O‘zbekiston | 18:04 / 29.08.2022
34937
8 daqiqa o‘qiladi

“Tizim o‘zgarishi uchun yana qancha odam so‘yilishi kerak?!” - faollar Quyi Chirchiqdagi qotillik haqida

Ayollarga nisbatan navbatdagi vahshiyona zo‘ravonlik jamoatchilikni larzaga keltirdi. Faollar fojiaga yechilmay yotgan tizimli muammolar sabab bo‘lganini yozmoqda.

Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida erkak ayolini ayovsiz do‘pposlab, ko‘p o‘tmay uni pichoqlab o‘ldirdi. Ayol kaltaklanganidan keyin IIBga murojaat qilganiga qaramay, profilaktika inspektori jinoyat ketidan ro‘y bergan ikkinchi jinoyatning oldini ololmagan.

Kun.uz voqea bo‘yicha Maktabgacha ta’lim vazirligi (kaltaklash voqeasi bog‘chada ro‘y bergan), Bosh prokuratura, Ichki ishlar bosh boshqarmasi bergan munosabatlarni hamda hodisa ro‘y bergan mahalladan o‘z reportajini e’lon qildi.

24 yoshli marhumaning otasi Kun.uz'ga bergan intervyusida qizining o‘limiga profilaktika inspektori ham sababchi ekanini aytdi. Unga ko‘ra, uchastkavoy ayolni kaltaklagan erkakka zudlik bilan chora ko‘rmay, o‘z shaxsiy ishi bilan ketib qolgan.

Voqea jamoatchilik faollarini larzaga keltirdi.

“Ayrimlar ayolni allaqachon zinoda gumonlab bo‘ldi – gunohmasmi?”

Adliya vazirining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova ayrimlar marhumani tanimay-bilmay zino qilganlikda ayblashga ulgurgani, biroq uni yaqindan bilganlar ayolning oriyatli, iffatli bo‘lganini aytishganiga e’tibor qaratdi.

“Quyi Chirchiqda o‘z eri tomonidan ikki bolasining ko‘z o‘ngida pichoqlab o‘ldirilgan ayol eri tomonidan muttasil kaltaklab kelingan, 3 oydan beri otasinikida yashayotgan bo‘lgan, kelin bo‘lib tushgan mahallasidagilar ham, ishxonasi ham uni oriyatli, iffatli ayol deb ta’riflashyapti, erida maniakal rashk kasalligi bo‘lgan. Kun.uz surishtiruvini batafsil ko‘ring.

Alamlisi, uchastka inspektorining vaqtida chora ko‘rmagani. U jinoyatning oldini olishi mumkin edi balki. Lekin jabrlanuvchidan ariza olgach, allaqanday shaxsiy ishimi, dala ishimi, “razvod”mi, xullas, boshqa tomonga ketgan.

[...] Ayrimlar allaqachon ayolni zinoda gumonlab bo‘ldi – gunohmasmi? Bechora ayol ham azobda yashadi, ham qiynalib o‘ldi, o‘lib ham shuncha gap-so‘zga qoldi. Miyalaringizda nimanidir tuzatib olishingiz kerakligini haliyam tushunmadinglarmi, ayrimlar?!”

“Qotillik – islomda kufrdan keyingi og‘ir gunoh”

Diniy ulamo Mubashshir Ahmad ham ro‘y bergan voqeani qoraladi va o‘zganing joniga qasd qilish islom dinida ulkan gunoh hisoblanishini eslatdi.

“Ayolini rashkdan o‘ldirgan kishiga munosabatimiz va fikrimiz yo‘q. Chunki bu to‘g‘rida dinimiz ta’limoti bor. Dinning qat’iy hukmi bor joyda biz fikr bermaymiz.

Islomning bu to‘g‘ridagi hukmlari quyidagicha:

1. Xoh erkak, xoh ayol bo‘lsin, boshqa jonni o‘ldirishi qat’iy harom va gunohi kabira. Qotillik kufrdan keyingi gunoh sanaladi.

2. Gumon bilan ish qilish harom. Agar xiyonat aniq bo‘lsa, ikki masala bor: a) xiyonat, ya’ni zinoni ko‘rganiga to‘rt guvoh bo‘lishi kerak. b) xiyonatga erdan boshqa guvoh bo‘lmasa, lion masalasi joriy bo‘ladi. (To‘rt guvohlik shartlari va lion masalalarini fiqhiy kitoblardan ko‘rib oling).

3. Aytgan ikki masalamizda ham hukm va ijro mahkamada bo‘ladi. "Samosud" qat’iyyan taqiqlanadi. "Samosud" qilgan qotil sifatida jazolanadi.

4. Shunday xiyonatlar oldini olishga harakat qilinadi. Go‘zal axloqiy normalar targ‘ib qilinadi, islomiy axloqqa zid ishlar taqiqlanadi va avratni satr qilish, jinslarning aralashuv-munosabatlarini taqiqlash kabi hukmlar joriy etiladi”.

“Ijtimoiy aql markazlariga ehtiyoj bor”

Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi, huquq faoli Abdurahmon Tashanov muammoning ildizi chuqur ekanini aytmoqda.

“Oliy sud ma’lumotlariga ko‘ra, qotillik va badanga og‘ir tan jarohatlari yetkazish jinoyatlari keyingi ikki yilda keskin oshdi. Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘lim sabablarining aksar qismi yurak, qon-tomir kasalliklariga to‘g‘ri kelmoqda. Bu xastaliklarning asosiy sababi asab tizimi bilan bog‘liqligini e’tiborga olsak, Oliy sud va statistikachilarimiz fikridagi uyg‘unlikni ko‘rish mumkin.

Demak, jamiyatda ijtimoiy taranglashuv jarayoni kechyapti. Yuqoridagi kelinchak hodisasi ana shu ijtimoiy taranglashuvning bir ko‘rinishi xolos.

Bu o‘rinda davlatchilikda ijtimoiy munosabatlar muvozanatiga tashxis qo‘ya oladigan ijtimoiy aql markazlari, institutlarga ehtiyoj bor.

[...] Masala yechimi faqat din, ma’naviyat yoki ilmsizlikda emas. Soha mutlaqo umumdavlat miqyosidagi tadqiqotga muhtoj. Bu vazifani kechiktirish o‘nglab bo‘lmas oqibatlarga olib keladi”.

“Blogerlarni tiqish kerak bo‘lsa, sudlar tundayam, yakshanba kuniyam ishlaydi-ku?”

Jizzaxlik pedagog, ijtimoiy tarmoq faoli Go‘zal Nazarqosimova blogerlarni jazolashga kelganda kechasi-yu kunduzi shay turadigan huquq-tartibot organlari xodimlari bir ayolning o‘limiga yo‘l qo‘yib berishganini ta’kidlaydi.

“Bitta AYoL, ONA bitta alkash tomonidan o‘ldirildi. Uning bemalol ichishiga jim qo‘yib berganlar nega jim, oila va xotin-qizlar degan qo‘mitaga ajratilayotgan milliardlar demak o‘zini oqlamayapti.

Melisa o‘lib qolganmidi? Er xotinini bog‘chada urib tashlaganda, nega darrov erni 15 sutkaga tiqmadi? Yakshanba tundayam sudlar ishlaydi-ku, bizda blogerlarini tiqish kerak bo‘lib qolsa...”

“Yana kim so‘yilishi kerak, ayting, joyingizdan qimirlashingiz uchun?”

Iqtisod fanlari doktori, professor Barnogul Sanaqulova xotin-qizlar, oila masalalari bo‘yicha mas’ul shaxslarning Quyi Chirchiqda ro‘y bergan voqeaga reaksiya bildirmay, mum tishlab o‘tirganini tanqid qilgan.

“Biz shunaqa omi, kar, ko‘r, shol millatmiz! Bitta ayolni bemalol bolajonlar ko‘zi oldida urishi, kamiga keyin yashayotgan uyiga bemalol kirib pichoqlasa ham jim kuzatib o‘tiradigan jamiyatmiz! To‘g‘ri-da, asosiysi o‘zimizning tinchimiz, bizga teginishmasa bo‘ldi, bizni bezovta qilishmasa bo‘ldi, bizni pichoqlamasa bo‘ldi!

Qotil potensial kallakesarligini bog‘chada borib isbotladi, yo‘q, bizga bu yetarli emas, o‘ldirmaguncha, so‘yib tashlamaguncha hisob emas!”

Sanaqulova xotin-qizlar huquqini himoya qilishga mas’ul barcha tuzilmalar, Mahalla vazirligi, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, ijtimoiy soha institutlari va markazlarni tanqid qilgan.

“Kimni qurbon qilsak, o‘rningizdan turib, bir tiyinga qimmat majlislaringizdan bo‘shab, brilliant, zeb-u zar, brend kiyimlar muhokamasidan bo‘shab, prezident qo‘ygan vazifalarni, xalq kutayotgan islohotlarni amalga oshirishga o‘tasiz?! Yana kim so‘yilishi kerak ayting, joyingizdan qimirlashingiz uchun?!

Bitta ayolning hayotini saqlab qola olmasangiz, bitta qizning huquqini ta’minlay olishga kuchingiz yetmasa, bitta ayolning ko‘zyoshi to‘kilmasligini hal qila olmasangiz, sizlarning bizga nima keragi bor?! Budjetga yuk qilib, xalq sizlarni boqishidan nima naf? Buncha ko‘psizlar... Ishlashlaringiz uchun yana nima qilaylik, aytingiz?”

Mavzuga oid