Jahon | 15:38 / 28.08.2022
31509
12 daqiqa o‘qiladi

Ukrainlar Kiyev uchun jangda qanday g‘olib chiqqandi - va ularga qanday takliflar bo‘lgandi? The Washington Post surishtiruvi

Amerikaning Washington Post nashri urushning ilk kunlari haqida yana bir katta matn e’lon qildi.

Ruslarning Moshchunda qolgan texnikasi. Foto: Global Images Ukraine

24 avgust kuni —  Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga yarim yil to‘lganida The Washington Post gazetasi Ukraina armiyasi rossiyaliklar urushning ilk haftalarida Kiyevni egallab olishiga qanday to‘sqinlik qilgani va oxir-oqibat ularni poytaxt atrofidan chekinishga majbur qilgani haqida katta matn e’lon qildi. Bu material 100 dan ortiq intervyu asosida tayyorlangan. «Meduza» uning asosiy va qiziq joylarini keltirdi.

Urushdan oldin ukrain harbiylari Kiyevda ikki qavatli mudofaa chizig‘i tashkil etgan

The Washington Post nashri yozishicha, bosqin arafasida ukrain harbiylari Kiyevni himoya qilish choralarini ko‘rgan. Ukraina quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni, poytaxt mudofaasiga rahbarlik qilgan general-polkovnik Oleksandr Sirskiy Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinini tasavvur qilamaganini tan oladi, ammo u ehtimoliy ssenariylardan biri sifatida shunga tayyorlangan.

Sirskiy shaharning ikkita mudofaa chizig‘ini tashkil etgan — Kiyevni o‘qlar yomg‘irida qoldirmaslik uchun shahar ichkarisida va uning atrofidagi hududlarda. Urush boshlanishiga bir hafta borligida ukrain harbiylarining qo‘mondonlik punktlari rossiyalik bostirib kelishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarga ko‘chirilgan, aviatsiya esa Rossiya zarbalari uchun yaqqol nishon bo‘ladigan yirik bazalardan olib ketilgan. Artilleriya ham shahar tashqarisidagi mudofaa pozitsiyasiga o‘tkazilgan, bu esa, Kiyev meri Vitaliy Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, ularni urushning ilk soatlaridagi zarbalar paytida yakson bo‘lishdan asragan.

Shu bilan birga, The Washington Post maqolasida aytilishicha,  Kiyev himoyachilari tank tuzilmalari yetishmovchiligidan aziyat chekkan. Sirskiy buni o‘quv markazlaridagi artilleriya qurollari, jumladan sovetlar davriga mansub «Pion» rusumli o‘ziyurar zambaraklar hisobiga kompensatsiya qilishga uringan.

Shu kabi choralar Chernihiv oblastida ham ko‘rilgan, bu hudud orqali Rossiya Kiyevga shimoli-sharqdan yurish qilgandi. Bu yerda 1-alohida tank brigadasi qo‘mondoni polkovnik Leonid Xoda bosqindan oldinroq bazalardagi o‘q-dorilar, yonilg‘i va qurol-aslahalarni olib ketgandi, shuningdek, harbiy xizmatchilarni hududlar bo‘ylab taqsimlab chiqqandi.

The Washington Post nashri qayd etishicha, G‘arb mamlakatlari ukrainlarning urushga tayyorgarlik ko‘rishi jarayonidan yetarli darajada xabardor qilinmagan, bu esa, jurnalistlar fikricha, Ukraina tajovuzga qarshi tura olishiga ishonchsizlik kuzatilishiga olib kelgan. Shu bilan birga, ukrain rasmiylari bunday shubhalar tufayli G‘arb mamlakatlari urush boshida zarur qurollar yetkazib berishda sustkashlik qilishiga sabab bo‘lishini tushunishgan.

Rossiya urushning ilk kunida Ukrainaga taslim bo‘lishni taklif qilgan, bunday taklif bir necha marta bo‘lgan

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak 24 fevral kuni unga Kremldan qo‘ng‘iroq qilishgani haqida so‘zlab bergan. Uning eslashicha, u ancha vaqtgacha go‘shakni ko‘tarishga o‘zini majburlay olmagan. Go‘shakni ko‘targanida esa RF prezidenti ma’muriyati rahbari Dmitriy Kozakning ovozini eshitgan — asli Ukrainadan bo‘lgan Kozak so‘nggi yillarda «DXR» va «LXR» masalasida kuratorlik qilib kelayotgandi (bosqin boshlanganidan ko‘p vaqt o‘tmay esa Putinning g‘azabiga yo‘liqib, chetlashtirilgan).

«Kozak ukrainlar uchun taslim bo‘lish vaqti kelganini aytadi. Yermak so‘kinadi va go‘shakni qo‘yib qo‘yadi», — deya yozadi The Washington Post.

Taslim bo‘lish haqidagi taklif bilan bog‘liq yana bir epizodni Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov yodga oladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 22 fevral kuni belaruslik hamkasbi Viktor Xrenin unga ofitserlik so‘zini berib, Belarusda turgan rossiyalik harbiylar Ukrainaga hujum qilmasligiga ishontiradi — keyinroq esa bu yolg‘on bo‘lib chiqdi. Ikki kun o‘tib ular yana qo‘ng‘iroqlashadi va Xrenin (Reznikovning xotirlashicha, uning ovozidan juda asabiy va noqulay holatdaligini anglash mumkin edi) unga Sergey Shoyguning so‘zlarini yetkazadi: agar Ukraina taslim bo‘lsa, bosqin to‘xtatiladi. Ukraina mudofaa vaziri o‘shanda bunga javoban ukrainlar Rossiyaning kapitulyatsiyasini qabul qilishga tayyorligini aytgan.

24 fevral kuni maslahatchilar Zelenskiyni evakuatsiya bo‘lishga undagan. U esa bu mavzuni ko‘tarishni taqiqlagan

The Washington Post nashri yozishicha, bosqinning ilk kunida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning atrofidagilarning ko‘pchiligi uni Kiyevni tark etishga ko‘ndirishga uringan. Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Aleksey Danilov, o‘zining xotirlashicha, prezidentga ketish bo‘yicha maslahat solmagan, ammo unga Rossiya uni o‘ldirish yoki qo‘lga olishni rejalashtirayotgani haqida ishonchli ma’lumotlar borligini yetkazgan. Prezident ofisi rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovichga ko‘ra, rossiyaliklar prezident bunkeriga zaharli gaz yuborishi ehtimoli ham muhokama qilingan.

Arestovichning o‘zi eslashicha, kun davomida Kiyevni saqlab qolib bo‘lmasligi haqida xulosaga kelgan va bu haqda Zelenskiyga aytgan. Bunga javoban prezident bu haqda ortiq eshitishni istamasligini bildirgan. U shuningdek atrofidagilardan doimiy ravishda uning hayotiga tahdidlar haqida eslatishni bas qilishni talab qilgan. «Men jonli odamman. Boshqa har qanday odam kabi men ham o‘lishni istamayman. Ammo men aniq bilamanki, agar bu haqda o‘ylasam, men allaqachon o‘lgan bo‘laman», — deya prezidentning o‘sha vaqtdagi so‘zlarini keltiradi Arestovich.

Kiyev ostonasidagi eng muhim janglardan biri Moshchun qishlog‘ida kechadi

The Washington Post maqolasida Kiyev ostonasidagi muhim janglarga alohida e’tibor qaratilgan — jumladan, urushning ilk kunida rossiyalik desantchilar tashlangan Gostomeldagi aerodromga ham. Yana bir strategik punkt esa Kiyevdan bir necha kilometr masofadan o‘tgan Irpin daryosi sohilida joylashgan Moshchun qishlog‘i edi. Gazetaning yozishicha, Moshchun egallanishi Rossiya uchun Ukraina poytaxtiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l ochgan bo‘lardi.

Moshchun uchun shiddatli janglar 27 fevral kuni boshlanadi. Ukraina qurolli kuchlarining 72-alohida mexanizatsiyalashgan brigadasi kapitani Roman Kovalenkoning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni uning bo‘linmasi qishloqqa kirganida u yerda uylar yona boshlagandi. Keyingi kun davomida Rossiya harbiylar va texnikalarini Irpin daryosi orqali o‘tkazishga harakat qiladi va 6 mart kuni, maqolada yozilishicha, ular harbiylarning anchagina qismini daryoning Kiyev tomondagi sohiliga o‘tkazishga muvaffaq bo‘ladi. Roman Kovalenko bo‘linmasi qarshi hujumga o‘tadi va rossiyaliklar bilan yaqindan turib jangga kirishadi, ammo o‘q-dori yetishmovchiligi tufayli qishloq markaziga chekinadi. Bu yerda ular qo‘shimcha kuchlar bilan birlashadi, yordamga kelgan kuchlar orasida maxsus topshiriqli bo‘linmalar va xorijlik ko‘ngillilar ham bor edi. Kovalenkoning eslashicha, ularning pozitsiyasi rossiyaliklarning «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari, artilleriya qurollari, minomyotlar, aviatsiya va uchuvchisiz uchish qurilmalaridan to‘xtovsiz o‘qqa tutiladi va bu bir necha kun davom etadi.

The Washington Post nashrining yozishicha, 11 mart kuniga kelib Kiyevga Irpen shahri orqali kira olmagan Rossiya armiyasi o‘zining bor kuchlarini Moshchunni egallashga yo‘naltiradi va «har tomondan hujumga o‘tib», «ixtiyoridagi bor vositalar» bilan qishloq himoyachilari ustiga yopiriladi. O‘sha kuni Kovalenko o‘zini xuddi «boshiga sakkiz marta katta bolg‘a bilan urilgandek» his etadi; uning ko‘plab safdoshlari har tomonga sochilayotgan parchalar tufayli miya chayqalishiga uchraydi. Oxir-oqibat Kovalenkoning bo‘linmasi rotatsiya doirasida qishloqdan olib chiqiladi; uning o‘zi boshidagi jarohat bilan shifoxonaga yotqiziladi. O‘zining xotirlashicha, shifoxonaga ketishda u Kiyevdan sharqda jang qilayotgan egizagiga qo‘ng‘iroq qilib, ko‘zda yosh bilan qishloqni saqlab qolganliklari haqida aytadi. U keyinroq quroldoshlarining okoplardagi jasadlarini olish uchun Moshchunga qaytib keladi, bu vaqtda ham qishloq o‘qqa tutilishi davom etayotgandi.

Moshchun uchun jang bu bilan yakunlanib qolmaydi, mart oyining uchinchi haftasida rossiyaliklar bu yerga desant tushirishadi, ammo bu kuchlar qishloqda o‘rnashib qola olishmaydi. Ukrain harbiylari hikoya qilib berishicha, qishloqni saqlab qolishda Irpin daryosidagi shlyuzlardan (to‘g‘onlardagi suv darvozasi) biri portlatilgani va undagi daryo suvi sathi yanada ko‘tarilgani ham muhim ahamiyat kasb etgan (daryo bo‘ylari hududlar urushning ilk kunlaridayoq to‘g‘on portlatilishi tufayli suv ostida qolgandi). «Rossiyaliklar suvga bostirildi va keyinroq biz rossiyalik harbiy dengiz piyodalari zirhli himoya vositalarini tashlab, jon saqlab qolish uchun suzib ketishga majbur bo‘lgan joyni aniqladik», — deya hikoya qiladi general Sirskiy.

Rossiya harbiylari sovet armiyasi an’analari bo‘yicha harakatlangan

The Washington Post polkovnik Leonid Xoda boshqaruvidagi 1-alohida tank brigadasi harakatlangan Kiyevdan shimoli-sharqda va Chernihiv oblastida ukrain harbiylari qo‘llagan taktikani ham tasvirlab beradi. Materialda keltirilishicha, ushbu brigada harbiy xizmatchilari va hududiy mudofaa qismlari jangchilari bir necha hafta davomida poytaxtni o‘rab olmoqchi bo‘lgan, har tomonlama o‘zlaridan bir necha barobar ustun bo‘lgan kuchlarga munosib qarshilik ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgan.

Gazetaning yozishicha, ukrainlar Rossiya texnikalari kolonnalari yo‘liga pistirmalar qo‘ygan va ularni o‘tish noqulay bo‘lgan, qish kunlari tugab, erish davrida botqoqqa aylangan hududlardan harakatlanishga majbur qilgan.

Asfaltlangan trassalar bo‘ylab harakatlanganlar esa minalar yoki ko‘priklar va chorrahalar to‘sib qo‘yilgani tufayli oldinga harakatlana olmadi. «Biz ularni muayyan yo‘llar bo‘ylab yurishga majbur qildik, keyin bu yo‘llarda ularni portlatib yuborishimiz yoki asosiy kuchlaridan uzib qo‘yishimiz mumkin edi», — degan «Sever» operativ guruhi qo‘mondoni general-mayor Viktor Nikolyuk.

Nikolyukning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar sovet armiyasi an’analari bo‘yicha harakatlanib, kichik zobitlarga mustaqil harakatlanishga imkon bermagan va son ustunligi evaziga raqibni yengishga harakat qilgan. «Biz ikki yoki uch kishini o‘ldiramiz, darhol ularning o‘rnini yangilari egallardi. <…> Bu harbiy xizmatchilar hayoti komandirlar uchun sariq chaqalik qadrga ega bo‘lmagan 1941 yildagi kabi edi», — deya hikoya qiladi Nikolyuk.

General rossiyalik komandirlarning fikrlash tarzini ham ta’riflab o‘tadi: «Muammo shundaki, ular o‘zlariga haddan ortiq ishonadilar. Ular Ukraina kichik davlat deb o‘ylashadi. „Biz ularni shunchaki ezib tashlaymiz, shunchaki tank bilan bosib tashlaymiz, tamom, vassalom“».

Mavzuga oid