Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Liverpul va Milanda derbi, «MYu» «Arsenal»ni to‘xtata oladimi? Hafta o‘yinlari anonsi
Bu safargi anons yozishda o‘zimizni top-klub murabbiyidek his qildik, chunki aynan shu haftada qiziqarli top uchrashuvlar, derbilar juda ko‘p. Buning ustiga kelasi hafta YeChL bahslari boshlanayotgani munosabati bilan aksariyat top klublar o‘z o‘yinlarini bugun o‘tkazishadi. Tabiiyki, siz muxlislar ham bizning holatimizga tushasiz va o‘yinlarni tanlashda qiyinchilikka duch kelishingizdan aminmiz.
APL. 6-tur
3 sentabr (shanba)
EVeRTON – LIVeRPUL
O‘yin boshlanish vaqti: 16:30
Translatsiya: Setanta Spors
«Bornmut» bilan o‘yindagi yirik va «Nyukasl» ustidan qozonilgan yirik g‘alabalardan so‘ng, «Liverpul» ijobiy muhitga o‘tib oldi, ammo bundan keyingi o‘yinlarda bosim ortib boradi. Chunki jamoa yo‘qotilishi kerak bo‘lgan ochkolarni yo‘qotib bo‘ldi, demak har bir o‘yinda g‘alaba uchun maydonga tushishi shart. Raqiblar esa «Everton», keyingisi «Vulverhempton», «Chelsi» – hech biri osonlikcha taslim bo‘lmaydi. Buning ustiga kelasi haftadan YeChL o‘yinlari boshlanadi va Klopp shogirdlari oson bo‘lmagan guruhda, yuqorida tilga olingan raqiblar bilan uchrashuvlar oralig‘ida «Napoli» va «Ayaks» bilan o‘ynaydi. Xullas, jamoa jula tig‘iz va mas’uliyatli pallaga yaqinlashmoqda.
Yaxshi xabarlar ham bor, masalan, Darvin Nunez uch o‘yindan iborat diskvalifikatsiyasini o‘tab bo‘ldi va derbiga tayyor. Shuningdek, Yurgen Klopp Diogu Jota ham umumiy mashg‘ulotlarga qaytganini ma’lum qildi, ya’ni u ham asosiy tarkibda o‘ynay oladi. Shuningdek, Hendersonning kutilmagan jarohatidan so‘ng, klub undan ham kutilmagan transferga qo‘l urdi – Artur «Yuventus»dan ijara asosida tarkibga qo‘shildi. Matbuot anjumanida u qaysi o‘yinda debyut qilishi mumkinligi borasida aniq fikr aytilmadi, lekin bugungi bahsda ham tarkibda paydo bo‘lish ehtimoli bor.
Lempard shogirdlari esa ancha yomon ahvolda. Jamoa mavsumni ikki mag‘lubiyat bilan boshlab, keyingi uch o‘yinda durang qayd etdi va turnir jadvalida faqat bio jamoadan ko‘proq ochko to‘plagan xolos. Ayniqsa, oxirgi ikki o‘yinda «Everton» raqiblar darvozasiga birinchi bo‘lib gol urib, g‘alabani ushlab qola olmadi. Ammo shu bilan birga so‘nggi kunlardagi transferlar «Everton»ga ijobiy ta’sir qilishi kerak. «Brayton»dan Nil Mope, «MYu»dan Jyeyms Garner transfer qilindi. Jamoa tarkibida yuzdan ortiq o‘yinda maydonga tushgan Idrissa Guyye Parijdan qaytdi.
Liverpul derbilarida asosan «qizillar»ning qo‘li baland kelgan. Umuman «Everton»ning o‘z maydonidagi so‘nggi g‘alabasi 2010 yilga to‘g‘ri kelishini ham ta’kidlaj joiz. Ammo har doim derbilar murosasiz o‘tgan va ko‘p o‘yinlarda durang qayd etilgani ham bor gap. Bir yarim yil oldin esa fevral oyida «ko‘klar» «Enfild»da «Liverpul» ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozongandi. Lempard shogirdlari keyingi o‘yinlarni «Arsenal», «Vest Hem», «Manchester Yunayted» hamda «Tottenhem»ga qarshi o‘tkazadi. Demak aynan mana shu davr murabbiyning ehtimoliy iste’fosi haqidagi savollarga ham aniq javob beradi.
Bundesliga. 5-tur
3 sentabr (shanba)
UNION BeRLIN – BAVARIYa
O‘yin boshlanish vaqti: 18:30
Translatsiya: Setanta Spors
Sharqiy Germaniyada futbol markazi «Leypsig»dan yana Berlinga ko‘chadigan ko‘rinadi. «Union»ning Bundesligaga chiqqandan keyingi progressi «Leypsig» kabi tez bo‘lmasa-da, ancha asosli bo‘lmoqda. Dastlabki yilda Fisher shogirdlarini elitada olib qolishga erishdi, ikkinchi mavsumda esa avvalgidan 10 ochko ko‘p jamg‘arib, yevrokuboklar zonasiga yaqin keldi – 7-o‘rin. O‘tgan yili esa jamoa 57 ochko to‘plab, 5-o‘rinni egalladi va Yevropa ligasi guruh bosqichi ishtirokchisiga aylandi. Berlinliklar o‘tgan mavsumda «Leypsig»dan atigi 1 ochkoga ortda qolgan bo‘lishsa, hozirda «Bavariya» darajasida ochko to‘plamoqda. «Union» 4 o‘yindan so‘ng 10 ochko to‘plagan va faqat to‘plar nisbati bo‘yicha myunxenliklardan ortda turishibdi. To‘g‘ri, kecha «Borussiya» o‘z o‘yinini yutib, birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi, ammo tur yakunlari bo‘yicha peshqadam aynan mana shu uchrashuvdan so‘ng ma’lum bo‘ladi.
«Union» o‘tgan turlarda oddiy o‘yinlar o‘tkazmaganini, Berlin derbisiga «Herta»ni 3:1, «Leypsig»ni esa 2:1 hisobida yengganini, o‘tgan turda esa «Shalke» o‘z maydonida 1:6 hisobida dog‘da qoldirilganini alohida ta’kidlash kerak.
«Bavariya» esa kelayotgan haftada Chempionlar ligasida «Inter» mehmoni bo‘ladi. O‘ziga yarasha qiyin guruhga tushib qolgan myunxenliklar dastlabki turda yutqazmasligi shart. Demak, Flik qaysidir ma’noda rotatsiyaga qo‘l urishi va balki mezbonlar bundan foydalanib qolishi ham mumkin. Shu paytgacha o‘zaro o‘yinlarda «Union» raqibi ustidan g‘alaba qozona olmagan, lekin bir yil oldingi mavsumda har ikki o‘yin ham durang natija bilan tugagandi.
Yana bir qiziq fakt – mezbonlar tarkibida bir paytda Germaniya terma jamoasi tarkibida jahon chempioni bo‘lgan Sami Xediraning ukasi Rani Xedira to‘p suradi.
La Liga. 4-tur.
3 sentabr (shanba)
ReAL MADRID – BeTIS
O‘yin boshlanish vaqti: 19:15
Translatsiya: Yoshlar telekanali
Yevropa kuchli beshligida bugungacha faqat uch jamoa ochko yo‘qotgani yo‘q. Londonning «Arsenal» klubi 5 uchrashuvning barchasida g‘alaba qozongan bo‘lsa, Ispaniyada 3 turdan so‘ng yuz foizlik natija qayd etgan ikki jamoa bor – «Madrid» va «Betis». O‘tgan mavsumda faqat so‘nggi turlarga kelibgina YeChL o‘rinlarini boy bergan «Betis» bu safar ham ancha jiddiy ko‘rinadi. Klub katta transferlar amalga oshirmagan bo‘lsa-da, o‘z tarkibining asosiy qismini saqlab qolgani ham katta natija. La Liga bu APL emas, tarkibning o‘zgarmasligi ham raqobatchilar oldida ustunlik bera olishini ta’kidlash kerak.
«Real» ham bu o‘yinda ko‘tarinki ruhda bo‘lishi shubhasiz, zero dastlabki uch o‘yinni safarda o‘tkazgan Anchelotti shogirdlari mavsumda ilk bor o‘z muxlislari qarshisida to‘p suradilar. Qizig‘i, buyog‘iga La Liga o‘yinlarida to 19 oktyabrgacha, ya’ni 6 o‘yinni «Real» Madridda o‘tkazadi. O‘z maydonidagi 4 o‘yindan tashqari, safar uchrashuvlari ham «Xetafe» va «Atletiko»ga qarshi derbilarga to‘g‘ri kelgan.
Matbuot anjumanida Karlo Anchelotti tarkibda jarohatlanganlar yo‘qligini va barcha bo‘lajak uchrashuvga tayyor ekanini bildirdi. Anchadan beri «Madrid»da bu holat kuzatilmayotgandi. Pellegrini shogirdlari ichida esa Montoya, Karvalyu, hamda Kamarasada jarohat bor. Shuningdek, Xerman Petsselya «Osasuna»ga qarshi o‘yinda qizil kartochka olgan va diskvalifikatsiya tufayli sheriklariga yordam bera olmaydi.
Darvoqe, «Real» o‘z maydonida o‘ynashni yana biroz kechiktirib tursa bo‘lardi. Chunki «Betis» aynan «Bernabeu»dagi so‘nggi uchrashuvlarda ajoyib ko‘rsatkichlarga ega. Mezbonlar so‘nggi 5 o‘yinda andaluslar ustidan g‘alaba qozonish uyoqda tursin, birorta ham gol ura olishmayapti. So‘nggi uch o‘yin bir xil – 0:0 hisobida tugagan bo‘lsa, oldingi ikki uchrashuvda «Betis»ning qo‘li baland kelgandi. Kim biladi, balkim «Real» yangi «Bernabeu»da mana shunday qora an’anani buzish bilan yana bir yangi davrni boshlab berar...
A Seriya. 5-tur
3 sentabr (shanba)
MILAN – INTeR
O‘yin boshlanish vaqti: 21:00
Translatsiya: Sport TV
Tan oling, «Yuventus»ning biroz chekinishi bilan Italiya A Seriyasi shu ma’noda Superligamizni eslatib yubormoqda. 4 turdan so‘ng Italiyada 6 jamoa hali mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti va «Inter»niyam qo‘shsak, jami 7 jamoa chempionlik ambitsiyasiga ega. Hatto chempionlikdan so‘ng, biroz chekinishi taxmin qilingan «Milan» ham mavsumni ancha ishonch bilan boshladi, «Atalanta» umuman 1-o‘rinda bormoqda, «Roma» eng zo‘r transferlarni amalga oshirdi, «Latsio» va «Napoli»ning ham ishtahasi joyida. Bunday fonda tabiiyki, Milan derbisi o‘zgacha mazmun kasb etadi – mag‘lubiyatga uchragan jamoa karvondan ajrab qolishi mumkin axir.
«Milan» transfer bozorida yomon ishlamadi. Kesse Barselonaga ketgan bo‘lsa-da, misol uchun, Florensi jarohat olgach, sanoqli kunlarda Serjino Dest olingani ham tahsinga sazovor. Undan ham e’tiborlisi, ba’zi xabarlarga ko‘ra, «Milan» Rafayel Leau bo‘yicha «Chelsi»ning 100 millionlik taklifini rad etgan – mana shuning o‘zi milanliklarning bu mavsum ham ancha jiddiy kuch bo‘la olishini isbotlaydi. Divok Origi hujum chizig‘ida navbatdagi opsiyani bersa, mutaxassislar ayniqsa, Sharl de Ketelareni yuqori baholashmoqda. Belgiyalik 20 yoshli yarimhimoyachi barcha o‘yinlarda maydonga tushmoqda. «Inter» uchun esa Lukakuning qaytgani katta voqea va jamoani tubdan o‘zgartirishga qodir.
Bugungi o‘yin uchun esa Lukaku ham, jamoani kuchaytirishi mumkin bo‘lgan yana bir futbolchi – Genrix Mxitaryan ham sheriklariga yordam bera olishmaydi. Ularda jarohat bor. Xuddi shu sabab bilan qizil-qoralar tarkibida yuqorida tilga olingan Florensi, hamda Rebich va Krunichlar ham maydonga tusha olishmaydi.
Milan derbisi Italiyada o‘zgacha, aniqrog‘i, avvalgidek darajaga chiqayotganining yana bir isboti shundaki, bu ikki jamoa yanvar oyida Italiya superkubogi uchun ham bahs olib boradilar. «Milan» mamlakat chempioni, «Inter» esa kubok sohibi sifatida. Hech qanday «Yuventus» yoki «Napoli» yo‘q, zo‘rmi?
La Liga. 5-tur
3 sentabr (shanba)
SeVILYa – BARSeLONA
O‘yin boshlanish vaqti: 23:55
Translatsiya: Yoshlar telekanali
«Barselona» xuddi yil boshidagidek, to‘rt golli rejimga o‘tib oldi, avvaliga «Real Sosedad», keyin esa «Valyadolid» yirik hisobda mag‘lub etildi. Robert Levandovski esa bu o‘yinlarda dubl qayd etdi. De Yong va Depay qoldi, Dest va Obameyang ketdi, xullas, yaxshi kayfiyatda va har chiziqda ikkitadan yuqori saviyali ijrochilar bilan «Barselona» «Real»ni quvishni boshladi. Jamoa hafta o‘rtasida Chempionlar ligasida to‘p suradi, lekin Xavida deyarli har bir pozitsiya bo‘yicha rotatsiya qilish imkoniyati bor.
«Sevilya» esa aksincha, mavsumni juda yomon boshladi. Avvaliga «Osasuna»ga, o‘tgan turda esa debyutant «Almeriya»ga imkoniyatni boy berdi. O‘z maydonida La Ligaga yangi qo‘shilgan yana bir jamoa bo‘lmish «Valyadolid» bilan durang o‘ynadi. Taqvimga qaralsa, hozirda yuz foizlik natija ko‘rsatish kerak bo‘lgan Lopategi shogirdlari atigi 1 ochko bilan so‘nggi pog‘onalarda yuribdi. Aslida «Sevilya» transfer bozorida ancha faol bo‘ldi. Aleks Telles, Isko, Kuassi kabi futbolchilar top-klublardan jamoa safiga qo‘shildi, Yanuzay va Dolberglarda hatto Chempionlar Ligasi tajribasi bor. Albatta, o‘ziga yarasha saviyali ijrochilardan iborat jamoaning qaytish nuqtasi bo‘ladi va agar o‘sha palla «Barselona»ga qarshi o‘yinga to‘g‘ri kelsa, biz ancha murosasiz va qiziqarli bahsning guvohi bo‘lishimiz shubhasiz. Keyingi uchrashuv esa uch kun o‘tib, Chempionlar Ligasida «Manchester Siti»ga qarshi.
O‘zaro o‘yinlarga kelsak, ayniqsa, Andalusiyada o‘tgan o‘yinlarda mezbonlar «Barselona»ga munosib qarshilik qila olishgan. Masalan, oxirgi to‘rt o‘yinda atigi bir marotaba mehmonlarning qo‘li baland kelgan xolos. O‘tgan mavsumdagi o‘yinda esa Gomes va Arauxoning gollari evaziga tomonlar murosa ko‘chasini tanlashgandi.
Tarkiblarga kelsak, mezbonlar tarkibida Korona uzoq muddatga safdan chiqqan, Markaoning maydonga tushishi so‘roq ostida. «Barselona» markaziy himoyasida Kristensen harorati oshgani tufayli o‘ynay olmaydi.
APL. 6-tur
4 sentabr (yakshanba)
MANCheSTeR YuNAYTeD – ARSeNAL
O‘yin boshlanish vaqti: 20:30
Translatsiya: Setanta Spors
«Old Trafford»dagi oxirgi o‘yinida mezbonlar «Liverpul»ni qabul qilgan va o‘sha o‘yin oldidan ten Hag shogirdlari 20-o‘rinda borayotgan edilar. Oradan ikki hafta vaqt, uchta minimal g‘alaba, hamda 170 million yevro o‘tdi va endi «Yunayted» g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, peshqadamning yurishini to‘xtatish bilan birga, hatto 3-o‘ringa ko‘tarilib olish imkoniyatiga ega. «Liverpul»ga qarshi o‘yin kutilmaganda autsayderga aylanib qolgan ikki katta klubning «kim oldin o‘rnidan turish» bahsi sifatida baholangan bo‘lsa, ushbu klassika bevosita yuqori o‘rinlardagi muvozanatga ta’sir qiluvchi markaziy uchrashuvga aylandi. Atigi ikki haftada.
Bundan tashqari, «Arsenal» bu o‘yinga o‘ziga yarasha muammolar bilan kelayotganini alohida ta’kidlash kerak. Chunki bunday ko‘tarilish davrlarida yosh jamoadagi kichik bir yo‘qotishlar ham o‘yin sifatida sezilarli ta’sir o‘tkazishi mumkin. Tomas Parti va Muhammad Al-Nenni jarohatlangan. «Aston Villa» bilan o‘yinda Edegor va Ramsdeyl ham kichik jarohat olishdi va ularning ham o‘yinga tayyor bo‘lishlari so‘roq ostida. Shuningdek, xuddi shunday shubha ostida Aleksandr Zinchenko qolgan. Arteta shogirdlarining ajoyib o‘yinlarini kamsitmagan holda aytish kerakki, «Arsenal»ning bugungi egallab turgan o‘rni qisman taqvimga ham bog‘liq. Londonliklar debyutantlar «Fulhem» va «Bornmut», yomon davrlarni boshdan kechirib, murabbiylari iste’fo yoqasida bo‘lgan «Lester» va «Aston Villa» bilan o‘ynashdi. Faqat «Kristal Pelas» ancha kuchliroq edi, ammo Viyeyra shogirdlari ham o‘yinni «Arsenal» uchun qulay taktikada boshlaganini aytish kerak. Xullas, Arteta jamoasi uchun ilk jiddiy sinov aynan «Old Trafford»da bo‘lishini va bu o‘yinga jamoa tarkibdagi muammolar bilan yetib kelgani intrigani badtar oshiradi. Zero Erik ten Hag «Liverpul» bilan o‘yinda ko‘rsatdiki, u shogirdlarini to‘pni nazorat qilishga intiladigan raqibga qarshi munosib tayyorlay oladi, qarshi hujum va ikkinchi raqamda to‘p surish imkoniyatiga ega.
«MYu» tarkibi muammolardan biroz holi. Hatto yangi kelgan Antoni ham to‘laqonli mashg‘ulotlarga kirishdi, Viktor Lindelof tiklandi. Lesterdagi o‘yinda Krishtianu Ronaldu ham o‘z formasini tiklayotganini namoyish qildi. Murabbiy matbuot anjumanida faqat Antoni Marsiyal jarohati tiklanmaganini aytib o‘tdi. Shuningdek, Lyuk Shouning ham maydonga tushishi so‘roq ostida.
O‘tgan mavsumdagi har ikki o‘yinda mezbonlarning qo‘li baland kelgandi. «Old Trafford»da Ronalduning dubli «MYu»ning 3:2 hisobidagi g‘alabasini ta’minlagan bo‘lsa, Londondagi o‘yinda mezbonlar 3:1 hisobida ustun kelgandilar. Gollarni Tavaresh, Saka va Jaka, mehmonlardan esa Krishtianu Ronaldu kiritgan.
BOShQA O‘YINLAR
3 sentabr. Fiorentina – YuVeNTUS (18:00), CheLSI – Vest Hem (19:00), TOTTeNHEM – Fulhem (19:00), Aston Villa – MANCheSTeR SITI (21:30), NAPOLI – LATsIO (23:45), Nant – PSJ (23:55)
4 sentabr. Udineze – ROMA (23:45).
Mavzuga oid
10:44 / 26.05.2025
Hakamning xatosi «Aston Villa»ni, «Yuventus»ning penaltisi «Roma»ni YeChLsiz qoldirdi. Kun o‘yinlari
19:29 / 23.05.2025
“So‘nggi qo‘ng‘iroq”. Italiyada kim chempion, Mbappe “Oltin butsa” oladimi va boshqa intrigalar
12:05 / 22.05.2025
«Tottenhem» finalda «MYu»dan ustun keldi va mavsumni qutqarib qoldi
15:13 / 21.05.2025