O‘zbekiston | 20:03 / 30.08.2022
27500
11 daqiqa o‘qiladi

“Ehtiyot bo‘lish kerak” - Jahon banki iqtisodchisi O‘zbekistondagi xususiylashtirish risklaridan ogohlantirdi

Yerlarni va davlat korxonalarini xususiylashtirishda qonunlarga amal qilinmasa va hisobdorlik bo‘lmasa, bu katta xatarlarni keltirib chiqaradi, dedi Uilyam Zeyts Kun.uz'ga bergan intervyusida. Jahon banki kelgusi 2-3 yil ichida O‘zbekistonda davlat hokimiyati oligarxlarning kuchli ta’siri ostiga tushib qolishini prognoz qilyapti.

Jahon banki O‘zbekiston haqida e’lon qilgan eng oxirgi hisobotida mamlakatda oligarxiya vujudga kelishi ehtimoli yuqori ekanidan ogohlantirgan. Xo‘sh, bu nimani anglatadi? Umuman, O‘zbekistonda daromadlar tengsizligi qay darajada?

Kun.uz shu kabi savollar bilan Jahon banki katta iqtisodchisi Uilyam Zeytsga murojaat qildi.

— Jahon banki O‘zbekistondagi tengsizlik bo‘yicha oxirgi marta 2003 yilda hisobot e’lon qilgan. O‘tgan davrda eng yuqori daromadlilar va eng past daromadlilar holati qanchalik o‘zgardi?

— Mamlakatning tizimli diagnostikasi nomli hisobotimiz yaqinda nashr etildi. Biz bu masala borasida tahlil o‘tkazdik. Uzoq muddat bo‘yicha solishtirma tahlil o‘tkazishning o‘ziga yarasha murakkabliklari bor. Chunki oradan juda uzoq vaqt o‘tgan. Tadqiqotimizda 2015 yildan hozirgacha bo‘lgan davrni qamrab olishga harakat qilganmiz. Shu davrdagi quyi va yuqori qatlamdagi daromadlarning o‘zgarishiga e’tibor qaratdik.

Xulosa shundan iboratki, 2017 yildan keyin inflatsiya bo‘yicha tuzatishlar kiritilganda bu juda ko‘p odamlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. 2017 yilgacha esa hatto iqtisodiyot o‘ssa ham daromadlar o‘sishi kuzatilmagandi. Ya’ni iqtisodiyotning o‘sishi taqsimoti ko‘pgina odamlar manfaatiga teng bo‘lmadi. Bu eng katta muammo edi. O‘z navbatida, bu kambag‘allikning o‘sib borishiga ham hissa qo‘shardi.

Biz tahlil qilgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yildan boshlab aholining daromadlari o‘sib bordi va umumiy aholi daromadlari viloyatlarda ham turli yo‘llar, shu o‘rinda pul o‘tkazmalari sabab ham o‘sdi. Hatto inflatsiya o‘ssa ham, daromadlar ortda qolmadi. Umumiy aholining daromadlari o‘sishi ijobiy baholandi.

Shu bilan muammo ham bor edi, ya’ni eng yuqori 10 foiz aholi daromadlari quyidagi 10 foizga nisbatan tezroq o‘sib bordi. Shuning uchun biz qaysi yo‘nalishda rivojlanib borishini tushunish uchun ushbu jarayonni juda yaqindan kuzatishimiz lozim. Ya’ni muayyan muddat va hech bo‘lmaganda 2019 yildagi ma’lumotlarga qarasak, daromadlar o‘sib bordi va aytilganidek, yuqori daromadlilarning daromadlari past daromadlilarga nisbatan tezroq o‘sdi.

— O‘zbekistonda daromadlar tengsizligiga ta’sir etuvchi omillar va tashqi ta’sirlarni aytib bera olasizmi?

— Bir nechta tashqi zarbalar bor. Global darajada inflatsiyaning o‘sishi barcha Markaziy Osiyodagi davlatlar uchun umumiy omildir, xususan O‘zbekiston uchun ham. Oziq-ovqat narxlari juda tez sur’atlarda o‘smoqda va ularning narxlari odamlar xarid qiluvchi boshqa narsalarga qaraganda tezroq oshyapti. Bu xususan past daromadli odamlar uchun ko‘proq qiyinchilik tug‘diradi, chunki ular o‘z mablag‘larining aksar qismini oziq-ovqatga sarflaydi.

Covid-19 pandemiyasi ham dunyo uchun yirik zarbalardan biri bo‘ldi, biz bunday holatni bir necha avlod davomida hali kuzatmaganmiz. Bu nomutanosib ravishda ijtimoiy himoya tizimidan foydalanishga kamroq imkon bo‘lgan yoki kamroq ta’minlangan, mablag‘lari yetarli bo‘lmaganlarga og‘irroq holatni keltirib chiqardi. Ular xavfsizlik nuqtayi nazaridan muayyan muddat ishlay olmadilar, kasal bo‘ldilar yoki boshqa katta xatarlar ostida qolganliklari uchun bu tengsizlikning o‘sishiga olib keldi. O‘zbekiston bo‘ylab ma’lumotlarga ega emasmiz, lekin dunyo bo‘ylab bu kuzatildi. O‘ylaymizki, O‘zbekistonda ham shunga o‘xshash holat yuz bergan.

O‘zbekistonda tengsizlik masalasida juda muhim jihatlar mavjud, ulardan biri – oylik maoshlar.

Tengsizlikni qisqartirishga muvaffaq bo‘lgan mamlakatlar ko‘pincha bunga maoshlarni oshirish bilan erishishgan. Ya’ni bu odamlar oladigan daromadning eng keng tarqalgan turidir. Mehnat uchun haqlar o‘sganda, bu tengsizlikni ham qisqartiradi.

Yana bir O‘zbekistonga xos jihat bor: mobillik. Tengsizlikni qisqartirgan mamlakatlar daromadlar konvergensiyasiga tezroq erishgan. Kambag‘al qatlamlarning daromadlari boylarga nisbatan tezroq o‘sib borgan va shu orqali ularga yetib olishgan. Biz buni ko‘proq mobillik bor joylarda kuzatishimiz mumkin, ya’ni odamlar o‘z ish joylarini tez o‘gartirishadi, shu bilan yashash joyini ham o‘zgartirishadi. Kamroq oylik va kam ishchi o‘rni bo‘lgan joylardan, ko‘proq ish joyi va yuqoriroq maosh bor joylarga ko‘chib borishadi.

O‘zbekiston sharoitini qaraydigan bo‘lsak, Toshkentdagi o‘rtacha oylik boshqa hududlarga qaraganda 2,7 barobar ko‘proq. Ko‘p odamlar Toshkentga yoki boshqa ko‘p oylik taklif qiluvchi joylarga ko‘chib borishadi. Bu mamlakatda tengsizlikni qisqartirish uchun qo‘llaniladigan eng samarali usullardan biri. Lekin O‘zbekistonda uzoq muddat davomida aholi mobilligi darajasi past edi. Ya’ni hozirda O‘zbekistonda mobillikni oshirish tengsizlikni qisqartirishga hissa qo‘shishi mumkin.

Ish o‘rinlari va yoshlar uchun yaxshi ta’lim tizimini yaratish tengsizlikni qisqartirishga yordam beradi. Ayollar uchun ish joylari borligi ham muhim. O‘zbekistonda shunday holat yuzaga kelganki, mehnat bozorida ayollarning ishtiroki nisbatan past. Ayollar uchun mehnat borasida o‘ziga yarasha diskriminatsiya bor.

— Jahon bankining so‘nggi hisobotida O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishning kambag‘allikni qisqartirishga ta’siri pasayib borayotgani aytiladi. Bunga sabab nima deb o‘ylaysiz?

— Juda yaxshi savol bo‘ldi, katta rahmat. Bu O‘zbekiston duch kelayotgan muammolardan biri. Hukumat bu borada jiddiy yondashuvga egaligini kuzatishingiz mumkin. Buning sababi hozirgi kundagi o‘sishning asosiy manbalari bir yo‘nalishda konsentratsiya bo‘lib qolganidadir. Ya’ni O‘zbekiston so‘nggi 10-20 yil davomida erishgan o‘sishining asosiy omillari tabiiy resurslar bilan bog‘liq. Tabiiy resurslarga bog‘liq bo‘lgan o‘sishda asosiy jihati u aholi orasida teng taqsimlanishi yoki taqsimlanmasligi mumkin.

O‘zbekiston holatiga qaraydigan bo‘lsak, odamlar ishlaydigan asosiy sohalar – xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligidir. Iqtisodiyot pastroq sur’atda o‘sayotgan hollarga qarasak, ular tabiiy resurslarga bog‘liq. Bu nima degani? O‘zbekiston o‘sish borasida yaxshi ko‘rsatkichlarga ega. Ko‘p mamlakatlar O‘zbekiston darajasidagi o‘sishga erishishni xohlagan bo‘lardi, ammo bu o‘sishning asosiy manbalari bir sohada to‘planib qolgan.

Kelajakka qaraydigan bo‘lsak, qanday qilib inklyuziv o‘sishni ta’minlash mumkin? Biz bu masalani shunday o‘rgandikki, uning doirasida kambag‘allikni qisqartirishda iqtisodiyotning sohalariga e’tibor qaratish kerak. Ya’ni bu qishloq xo‘jaligi – unda ko‘proq qo‘shimcha qiymat bo‘lishi mumkin, ko‘proq samarador bo‘lishi va shu orqali mehnat uchun to‘lov ko‘proq bo‘lishi lozim. Shu tariqa odamlarni kambag‘allikdan chiqarish mumkin.

Xizmatlar sohasini oladigan bo‘lsak, bu sohada raqobat ta’minlanishi kerak. Ya’ni bu bilan ularning rivojlanishi uchun zarur muhit yaratilgan bo‘ladi. Hukumatning asosiy e’tibori eng ko‘p salohiyatga ega sohalar va kamroq imkoniyatga ega odamlarga qaratilishi lozim.

— Oxirgi hisobotingizda O‘zbekistonda qarorlar qabul qilish shaxsiy manfaat egalari qo‘lida to‘planishi, 2025 yilga borib O‘zbekistonda oligarxlar paydo bo‘lishi xavfi eng yuqori cho‘qqisiga chiqishi mumkinligi yozilgan. Bu butun mamlakat bo‘ylab daromadlar tengsizligi kuchayishi mumkin deganimi?

— O‘zbekiston xususiylashtirish kabi keng islohotlarni amalga oshirgan davlatlar tajribasidan, oldin sodir bo‘lgan xatolardan saboq olish imkoniyatiga ega. Ular ko‘proq bozorga asoslangan iqtisodiyotga o‘tishgan. Istiqbollar katta, shu narsa aniqki, agar xususiylashtirish islohotlari to‘g‘ri amalga oshirilsa, mamlakatda daromadlarning o‘sishiga hissa qo‘shadi. Agar to‘g‘ri amalga oshirilmasa, tengsizlikning o‘sishi kabi salbiy oqibatlarga olib keladi.

Yerlarni, davlat korxonalarini xususiylashtirish kuchli qonuniy asosda amalga oshirilmasa va hisobdorlik ta’minlanmasa, bu holatda juda ko‘p xatarlar bor. Bu xatarlarga tadqiqotimizda ishora qilganmiz. Xatarlarning eng yuqori nuqtalari keyingi 2-3 yil ichida sodir bo‘ladi.

Bu jarayonda katta imkoniyatlar ham bor. Bu yerda asosiy urg‘u shundaki, O‘zbekiston bu islohotlarni amalga oshirishi kerak emas demoqchi emasmiz, bu qadamlarni bosishda ehtiyot bo‘lish kerakligini aytmoqchimiz. Agar muayyan choralar yaxshi amalga oshirilsa, bundan O‘zbekiston aholisi ham katta foyda ko‘radi.

— Jahon banki oligarxiya xavfini prognoz qilganda qandaydir aniq keyslarni tahlil qildimi? Shu keyslardan misol keltira olasizmi?

— Mustaqillikdan so‘ng O‘zbekistonda o‘tkazilgan xususiylashtirish jarayoni ancha tor bo‘lgan. Ya’ni davlatga tegishli mulklarni xususiylashtirish sur’ati juda past bo‘lgan va ularga davlat tomonidan egalik qilingan. Lekin sobiq sovet ittifoqining boshqa davlatlarida aksariyat mulklar xususiylashtirilgan. Ular buning uchun turli strategiyalarni qo‘llashgan, ba’zi mamlakatlarda bu boshqalariga qaraganda muvaffaqiyatliroq bo‘lgan.

O‘zbekiston shunday holatdaki, u xatarlar nimadan iborat ekanini yangidan o‘ylashiga hojat yo‘q, chunki O‘zbekiston tarixga nazarga solib bunday jarayonlarda qaysi ishlar muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsiz bo‘lganini o‘rganib chiqishi mumkin.

Bizning tadqiqotimizda taqdim qilingan tahlil shunga ishora qiladiki, o‘xshash tarixga ega mamlakatlardan olingan saboqlar inobatga olinishi kerak. Bu o‘tish davridan o‘tib, o‘zgarishlarni amalga oshirgan mamlakatlar va boshqa muayyan qiyinchiliklarga duch kelganlarning misollarini ko‘rib chiqishni anglatadi.

Tadqiqotimiz – tarixiy saboqlarga ishora. Xususiylashtirish jarayonlari muhim va xatarli ekanini inobatga olsak, saboqlardan dars olish katta ahamiyatga ega.

  • To‘liq intervyuni video orqali tomosha qiling.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Operator va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid