O‘zbekiston | 19:03 / 29.08.2022
26040
5 daqiqa o‘qiladi

Prokuratura fuqarodan 300 mln qarz. Uni qaytarish bo‘yicha hukm ijrosi paysalga solinmoqda

Sud hukmi bilan, Toshkent viloyati prokuraturasi fuqaroga 305 mln so‘mni qaytarishi kerak. Ammo “deloning sinishi” prokurorlarga hech tinchlik bermayapti. Alamzadalikdanmi balki, sudning qonuniy kuchga kirgan hukmini pisand etmay, qonunchilikka zid ravishda ish tutmoqdalar.

Foto: Kun.uz

Toshkent viloyati prokuraturasi sud hukmi bo‘lsa ham garov sifatida prokuratura depozit hisob raqamiga qo‘yilgan pulni qaytarmayapti. Mablag‘ni qaytarish bo‘yicha qilingan murojaatlar esa naf bermayapti.

Fuqaro Dilrabo Abdullayeva (ism-sharif o‘zgartirilgan)ga nisbatan jinoiy ish ochilgan va u jinoyat ishlari bo‘yicha Nurafshon shahar sudining 2021 yil 9 sentabrdagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 1-qismi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismi bilan aybdor deb topilgan. Mazkur hukmga asosan sudlanuvchi tomonidan dastlabki tergov davomida Toshkent viloyat prokuraturasi depozit hisob raqamiga topshirilgan 300 mln so‘m mablag‘ unga qaytarilishi belgilangan.

Toshkent viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2022 yil 25 may kungi ajrimiga asosan, jinoyat ishlari bo‘yicha Nurafshon shahar sudi hukmining Dilrabo Abdullayevaga oid qismi Jinoyat protsessual-kodeksining 84-moddasi 2-qismiga asosan tugatilgan. Sudlanuvchi tomonidan garov sifatida Toshkent viloyat prokuraturasi depozit hisob raqamiga topshirilgan 5 mln so‘m pul mablag‘i uning o‘ziga qaytarilishi belgilangan.

Hukm va ajrim ijrosini ta’minlash maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha Nurafshon shahar sudi tomonidan 2022 yil 2 iyun kuni ijro varaqasi chiqarilib, MIB O‘rtachirchiq tuman bo‘limiga yuborilgan. O‘z navbatida MIB O‘rtachirchiq tuman bo‘limi 305 mln so‘m mablag‘ni o‘tkazib berish haqida Toshkent viloyati prokuraturasiga aloqa xatlari yuborgan.

Lekin 2 oy muddat o‘tganiga qaramay, negadir Toshkent viloyat prokuraturasi shu kunga qadar sud hukmi ijrosini ta’minlamagan, pul mablag‘larini qaytarmagan.

Bu orqali “qonun posbonlari” qonunchilikka zid harakat qilib, ochiqchasiga fuqaroning huquqlarini poymol qilmoqda. Mablag‘ni qaytarish bo‘yicha qilingan murojaatlar esa naf bermayapti.

Xususan, advokat tomonidan Toshkent viloyati prokuroriga holat yuzasidan shikoyat kiritilgan.

Prokuratura advokatning murojaatiga javoban viloyat prokurori tomonidan sudning 2022 yil 5 maydagi ajrimini bekor qilib, jinoyat ishini yangitdan appelyatsiya instansiyasiga yuborish haqida Oliy sudga kassatsiya protesti kiritilganini, protest mazmunan ko‘rib chiqilganidan so‘ng depozit hisob raqamda saqlanayotgan pul mablag‘ini qaytarish masalasi hal qilinishini bildirgan.

Prokuraturaning mazkur harakati, ya’ni sud hukmini bajarmasdan, “protest ko‘rib chiqilsin, keyin gaplashamiz” deyishi qonunchilikka zid.

Jinoyat-protsessual kodeksining 49731-moddasiga ko‘ra, apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimi sud majlisi zalida o‘qib eshittiriladi va darhol qonuniy kuchga kiradi. Apellyatsiya instansiyasi sudining hukmi, ajrimi uni chiqargan sudga yoki boshqa sudga chiqarilgan kundan e’tiboran besh sutkadan kechiktirmay jinoyat ishi bilan birga ijro etish uchun yuboriladi.

Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 528-moddasiga ko‘ra, apellyatsiya instansiyasi sudining hukmi e’lon qilingan paytdan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi. Qolaversa, mazkur kodeksning 249-moddasida ish bo‘yicha ish yuritish tugatilgan yoxud sud hukmi kuchga kirgan taqdirda garov garovga qo‘yuvchiga qaytarilishi yozib qo‘yilgan.

Bundan ko‘rinadiki, viloyat prokurori protest orqali qonuniy kuchga kirgan sud hukmi ijrosini to‘xtatib qo‘yish vakolatiga ega emas. Va ayni vaqtda Oliy sudning hukm ijrosini to‘xtatib turish haqida ajrimi ham yo‘q.

Toshkent viloyat prokuraturasi Kun.uz so‘roviga javoban ish bo‘yicha Oliy sudga kassatsiya shikoyati kiritilgani, pulni qaytarish shu instansiyaning ajrimiga muvofiq hal bo‘lishini bildirdi.

Kassatsiya shikoyati kiritilgani hukm ijrosini to‘xtatmasligi kerakligi, bu borada viloyat prokuraturasi qanday izoh berishi haqidagi so‘rov javobsiz qoldirildi.

Darvoqe, 5 mln so‘m garov puliga oid holatda taraflarning vajlari bir biriga qarama-qarshi kelmoqda: prokuratura qaytarganmiz deyapti, fuqaro esa uni olmaganini aytmoqda.

Prokuraturaning qonunchilikni bu tarzda oshkora buzishiga nima sabab bo‘layotgani qiziq: sudda deyarli yengilishidan kelib chiqqan alamzadalikmi yoki “bizga hamma narsa mumkin” degan tayziqona fikrni singdirishmi?

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Mavzuga oid