O‘zbekiston | 14:39 / 05.09.2022
12786
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ikki nafar xorijlik giyohvand moddalar bilan qo‘lga olindi

Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan giyohvand moddalar noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Foto: DXX

Toshkent shahar Chilonzor tumani hududida “Matiz” rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan ikki nafar xorijiy fuqaroga tegishli 23 kg 52 gr “opiy” va 30 kg 122 gr “gashish” giyohvandlik vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Ushbu giyohvand moddalar afg‘onistonlik narkokurerlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan mamlakatga o‘tkazilgan.

Boshqa bir holatda esa muqaddam xorijda og‘ir jinoyat sodir etgani uchun qamoq jazosini o‘tagan, Denov tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina Termiz shahrida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Unda ham afg‘onistonlik narkosavdogarlar tomonidan yuborilgan 39 kg 520 gr “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Uchinchi holatda esa Denov shahrida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxs o‘z yashash xonadonida 2 kg 396 gr “opiy” moddasini kelgusida sotish maqsadida saqlab kelayotgani aniqlandi hamda o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olindi. 

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 25 kg 448 gr “opiy” va 69 kg 642 gr “gashish” giyohvandlik vositalari musodara qilindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksi tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid