Saudiya Arabistoni qiroli o‘zbek diplomati qatl etilgani uchun SSSR bilan aloqalarni uzgan edimi?
1937 yilda SSSRning Saudiya Arabistonidagi elchisi bo‘lib ishlagan o‘zbek siyosatchisi Moskvada sud qilinib, o‘limga mahkum etiladi. Bu haqda xabar topgan Saudiya qiroli SSSR bilan diplomatik aloqalarni uzadi va Jiddadagi sovet elchixonasi yopiladi. Shundan so‘ng 50 yildan oshiqroq vaqt mobaynida bu davlat SSSR bilan diplomatik aloqalarni tiklamaydi.
1917 yilda Rossiyada sodir bo‘lgan Oktyabr to‘ntarishidan keyin «bolshovoy»larning yolg‘on va’dalariga ishonib, kompartiyaga a’zo bo‘lgan o‘rta osiyolik ziyolilarning qariyb barchasi keyinchalik Stalin qatag‘onlarida yo‘q qilingan. Manfur tuzum o‘ziga sadoqat bilan xizmat qilgan insonlarning aksariyatiga rahm-shafqat qilmagan.
SSSR davrida O‘rta Osiyo xalqlaridan ittifoq miqyosidagi mansabdorlar ancha-munchada tayinlanmagan. Tayinlanganlari ham Moskvada emas, chetroqda, masalan, Tashqi ishlar vazirligida ishlagan. Ana shulardan biri o‘tgan asrning 20-yillarida O‘zbekistonda eng taniqli siyosatchilardan biri bo‘lgan Nazir To‘raqulov edi.
Oktyabr to‘ntarishidan keyin tashkil etilgan Turkiston ASSRda bir qator yuqori lavozimlarda ishlagan, keyinchalik qariyb 10 yil SSSRning Saudiya Arabistonidagi elchisi bo‘lgan Nazir To‘raqulovning hayoti ham boshqalarniki kabi fojiali tugaydi. U ham Stalin qatag‘onlarida nohaq ayblanib qatl etiladi. Aynan uning o‘ldirilishi SSSR va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning uzilishiga sabab bo‘ladi.
Nazir To‘raqulov haqida
Nazir To‘raqulovich To‘raqulov 1892 yilda Qo‘qon shahrida paxta savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik savdogar oilasida tug‘ilgan. Boshlang‘ich ta’limni Qo‘qondagi «Jadid» maktabida boshlagan Nazir To‘raqulov u yerda Islom dini asoslari bilan birga fors, arab tillarini ham o‘rganadi.
Undan so‘ng tahsilni «rus-tuzem» maktabida davom ettiradi va bu yerda rus tilini o‘zlashtiradi.
Keyin esa ruslar ochgan Qo‘qon tijorat maxsus maktabida o‘qiydi. 1914-1916 yillarda Moskva savdo institutining iqtisodiyot bo‘limida tahsil oladi.
Imperator Nikolay II ning 1916 yil 25 iyundagi «Imperiyadagi rus bo‘lmagan erkak aholini harakatdagi armiya rayonida mudofaa inshootlari va harbiy aloqa yo‘llari qurish ishlariga jalb qilish» haqidagi farmoni e’lon qilinadi.
Shundan so‘ng 18 yoshli Nazir To‘raqulov ham mardikorlikka olib ketiladi va u Belorussiyaga yuboriladi.
Nazir To‘raqulov rus tilini yaxshi bilgani uchun Belorussiyada joylashgan G‘arbiy front qo‘mitasida instruktor bo‘lib ishlaydi va Minskda «Erkin dala» yashirin tashkilotini tuzadi. Bu tashkilotga, urushga qarshi va inqilob kayfiyatida bo‘lgan talabalar hamda o‘qituvchilar a’zo bo‘lgan edi.
1917 yilda Rossiyada Fevral revolyutsiyasi bo‘lib o‘tadi va imperator Nikolay II taxtdan voz kechadi. Shundan so‘ng Nazir To‘raqulov uyga qaytishga qaror qiladi.
O‘sha paytda Rossiyaga tobe bo‘lgan hududlarda muxtoriyat maqomida milliy davlatchilikni tashkil etish boshlanadi. Shu jumladan O‘rta Osiyoda ham.
O‘sha yili oktyabr oyida sodir bo‘lgan to‘ntarishdan so‘ng Nazir To‘raqulov Orenburgdan Toshkentga qaytib keladi va Turkiston avtonom sovet sotsialistik respublikasining ishchi va soldat kengashida musulmon deputatlar kengashi kotibi lavozimida ishlay boshlaydi.
Biroz o‘tib, Farg‘ona shahar taftish komissiyasi a’zosi hamda xalq ta’limi bo‘limi mudiri lavozimiga tayinlanadi.
1918 yil oktyabrda Rossiya bolshiviklar kommunistik partiyasiga a’zo bo‘ladi va Qizil armiyaning otliq bo‘linmasi siyosiy boshqaruv boshlig‘i etib tayinlanadi.
Nazir To‘raqulov Turkistondagi siyosiy harakatlarda qatnashish bilan birga Toshkent va Qo‘qonda bir qancha gazeta va jurnallarni tashkil etishda qatnashadi.
Jumladan, Xalq deputatlari Qo‘qon shahar kengashining «Xalq gazetasi», Turkiston kompartiyasi markaziy qo‘mitasining «Inqilob» jurnalini aynan Nazir To‘raqulov tashkil etadi.
Bundan tashqari, Turkistonning turli shaharlarida chop etilgan va hatto Qoshg‘ar, G‘ulja, Volgabo‘yi hududlarigacha tarqatilgan «Haqiqat», «Bilim o‘chog‘i», «Turkman eli», «Aq jo‘l» gazetalarining tashkil etilishida qatnashadi.
Siyosiy faoliyat
1920 yilda Nazir To‘raqulov Turkiston ASSR kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi kotibi, 1921 yil may oyida Turkiston ASSR markaziy ijro hokimiyati raisi etib saylanadi.
1920-21 yillarda Turkiston ASSR ma’rifat ishlari bo‘yicha xalq komissari lavozimida ishlaydi. Shu davrda Toshkentda chop etilgan «Ishtirokiyun» gazetasi bosh muharriri ham bo‘ladi.
1922 yilda Rossiya bolshiviklar kommunistik partiyasining O‘rta Osiyo ijro komissiyasi a’zosi, 1920-1922 yillar oralig‘ida Turkiston frontining harbiy-inqilobiy kengashi a’zosi bo‘ladi.
Nazir To‘raqulov yuqori lavozimlarda ishlagan paytida O‘rta Osiyoning barcha hududlarini aylanib chiqadi va joylarda sovet hokimiyatini o‘rnatishda jonbozlik ko‘rsatadi.
1922 yilda Nazir To‘raqulov Moskvaga chaqirib olinadi va Sharq xalqlari markaziy bosmaxonasi rahbari etib tayinlanadi. Shuningdek, butunittifoq sharqshunoslari ilmiy assotsiatsiyasi a’zosi hamda Sharqshunoslik instituti rektori o‘rinbosari lavozimlarida ham ishlaydi.
To‘raqulov lingvist olim sifatida o‘zini ko‘rsatadi va 50 dan ortiq tillarda ko‘plab ilmiy-ommabop, siyosiy, badiiy adabiyotlarni, o‘quv kitoblarini tuzib chop ettiradi.
1925 yilda o‘qituvchilarning butunittifoq s’yezdida qatnashgan Nazir To‘raqulov hududlarda milliy maktablar tashkil etish, milliy-madaniy markazlar faoliyatini rivojlantirish, qishloq joylarida maktablar qurish masalasini ko‘taradi. Uning takliflari s’yezdda qabul qilingan rezolyutsiyaga kiritiladi.
O‘sha paytda aksariyat mahalliy kommunist mas’ullar bolshiviklar safiga o‘tgach diniy e’tiqodidan voz kechib, davlat siyosatiga hamohang tarzda dahriylikni targ‘ib qilardi.
Nazir To‘raqulov ulardan farqli ravishda diniy e’tiqodidan voz kechmagan, davlat boshqaruvi va Islom dinining qarama-qarshi qo‘yilishiga hamda dahriylikning targ‘ib qilinishiga qarshi bo‘ladi.
U 20-yillarning boshida Turkiston ASSR rahbari bo‘lib ishlagan kezda Qurbon hayitini nishonlash uchun uch kunni dam olish etib belgilash haqida qaror ham chiqargandi.
Shuningdek, u rasmiy dam olish kunini yakshabadan juma kuniga ko‘chirish uchun ham harakat qiladi va buning uddasidan chiqa olmaydi.
Nazir To‘raqulov SSSR tarkibida yashayotgan turkiy xalqlar uchun lotin alifbosiga asoslangan yagona alifboning qabul qilinishi tarafdorlaridan biri bo‘ladi.
U 1926 yilda Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida o‘tkazilgan butunittifoq turkologlarning birinchi s’yezdida ham qatnashadi. Ana shu yerda turkiy xalqlar lotin alifbosiga asoslangan yangi alifboga o‘tishi haqida qaror qabul qilinadi.
Nazir To‘raqulov o‘zbek, rus, qozoq, tatar, turk, arab, fors, fransuz va nemis tillarini bilgan.
Nazir To‘raqulov 1922 yilda birinchilardan bo‘lib ruscha-o‘zbekcha iqtisodiy-siyosiy lug‘atini tuzib chop ettiradi. Bundan tashqari, 1922 yilda «Turkiston» tarixi asari, 1923 yilda «Turkiston Muxtor Respublikasi» asari kitob holida chop etilgan.
SSSRning Saudiya Arabistonidagi elchisi
1927 yil Tashqi ishlar vazirligi xalq komissari (Hozirgi tashqi ishlar vaziri o‘sha paytda shunday deb atalgan) o‘rinbosari Lev Karaxan Stalinga olib kirgan hisobotida Nazir To‘raqulovni «Musulmon dunyosini yaxshi biladigan, SSSRning arab dunyosida, jumladan Hijozda talab qilinadigan murakkab va nozik siyosatini amalga oshirishda munosib kadr» ekanligini bildiradi.
Stalin TIV xalq komissari o‘rinbosarining tavsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Kompartiya markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosi yig‘ilishida SSSR ijroiya qo‘mitasi prezidumi qarori bilan tataristonlik Karim Hakimov o‘rniga Nazir To‘raqulov SSSRning Saudiya Arabistonidagi elchisi etib tayinlanadi.
1928 yil 3 oktyabr kuni Nazir To‘raqulov Odessa-Jidda yo‘nalishi bilan dengiz orqali ikki oy deganda Saudiya poytaxtiga yetib boradi. U qabul marosimida qirol Abdulaziz Ol-Saudning o‘g‘li, shahzoda Faysalga ishonch yorlig‘ini topshiradi.
O‘shanda Nazir To‘raqulov 36 yoshda bo‘lgan va bunday yoshda mas’uliyatli vazifaning ishonib topshirilgani uning nihoyatda bilimli va tajribali ekanidan dalolat edi.
Saudiyadagi faoliyat
O‘tgan asrning 20-30-yillarida Arabiston yarimorolida asosan inglizlar yetakchi mavqega ega edi. Ana shunday sharoitda Nazir To‘raqulovning sa’y-harakatlari bilan Saudiya Arabistoni va SSSR o‘rtasida do‘stona aloqalar o‘rnatiladi.
Elchining o‘zi ham qirollik oilasining yaqin do‘sti maqomiga erishadi. Bunda Nazir To‘raqulovning Islom arkonlarini yaxshi bilishi va boshqa hamkasblaridan farqli o‘laroq diniy e’tiqodidan voz kechmagani ham muhim rol o‘ynaydi.
Ana shunday holatda Saudiya qiroli va qirollik oilasi a’zolari mansabni deb o‘z diniy e’tiqodidan kechmagan Nazir To‘raqulovni ayricha hurmat qilishadi. Natijada SSSR bilan savdo-iqtisodiy aloqalar ancha yaxshilanadi.
Bundan tashqari, To‘raqulov nafaqat qirollik oilasida, balki Saudiyada ishlayotgan boshqa elchixonalar xodimlari orasida ham yaxshi obro‘ga ega bo‘ladi.
1930 yil 16 aprel kuni Nazir To‘raqulov tashqi ishlar xalq komissari Maksim Litvinovga yozib yuborgan xatida Saudiyada uni ayricha hurmat qilishayotganini aytgan.
«Inglizlar bilan Yaqin Sharqdagi tarixiy raqobatimiz bizning foydamizga hal bo‘ldi. Saudiya Arabistoni qiroli tomonidan o‘tkazilayotgan rasmiy tadbirlarda men SSSR elchisi sifatida safning eng old qatoridan joy olyapman. Ingliz elchisi Rian ikkinchi, Fransiya elchisi Megre uchinchi, Eron elchisi Aynol-Molk to‘rtinchi bo‘lib joylashishyapti», degan edi u xatida.
Nazir To‘raqulovning sa’y-harakatlari bilan 1932 yil may oyida Saudiya shahzodasi Faysal ibn Abdulaziz Ol-Saud SSSRga ikki kunlik tashrif bilan keladi (keyinchalik, 1964 yildan, 1975 yil, vafotigacha Faysal ibn Abdulazil Saudiya Arabistoni qiroli bo‘lgan).
O‘sha paytda hali Saudiya Arabistonidagi ulkan neft konlari topilmagan va bu davlatning yoqilg‘iga ehtiyoji bor edi. Ana shunday sharoitda 1932 yilda Nazir To‘raqulovning xizmatlari bilan Saudiya hukumati Angliya-Gollandiyaning «Shell», AQShning «Standard Oil of California» kompaniyalari takliflarini rad etib, SSSRdagi «Neftesindikat» korxonasidan yoqilg‘i sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolaydi.
Oradan bir yil o‘tib, 1933 yilda ikki davlat o‘rtasida sog‘liqni saqlash, ilm-fan va yana bir nechta sohalarda hamkorlik qilish bo‘yicha bitimlar tuziladi.
Nazir To‘raqulov nafaqat SSSRning Saudiya bilan, balki boshqa arab mamlakatlari bilan ham do‘stona aloqalar o‘rnatishiga juda katta hissa qo‘shadi. U Saudiyada muvaffaqiyatli ishlagani uchun ham 8 yil davomida SSSRning bu davlatdagi elchisi bo‘lib turadi.
SSSRga chaqirib olish va qatag‘on
O‘tgan asrning 30-yillari ikkinchi yarmida SSSRda misli ko‘rilmagan qatag‘onlar boshlanadi. Bu qatag‘onlardan amalda davlat strukturasida ishlab kelayotgan juda kam odam omon qoladi. Qolgan barcha qamaladi yoki o‘limga mahkum etiladi. Shu jumladan, Nazir To‘raqulovning hayoti ham ayanchli kechadi.
1936 yilda Nazir To‘raqulovni to‘satdan Moskvaga chaqirib olishadi va o‘rniga Karim Hakimovni SSSRning Saudiyadagi elchisi etib tayinlashadi. Nazir To‘raqulov Moskvadagi avvalgi ish joyi – Sharqshunoslik institutida ishlay boshlaydi.
Ana shu davrda NKVD boshlig‘i Nikolay Yejov tomonidan SSSRda Qizil terror boshlab yuborilgan edi. Har kuni ittifoq bo‘ylab ko‘plab odamlar hibsga olinib, uzoq yillarga qamalar yoki otib tashlanardi.
1937 yilda Nazir To‘raqulovning boshi uzra qora bulutlar aylana boshlaydi. 1937 yil 15 iyul kuni u hibsga olinadi. Nazir To‘raqulov panislomizm, panturkizm va vatanga xiyonat qilishda ayblanadi.
O‘sha paytda nafaqat Nazir To‘raqulovning, shuningdek, boshqalarning ham vatanga xiyonat qilmagani aniq edi. Shunchaki Stalin tuzumining jazo mashinasi – NKVD ishga tushgan va u hech kimni ayamasdan jazolay boshlagandi.
Qamoqqa olinganidan salkam 3 oy o‘tib Nazir To‘raqulov SSSR oliy sudi harbiy kollegiyasi hukmi bilan RSFSR Jinoyat kodeksining 58-moddasi 1, 8 va 11-qismlari bilan aybdor deb topilib, otib o‘ldiriladi. O‘shanda u endigina 45 yoshga kirgandi.
Saudiya bilan diplomatik aloqalarning uzilishi
Nazir To‘raqulovnning o‘ldirilgani haqidagi xabar uni juda hurmat qilgan Saudiya qiroli Abdulazizning jahlini chiqarib yuboradi.
Qirol SSSRning Saudiyadagi elchisi Karim Hakimovga sovet elchilarini ortiq ko‘rishni xohlamasligini va bu davlat bilan barcha aloqalarni uzganini ma’lum qiladi. Jiddada bo‘lgan elchixona xodimlariga mamlakatni tark etish talabi qo‘yiladi.
1938 yil mart oyida Saudiyada juda katta neft konlari topiladi. Shundan so‘ng sovet hukumati nima qilib bo‘lsa ham bu davlat bilan avvalgi do‘stona aloqalarni tiklashga urinadi.
O‘sha yili aprel oyida Moskvadan Jiddaga maxsus delegatsiya jo‘natiladi. Delegatsiya oldiga nima qilib bo‘lsa ham Saudiya bilan aloqalarni tiklash vazifasi qo‘yilgandi.
Ammo qirol Abdulaziz as-Saud ularni qabul qilishni xohlamaydi va qirollik oilasining yaqin do‘sti bo‘lgan Nazir To‘raqulov o‘ldirilgani uchun SSSR bilan ortiq aloqa qilmasligini uzil-kesil ma’lum qiladi.
O‘shangacha Jiddadagi elchixona xodimlari Moskvaga qaytmagan, sovet hukumati Saudiya bilan aloqalarni tiklash masalasida umidini uzgani yo‘q edi. Qirolning qaroridan so‘ng maxsus delegatsiya zimmasiga yuklangan vazifani bajara olmay Moskvaga qaytadi.
1938 yilda Saudiyaning qat’iy talabi bilan Jiddadagi sovet elchixonasi yopiladi. U yerda bo‘lgan Karim Hakimov va boshqa xodimlar Saudiyani tark etib, Moskvaga qaytib kelishadi.
Shundan so‘ng Saudiya Arabistoni uzoq yillar davomida SSSRning diplomatik aloqalarni tiklash haqidagi takliflarini rad etib keladi. Hatto Stalin vafot etib, uning davrida qatag‘on qilinganlar oqlanganda ham Saudiya SSSR bilan diplomatik aloqalarni tiklashni xohlamaydi.
Faqat, oradan 52 yil o‘tib, 1990 yilda mamlakatda Mixail Gorbachyov tomonidan diniy erkinlik e’lon qilinganiga 1 yil bo‘lganda Saudiya Arabistoni SSSR bilan diplomatik aloqalarni qayta tiklaydi.
Oqlanishi
1953 yil Stalin vafotidan so‘ng uning davrida nohaq qatag‘on bo‘lganlarni oqlash ishlari boshlanadi. Ko‘plab begunoh jazolanganlar qatori, 1958 yil 28 yanvar kuni Nazir To‘raqulov ham oqlanadi.
1974 yilda Nazir To‘raqulovning jiyani, akasi Qodir To‘raqulovning qizi Saida To‘raqulova sa’y-harakatlari bilan uning nomi Qo‘qondagi ko‘chalardan biriga beriladi.
Gorbachyov davriga kelib sirlar ochila boshlangach, 1990 yilda Nazir To‘raqulovning qabri Moskva viloyatidagi «Kommunarka» deb atalgan maxsus qabristonda ekani aniqlanadi.
Bu yerda undan boshqa yana 6,5 ming nafar nohaq qatag‘on qilingan shaxslar ko‘mib yuborilgani ma’lum bo‘ladi. Hozirgi paytga kelib bu qabristonga ko‘mib yuborilganlardan 4,5 mingtasining shaxsi aniqlangan, qolganlariniki noma’lumligicha qolmoqda.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
19:39 / 21.11.2024
SSSR tarixidagi eng yirik o‘g‘rilik: qatl etilgan amakivachchalar
08:10 / 12.11.2024
O‘zbekistonga Saudiya kompaniyalarining qariyb 2,5 mlrd dollarlik investitsiyalari jalb etiladi
19:01 / 11.11.2024
O‘zbekiston va Saudiya bosh prokurorlari tergov va axborot almashinuvida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzoladi
09:25 / 11.11.2024