi va energoblokning markazida joylashgan. Uning atrofidagi joyni kranlar, yonilg‘i hovuzlari va yordamchi tizimlar egallagan.
Zaporijjya AES reaktori qalinligi 1 metrdan ortiq bo‘lgan beton germetik qobiq (konteynment) bilan o‘ralgan. Mana shunisi bilan Chernobil AESdan farq qiladi. ZAES fotosuratlarida qizil gumbazlar ko‘rinadi – aynan shular himoya qobig‘i. Agar energiya bloki ichida avariya sodir bo‘lsa, barcha radioaktiv moddalar ichkarida qoladi va tashqariga chiqmasligi ta’minlanadi.
Chernobil AES reaktori germetik qobiq bilan himoyalanmagan edi. Shu tufayli avariyadan keyin barcha radioaktiv moddalar havoga otilib chiqadi.
Taqqoslash uchun, 2011 yilda Yaponiyaning Fukusima-1 atom elektr stansiyasidagi avariya paytida, himoya qobig‘i radioaktiv moddalarning taxminan 98 foizini ushlab qoldi va faqat 2 foizi havoga otilib chiqqandi.
Himoya qobig‘i zarbalarga dosh bera oladimi?
ZAES reaktoriga o‘rnatilgan germetik qobiq nafaqat energiya bloki ichida radiatsiyani ushlab turishi, balki uni tashqi ta’sirlardan – tabiiy ofatlar, samolyot qulab tushishi, terroristik hujumlar va portlashdan ham himoya qilishi lozim.
Konteyntment chidamlilikning ma’lum darajasiga ega, ammo uning chegarasi bor. Germetik qobiq kichik samolyotning qulashi yoki energoblok yaqinidagi portlashga bardosh bera oladi, ammo to‘g‘ridan to‘g‘ri raketa zarbasi yoki bomba portlashi oqibatida shikastlanishi mumkin.
Qobiq shikastlansa, undagi reaktor ham zarar ko‘radimi? Zaporijjya AES energobloki qurilishiga rahbarlik qilgan Aleksandr Kupniy qobiq shikastlansa, shu zahoti reaktorga ham zarar yetkazilishiga ishonchi hosil emas.
«Reaktorga zarar yetkazish uchun yuqori aniqlikdagi snaryadlar bilan bir nuqtaga bir necha marta zarba berish kerak. Bir yoki ikkita snaryad korpusni teshib o‘tadi, keyingisi esa shu teshik orqali kirib, reaktorga zarar yetkazishi mumkin», deydi u.

Kupniyning aytishicha, agar qobiq teshilgan joydan radioaktiv moddalar havoga otilib chiqsa, har qanday holatda Chernobildagidan ancha kam bo‘ladi va avariya miqyosi ham boshqacha bo‘ladi.
«Albatta, AES hududida radioaktiv zararlanish bo‘ladi. Lekin bu global falokat emas, balki mahalliy miqyosda bo‘ladi. Odamlar, birinchi navbatda, stansiya xodimlari, Energodar, Kamensko-Dneprovskiy tumani va Nikopol aholisi zararlanishi mumkin. Shunda ham, shamol qayerga esishiga qarab», deya ta’kidlaydi yadroviy fizika bo‘yicha mutaxassis.
Agar stansiyadagi barcha energobloklar qobig‘i teshilib, reaktorlar zararlansa, albatta falokat ko‘lami kattaroq bo‘ladi. Buning oqibatlari shamol tezligi va yo‘nalishiga bog‘liq. Sharqiy Yevropa mamlakatlari, Belarus va Rossiyaning chegaradosh hududlari – Belgorod, Rostov, Kursk, shuningdek, Rossiya tomonidan annexia qilingan Qrim aziyat chekishi mumkin.
«Umuman olganda, reaktor va atom elektr stansiyasi ancha murakkab obekt. Avariya sodir bo‘lishi uchun ko‘p imkoniyatlar mavjud. Reaktorning himoya qobig‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berish – yagona imkoniyat emas», deydi BMT Qurolsizlanish muammolari tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi Pavel Podvig.
Energobloklardan qaysi biriga zarba berilishi muhimmi?
ZAESda jami oltita energoblok bor. Hozir uchtasi ishlayapti, lekin to‘liq quvvatda emas. Ulardan biri, 5 avgust kuni o‘qqa tutilganidan keyin to‘xtatilgan.
Ishlamayotgan uchta blok radionuklidlar (radioaktiv elementlar) bilan unchalik to‘yinmagan, shuning uchun qobiq shikastlanganda ulardan chiqadigan radioaktiv moddalar kamroq bo‘ladi (Radionuklidlarning parchalanish davri qisqa va uzoq muddatli bo‘ladi. Masalan, saratonga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavfli radionuklid yod-131 yemirilish davri sakkiz kunni tashkil qiladi).
«Chernobil AES avariyasida ish jarayonida bo‘lgan reaktorda yonilg‘i qolgan. Unda juda ko‘p radionuklidlar (ham qisqa, ham uzoq muddatlilari) bo‘lgan. Avariyadan keyingi dastlabki kunlarda tashqariga chiqqan radiatsiya tarkibida qisqa muddatli nuklidlar ko‘p bo‘lgan, ular parchalanib ketishga ulgurmagan edi», deydi Kupniy.
Zaporijjya stansiyasidagi ishlamayotgan energobloklarda qisqa muddatli nuklidlar allaqachon parchalanib ketgan, shuning uchun ulardagi radiatsiya darajasi pastroq.
Avgust oyi boshida o‘qqa tutilishi oqibatida o‘chirilgan energiya blokida yod-131 kabi qisqa muddatli nuklidlar parchalangan. Ammo hammasi emas. Masalan, seziy-134 yemirilish davri ikki yil, seziy-137 yemirilish davri 30 yilga teng.

Zaporijjya AESning yana qayerida radioaktiv moddalar bor?
Reaktorlardan tashqari, ishlatilgan yonilg‘ida ham radioaktiv moddalar bo‘ladi. U reaktordan to‘kib tashlanadi va yangisi bilan almashtiriladi.
Ishlatilgan yonilg‘i ham yuqori faollikka ega, chunki uning tarkibida radioaktiv parchalanish mahsulotlari qoldiqlari bor. Ular energiya ishlab chiqarishda davom etadi, shuning uchun ishlatilgan yonilg‘i birinchi galda sovitish hovuzlariga to‘kiladi.
Zaporijjya AESdagi sovitish havzalari konteynment ichida joylashgan. Unda ishlatilgan yonilg‘i taxminan besh yil ushlab turiladi. Vaqt o‘tishi bilan nuklidlarning harorati va radioaktivligi pasayadi. Besh yil o‘tgach, ishlatilgan yonilg‘i quruq saqlash joylariga o‘tkaziladi.
Ishlatilgan yonilg‘i saqlash havzalari ham atom elektr stansiyalarining zaif nuqtasidir. Unda doimo suv bo‘lishi kerak, u nurlangan yonilg‘i agregatlarini sovitadi.
Agar hovuzda teshik paydo bo‘lsa (masalan, raketa zarbasi oqibatida) va suv oqib ketsa, radionuklidlar tomonidan chiqarilgan issiqlik ishlatilgan yonilg‘ining alanga olishiga sabab bo‘lishi mumkin.
BMT katta ilmiy xodimi Pavel Podvigning so‘zlariga ko‘ra, bunday yong‘in oxir-oqibat radioaktiv moddalar jiddiy tarqalishiga olib kelishi mumkin.
«Ammo bunda ikkita holatni yodda tutish kerak. Eng muhimi shundaki, Zaporijjya AESda ishlatilgan yonilg‘i hovuzlari himoya qobig‘i ichida joylashgan. Ya’ni unga yetib borish oson emas va shikastlangan taqdirda ham suv osonlikcha oqib ketmaydi. Agar teshik kichik bo‘lsa, hovuzni suvga to‘ldirib borish mumkin. Muhimi, sovituvchi suv oqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak», deydi u.
Bundan tashqari, ishlatilgan yonilg‘ining reaktordan qachon to‘kib tashlangani ham rol o‘ynaydi. Agar u hozirgina to‘kilgan bo‘lsa, juda issiq bo‘ladi. Bu esa xavf-xatarni oshiradi. Agar bir necha yil davomida hovuzda turgan bo‘lsa, suv oqib ketgan taqdirda ham yonib ketish ehtimoli past bo‘ladi.
Ishlatilgan yonilg‘i omboriga zarba berilsa nima bo‘ladi?
Zaporijjya AESning o‘ziga xos xususiyati shundaki, unda ishlatilgan yonilg‘i saqlanadigan quruq ombor mavjud. Ishlatilgan yonilg‘i besh yil davomida hovuzda sovitilib, faolligi pasayganidan so‘ng, quruq omborga qo‘yiladi.
Quruq ombor – bu stansiya hududida, ochiq maydonda qator qilib joylashtirilgan katta konteynerlar. Ular o‘nlab yillar davomida shunday qolishi mumkin.
Quruq omborlar radioaktiv zararlanishning yana bir ehtimoliy manbayi hisoblanadi. Konteynerlar germetik emas, ammo ma’lum bir himoya qobig‘iga ega. Shunday bo‘lsa-da, jangovar harakatlarga dosh bermasligi mumkin.
«Ularga raketa zarbasi berilmagan, ammo sinovlar paytida granatomyotdan o‘qqa tutilgan. Ular tashish qulay bo‘lishi uchun konteyner shaklida loyihalashtirilgan. Ularni qanday himoya qilish mumkin degan savol tug‘iladi. Albatta ular granatomyotdan o‘qqa tutilib, shuningdek, olov bilan sinab ko‘rilgan. Ya’ni ular yetarli darajada mustahkam qurilmadir», deb tushuntiradi Podvig.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar quruq omborlarga raketa zarbasi berilsa, radiatsiya tarqaladi (chunki ishlatilgan yonilg‘ida uzoq muddatli nuklidlar bo‘ladi), lekin 10-30 metr masofaga.
Quruq omborda ishlatilgan yonilg‘i sovigan holda saqlanadi, shu tufayli zarba oqibatida alanga olmaydi. Agar yong‘in sodir bo‘lsa, radioaktiv moddalar havoga ko‘tarilib, atrofga tarqalishi mumkin edi.
«Albatta bunda zarar kichik hudud doirasida bo‘ladi. Bu ham yaxshi emas, ammo xavf darajasi umuman boshqacha», deydi Podvig.
Konteynerlarga zarar yetishi dargumon, ammo ular ustidan nazoratni yo‘qotish (omborlarni kuzatish va nazorat qilish tizimlari allaqachon ishdan chiqqan) taxmin qilib bo‘lmas oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantiradi Kupniy.
«Bu yomon. Radioaktiv obekt ustidan nazoratni yo‘qotib qo‘yish har doim yomon. Biz bu konteynerlar ichida nima bo‘layotganini bilmaymiz», deydi u.
Elektr uzatish liniyalari shikastlanishi qanday oqibatlarga olib keladi?
Zaporijjya AESda to‘rtta elektr uzatish liniyasi bor. Ular orqali stansiyada ishlab chiqarilgan energiya uzatiladi.
Ulardan kamida ikkitasi jangovar harakatlar tufayli ishdan chiqqan. Bahorda uchinchi liniya ham uzilgani haqida xabar berilgan edi. Hozirda ahvol qandayligi noma’lum.
Agar barcha elektr uzatish liniyalari uzilsa, Zaporijjya AES energobloklarini to‘xtatish kerak bo‘ladi. Agar stansiya o‘zini elektr energiyasi bilan ta’minlay olsa, energobloklar to‘xtatilishi hech qanday xavf tug‘dirmaydi.
Agar energobloklar to‘xtatilmasa, reaktorlar tez qizib ketishi mumkin. Bunday holda voqealar ikki yo‘nalishda rivojlanishi mumkin.
Birinchidan, atom elektr stansiyasini nazorat qilayotgan rossiyaliklar quvvatni o‘z energotizimiga uzatishni boshlashi mumkin. Ikkinchidan, yadro falokati tahdidi tezda kuchayishi mumkin.
Agar reaktor elektr energiyasidan uzilsa nima bo‘ladi?
Yangi hali sovuq energoblokni ishga tushirish uchun atom elektr stansiyalarida maxsus qozonxonalar bo‘ladi. Ish boshlashdan oldin ular uskunani isitish uchun issiqlik hosil qiladi.
Zaporijjya AESda qozonxona yo‘q va u issiqlikni Ukrainadagi eng katta Zaporijjya issiqlik elektr stansiyasidan (IES) oladi.
Agar reaktor elektr energiyasi ta’minotidan uzilsa, yadroni sovitadigan nasoslar ishlamay qoladi.
Fukusima-1 stansiyasida aynan shunday bo‘lgandi. Reaktor yadrosini sovitadigan tizimlar kuchli sunami oqibatida vayron bo‘ladi, oqibatda reaktor sovitilmay qoladi. Reaktor to‘xtatilganiga qaramay, qoldiq mahsulotlardan energiya chiqishda davom etadi va yadroning faol hududi erib ketadi. Yuqori harorat tufayli vodorod hosil bo‘la boshlaydi va u portlaydi. Oqibatda himoya qobig‘i yorilib, radioaktiv moddalar tashqariga chiqadi.
Elektr energiyasi uzilib qolgan taqdirda ham atom elektr stansiyalarida zaxira generatorlari bo‘ladi. Fukusimada bu generatorlar ham sunami tufayli ishdan chiqqandi.
Zaporijjya AESda uchta dizel stansiyasi bo‘lib, ular sanoat maydonchasida joylashgan. Bitta zaxira dizel generatori taxminan bir kun ishlashi mumkin. Tejamkorlik rejimiga o‘tilsa, uchta zaxira dizel stansiyasi ko‘pi bilan to‘rt kun ishlay oladi. Agar ular ishni to‘xtatsa va stansiya elektr energiyasini olmasa, reaktor yadrosini sovitish imkonsiz bo‘ladi.
Bunday holatda jiddiy avariya yuz berishi, xuddi Fukusimadagi singari yadro erib ketishi mumkin.
«Atom elektr stansiyasi, albatta, qandaydir tashqi ta’sirlardan himoyalangan bo‘ladi. Ammo hech kim reaktorning urush hududiga tushib qolishini taxmin qilmagan edi», deydi Pavel Podvig.
Agar yadro yoki hovuzlar jiddiy shikastlansa, bunday avariya oqibatlari 100-200 km maydonga ta’sir qilishi mumkinligini aytadi u: «Radiatsiya fonining sal ko‘tarilishi bundan uzoq masofalarda ham sezilishi mumkin. Hammasi shamol esishiga bog‘liq».
«Men juda ham vahima qilmagan bo‘lardim. Biroq, radioaktiv ifloslanish nuqtayi nazaridan juda jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini anglash lozim», deya davom etadi ekspert.
«Bunday radiatsiya darhol odamlarning o‘limiga olib keladi deb o‘ylamayman, hech kim shu zahoti o‘lmaydi. Lekin iqtisodiy zarar bo‘lishi aniq, chunki radiatsiya tarqalgan hudud yashash uchun yaroqsiz holga keladi. Oqibatlar darhol ko‘rinmaydi, lekin uzoq muddatda ular juda jiddiy zararga olib kelishi mumkin», deb ogohlantiradi u.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025