O‘zbekiston | 19:19 / 11.09.2022
51427
10 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning eng baland tog‘lari joylashgan go‘sha: «Hisor» davlat qo‘riqxonasi haqida (Fotogalereya)

«Hisor» davlat qo‘riqxonasi bu yerda O‘zbekistondagi eng baland tog‘larning bir qismi joylashgani bilan ajralib turadi. Shuningdek, qo‘riqxona hududidagi muzliklardan zilol suvli bir nechta daryolar oqadi va ular Qashqadaryoning katta qismini suv bilan ta’minlaydi. Bundan tashqari, qo‘riqxonaning boy hayvonot va o‘simlik dunyosi hamda go‘zal tabiati bor.

Foto: Kun.uz

Umrida bir marta bo‘lsa-da Qashqadaryoga bormagan odamlar orasida bu viloyatni faqat cho‘llardan iborat, issiq joy deb o‘ylaydiganlar yetarlicha bor. Aslida esa cho‘llar bilan birga O‘zbekistondagi eng baland tog‘lar, yozda ham odam sovqotadigan salqin joylar va chiroyli manzaralar Qashqadaryo viloyatida joylashgan.

Viloyatning Chiroqchi, Ko‘kdala, Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘, Qamashi, va Dehqonobod tumanlarining bir qismi tog‘li hududlardan iborat. Tog‘larning quyi qismida o‘rmonlar va butazorlar, yuqori qismida muzliklar joylashgan bo‘lib, u yerda ko‘plab noyob hayvonlar yashaydi.

Tog‘lardagi yovvoyi tabiatni asrash uchun Shahrisabz, Yakkabog‘ va Qamashi tumanlarining tog‘li qismida «Hisor» davlat qo‘riqxonasi tashkil etilgan.

Yaqinda Kun.uz’ning bir guruh xodimlari O‘zbekistonning eng baland nuqtalardan biri bo‘lgan «Hazrati Sulton ziyoratgohi» cho‘qqisiga chiqish uchun Qashqadaryoga borganida  «Hisor» davlat qo‘riqxonasida ham bo‘lib, u yerda ishlovchi xodimlarning faoliyati bilan tanishdi.

 «Hisor» qo‘riqxonasi haqida

Qo‘riqxona ilmiy xodimi Behruz Begaliyevning ma’lumot berishicha, «Hisor» davlat qo‘riqxonasi 1983 yilda Qashqadaryo viloyatidagi ikki mustaqil Miroqi va Qizilsuv qo‘riqxonalarini birlashtirish natijasida tashkil etilgan.

Qo‘riqxona hududi «Hisor» tog‘ tizmasining shimoliy-g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, uning umumiy maydoni 81 ming gektar. Shundan 2 ming gektar hudud ekoturizmni rivojlantirish uchun ajratilgan qo‘riqlanma zona hisoblanadi.

Qo‘riqxona 4 ta bo‘limga bo‘lingan:

— G‘ilon bo‘limi – 18 838,1 gektar;

— Miraki bo‘limi – 11 821 gektar;

— Tanxozdaryo bo‘limi – 20 233 gektar;

— Qizilsuv bo‘limi – 30 094 gektar.

Qo‘riqxonaning butun hududi yagona massiv sifatida sharqdan g‘arbga 37, shimoldan janubga 90 kilometrga cho‘zilgan.

O‘zbekistondagi eng baland tog‘lar

Qo‘riqxona hududida O‘zbekistondagi eng baland cho‘qqilardan bir nechtasi joylashgan. Jumladan, Hazrati Sulton tog‘i – 4 337 metr, Xo‘ja-kirshavor – 4303 metr, To‘rtqo‘ylik – 4366 metr, Bibi-O‘lmas tog‘i – 4349 metr. Bundan tashqari, qo‘riqxona hududida 4 ming metrdan baland bo‘lgan yana bir nechta nomsiz cho‘qqilar joylashgan.

Qo‘riqxona hududida joylashgan cho‘qqilardagi muzliklaridan Surxondaryo va Qashqadaryo tomonga qarab bir nechta daryo oqadi.

Ularning eng yiriklari Oqsuv, Tanxozdaryo va Qizildaryo daryolari hisoblanadi. Daryolarning o‘zanlarida bir nechta katta-kichik sharsharalar mavjud. Eng baland sharshara Suvtushar sharsharasi bo‘lib, uning balandligi 84 metrga yetadi.

Bundan tashqari,  «Hisor» davlat qo‘riqxonasi hududida katta-kichik 10 ga yaqin ko‘l bor. Jumladan, G‘ilon bo‘limida 3 ta, Miraki bo‘limida 3 ta, Tanxozdaryo bo‘limida 1 ta va Qizilsuv bo‘limida 3 ta ko‘l mavjud. Bugungi kunga qadar ular to‘liq o‘rganilmagan, faqat ko‘llarning dengiz sathidan balandligi, sathining eni va bo‘yi aniqlangan xolos.

O‘simliklar dunyosi

Qo‘riqxonaning o‘simliklar dunyosi juda boy va xilma-xil bo‘lib,  u yerda jami 1500 turdagi o‘simliklar o‘sishi aniqlangan. Ular 81 oilaga kiruvchi 384 turkumga mansub.

O‘simliklarning 250 turdan ortig‘i dorivor va ozuqabob hisoblanadi. Ulardan qirqbo‘g‘im, zira, zirk, oltin tomir, chakanda, buymadaron, shuvoq, sumbul, kiyik o‘ti, qizilpoycha xalq tabobatida, anzur piyoz, ravoch, zira kabilar ozuqabob o‘simlik sifatida ishlatiladi.

Qo‘riqxonada hududida kamyob va yo‘qolib borayotgan 27 tur o‘simlik O‘zbekiston «Qizil Kitob»iga kiritilgan. Dilband lola, ulug‘vor lola, nor shirach, oq parpi, sunbul kovrak, chinnigul shular jumlasidan. Shuningdek, o‘simliklarning 80 dan oshiq turi endemik hisoblanadi.

Hayvonot dunyosi

 «Hisor» davlat qo‘riqxonasi hududida umurtqali hayvonlarning 276 turi uchrashi aniqlangan.

Jumladan:

  • Sut emizuvchilarning 32 ta turi;
  • Qushlarning 225 ta turi;
  • Sudralib yuruvchilarning 17 turi;
  • Suvda va quruqlikda yashovchilarning 2 turi; 
  • Baliqlarning 2 ta turi bor.

Qo‘riqxona hududida 17 turdagi noyob hayvonlar yashaydi.

Shundan:

  • Sut emizuvchilarning 6 ta turi;
  • Qushlarning 7 turi;                                    
  • Sudralib yuruvchilarning 3 ta turi;
  • Baliqlarning 1 turi yashaydi.

«Hisor» qo‘riqxonasida xalqaro Qizil kitob va O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 12 turdagi hayvon va qushlar yashaydi. Ulardan yettitasini qushlar, beshtasini sut emizuvchilar tashkil etadi.

Qo‘riqxona xodimlari tomonidan o‘rnatiladigan fotoqopqonlarga qor qoploni, Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘i, O‘rta Osiyo qunduzi, Turkiston silovsini kabi noyob hayvonlar tez-tez tushib turadi.

Qo‘riqxona nazorati

Bugun «Hisor» davlat qo‘riqxonasi jami 56 nafar xodim ishlaydi. Ular qo‘riqxonadagi to‘rtta bo‘limga taqsimlangan bo‘lib, tunu-kun nazorat ishlarini olib borishadi.

Xodimlarga 3 ta maxsus yo‘ltanlamas mashina, 34 bosh ot ajratilgan. Shuningdek, ular turli mavsumlarga mos kiyim-kechaklar, barcha ish qurollari bilan ta’minlangan. Xodimlar sharoitga qarab ba’zi joylarda mashinalar bilan, ular chiqib bora olmaydigan baland tog‘larda otlar bilan yurib, qo‘riqxonadagi vaziyatni nazorat qilishadi.

«Bizning ishimizda ot eng yaxshi ko‘makchi. Qo‘riqxona hududida yo‘llar uncha ko‘p emas, shu bois katta hududni nazorat qilishda xodimlarga otlar berilgan. Uzoq yo‘llarda, dengiz sathidan 2,5-3 ming metrdan baland tog‘larga chiqib tushishda otlarning ularning xizmati beqiyos», deydi B.Begaliyev.

Qo‘riqxona xodimlarining har biriga maxsus mastur bilan jihozlangan telefon apparatlari hamda durbinlar berilgan. Xodimlar ular yordamida qo‘riqxona hududida sodir etiladigan qoidabuzarliklarni ham aniqlay olishadi.

Bundan tashqari, qo‘riqxonani nazorat qilish maqsadida uning hududida 80 ta fotoqopqon o‘rnatilgan. Xodimlar vaqti-vaqti bilan ularni yozib olingan kadrlarni tekshirib turishadi. Bu fotoqopqonlarga qo‘riqxona hududida yoshayotgan noyob hayvonlar ham tez-tez tushib turadi.

Manzara va salqin havo

Biz borganimizda qo‘riqxona hududidagi qir-adirlar yam-yashil edi. Tog‘lar tepasida muzliklar, quyiroq qismida esa archazor o‘rmonlar joylashgan. Tog‘ daralaridan oqib tushayotgan daryolarda zilol suvlar oqib turibdi.

B.Begaliyevning aytishicha, yoz oylarida ham tog‘larda havo juda salqin bo‘ladi. Yoz chillasida tog‘larning eng tepa qismida tunda havo harorati +2, -1 atrofida bo‘ladi. Pastroqlarda esa tunda +5, +10, kunduzlari +15, +25 daraja issiq bo‘ladi.

Tunda Hazrati Sulton ziyoratgohi cho‘qqisiga chiqqanimizda tunda issiq kiyimlar bilan ham sovqotib qoldik. Tog‘ tepasiga chiqar ekanmiz, kunduzi oqib turgan buloqlarning tunda muzlab qolganiga ko‘zimiz tushdi.

B.Begaliyevning aytishicha, odamlarning tabiatga bepisand munosabati qo‘riqxona hududlarida ham sezilmoqda.

«So‘nggi yillarda qo‘riqxona hududiga ko‘plab ekoturizm ixlosmandlari kelishmoqda. Shu jumladan aholi orasida mashhur bo‘lgan «Hazrati Sulton ziyoratgohi» cho‘qqisiga chiqish uchun belgilangan kunlarda oralig‘ida har kuni qo‘riqxona hududiga o‘rtacha 100-150 nafar odam keladi. Bundan tashqari, yoz bo‘yi salqin joylarda dam oluvchilar ham kelishadi. Ularning orasida tabiatga bepisandlik bilan munosabatda bo‘layotganlar va chiqindilarni turli joylarga uloqtirib ketayotganlar ham bor. Shu uchun ham cho‘qqi ostidagi maxsus joyga va boshqa hududlarga xodimlarimizni biriktirganmiz, ular tun-u kun atrof-muhit tozaligini ham nazorat qilishadi», deydi B.Begaliyev.

Qo‘riqxona xodimlari bilan xayrlashar ekanmiz, bu yerlarga yana kelishni niyat qilib ortga qaytdik.

Foto: «Hisor» davlat qo‘riqxonasi
Foto: «Hisor» davlat qo‘riqxonasi
Foto: «Hisor» davlat qo‘riqxonasi
Foto: «Hisor» davlat qo‘riqxonasi
Foto: «Hisor» davlat qo‘riqxonasi
Foto: «Hisor» davlat qo‘riqxonasi
Foto: «Hisor» davlat qo‘riqxonasi
Foto: «Hisor» davlat qo‘riqxonasi

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid