O‘zbekiston | 17:00 / 30.08.2022
14409
4 daqiqa o‘qiladi

“Maoshi yaxshi, munosib ish o‘rinlari yaratilyapti” - Shuhratbek Abdurahmonov Andijondagi yangi obektlarni ochib berdi

Andijon viloyatida Mustaqillik bayrami oldidan sanoat va ijtimoiy soha obektlarini ishga tushirish an’anaga aylangan. Shu kunlarda hududda 30 ga yaqin ana shunday obektlar ishga tushirilib, ularda 10 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bundan tashqari ijtimoiy soha obektlari bo‘lgan -  maktab, maktabgacha ta’lim va tibbiyot muassasalari  hamda mahalla guzarlarining ham ochilish marosimlari bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov mazkur obektlarning ochilish marosimlarida ishtirok etdi.

Andijon tumani, “Noxotak” mahalla fuqarolar yig‘inida KB GOLD SELIN” MChJ tomonidan odeyal ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi. Loyiha qiymati 5,2 million AQSh dollari bo‘lgan, yiliga 500 ming dona odeyal ishlab chiqaruvchi  azkur korxonada 200 nafar mahalliy aholi vakillari ish bilan ta’minlanadi. E’tiborli jihat: ishchilarning oylik maoshi ishga kirgan kunidan 2 mln so‘mni tashkil etib, faoliyati davomida 4 mlngacha ko‘tariladi.

“AGROBANK” viloyat boshqarmasining yangi qiyofaga kirgan binosi Andijon shahrining Pushkin ko‘chasiga ko‘rk bag‘ishladi. Aholi va yuridik shaxslarga sifatli va zamonaviy bank xizmatlarini ko‘rsatish uchun bunyod etilgan mazkur binoning kapital ta’mirlanishi uchun 28 mlrd mablag‘ sarflangan.

Oltinko‘l tumani Sadda qishlog‘ida “Pene tex” MChJ tomonidan amalga oshirilgan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasida 300ta ish o‘rni yaratildi. Tadbirkor Korxona yiliga 4,0 million dona trikotaj kiyimlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, yillik eksport hajmi 2 million AQSh dollarini tashkil etadi.

Bayram arafasida ochilgan eng katta loyihalardan biri “Asakatekstil” MChJ tomonidan tashkil etilgan to‘qimachilik kompleksi bo‘ldi.

12 gektar maydonni egallagan mazkur kompleks yiliga 6 ming tonna tola, 8,5 ming tonna kalava ip, 710 tonna mato, 3,5 ming tonna kalava ip bo‘yash, 2,8 ming tonna matoga gul bosish, 3,5 ming tonna matoni bo‘yoqlash, 2,3 mln dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. 2500 ish o‘rniga ega korxona tomonidan o‘tgan 2021 yilda 8,7 mln. AQSh dollarlik mahsulotlarni Turkiya, MDH, Xitoy davlatlariga eksport qilindi.

Xo‘jaobod tumanidagi “GSR building materials” MChJ tomonidan qurilish materiallari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi yiliga 1 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, jamiyatda 200 ta ish o‘rni tashkil etildi.

"Khantex Oil" MChJ tomonidan o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish yirik loyihasi Qo‘rg‘ontepa tumani Uchqun mahallasida tashkil etildi. Ochilish marosimida ishtirok etgan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov mana shunday katta korxonalarning ishga tushishi hududda sanoatni rivojlantirish bilan bir vaqtda yaratilgan ish o‘rinlari tufayli aholining farovonligini oshirilishiga xizmat qilishini ta’kidladi. Mazkur loyihaning qiymati 27 million AQSh dollarini tashkil etadi.   Dastgohlar Turkiya, Italiya, Bolgariya, Ispaniya, xamda Germaniya davlatlaridan olib kelinib o‘rnatildi. Yillik o‘rtacha 72 ming tonna chigit qayta ishlab chiqarish quvvatiga ega "Khantex Oil"da 400 nafar mahalliy aholi vakillari ish bilan ta’minlanadi. 

Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Uchqun mahallasida namunali mahalla guzarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ⓣ

Mavzuga oid