Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Andijon viloyati hokimligi muhim investitsiyaviy memorandumni imzoladi
Bugun, 16 avgust kuni, Andijon viloyati hokimligi va “Harbor Gate Internationals” MChJ o‘rtasida investitsion memorandum imzolandi. Ushbu ikki tomonlama kelishuv Andijon viloyatining investitsion jozibadorligini oshirishda muhim hisoblanadi. Memorandumga ko‘ra, viloyatning o‘ziga xos jihatlarini chet ellik investorlarga yetkazish hamda qiziqishni orttirish maqsad qilingan.
Memorandum o‘zida bir qancha asosiy vazifalarni jamlagan. Jumladan, “Harbor Gate Internationals” MChJ xorijda ish faoliyatini yuritayotgan chet ellik investorlar va o‘zbek tadbirkorlarini viloyatga investitsiya kiritishi bo‘yicha targ‘ibot ishlarini amalga oshiradi. Undan tashqari, xorijdagi vatandoshlarimizni vatanga qaytarish bo‘yicha “Vatandoshlar” dasturi doirasida hamkorlikni rivojlantiradi, Andijon viloyati hududida xorij kompaniyalarining investitsiya loyihalarini amalga oshirishda o‘zaro muzokaralar o‘tkazishni osonlashtiradi.
“Harbor Gate Internationals” MChJ viloyat ishbilarmonlari tomonidan xorijda investitsiya loyihalarini amalga oshirilishiga ko‘maklashish, ularga huquqiy va tashkiliy masalalarda yordam ko‘rsatadi. Shu bilan bir qatorda, ushbu jamiyat o‘zaro shartnoma asosida viloyatdagi yirik kompaniyalarning brendlarini xorijda targ‘ib qilish bilan ham shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Memorandum viloyatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish barobarida, mahalliy tadbirkorlarning ham xorij bozoriga kirishida ko‘maklashishi bilan ahamiyatlidir.
Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati Ⓣ