O‘zbekiston | 11:20 / 11.09.2022
21591
10 daqiqa o‘qiladi

Siyosatshunoslar – ShHT a’zolarining davlat tuzumi, tashkilotga a’zolikning O‘zbekiston uchun yutuq va xatarlari haqida

Yana bir haftadan keyin – 16 sentabr kuni Samarqandda Shanhay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti boshlanadi.

Tadbir davomida tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida qator ko‘p tomonlama va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi, xavfsizlik va iqtisodiy sohada hamkorlikni kuchaytirishga oid kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.

Ammo bu yerda tashkilotga a’zo davlatlar uchun ma’lum xavf va xatarlar ham borki, bu birinchidan, G‘arb saksiyalari ostidagi Rossiya bank va moliya institutlari bilan hamkorlik va bu hamkorlik orqali ikkilamchi sanksiyalariga tushib qolish xavfi bo‘lsa, ikkinchidan, tashkilotning siyosiylasha borishi mumkinligi, shuningdek, "tuzumlar eksporti" hisoblanadi.

Kun.uz muxbiri tashkilotning Samarqand sammiti haqida siyosatshunoslar – Anri Sharopov, Hamid Sodiq va iqtisodchi, sobiq moliya vaziri o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov bilan suhbatlashdi.

Kun.uz: —

Intervyuni boshlarkanmiz, avvalo sizlardan ShHT sizning nazdingizda qanday tashkilot ekani borasida fikrlaringizni so‘ramoqchiman.

Ko‘ryapsizlar, Rossiya OAVlari bugun bu tashkilotni g‘arbga qarshi tuzilma sifatida talqin qilyapti. G‘arbning ham bu borada o‘z fikrlari bor.

O‘zbekiston rasmiylari esa ShHT haqida gapirganda, unga nisbatan universal tashkilot iborasini ishlatyapti. Xo‘sh, ShHT o‘zi qanday tashkilot-u, uning universalligi nimada?

Anri Sharopov, siyosatshunos: —

Tashkilotning tuzilishi 1996 yil Xitoy va Sobiq sovet davlatlarining chegara va chegara atrofi mustahkamligini ta’minlash maqsadidan kelib chiqadi. Bundan ham avvalgi tarixga e’tibor qiladigan bo‘lsak, bu chor Rossiyasi va Tsin imperiyalari o‘rtasidagi davom etgan va 96 yilgi shartnomadan so‘ng Shanhay beshligiga aylangan.

Anri Sharopov

Afg‘onistondagi vaziyat tufayli Markaziy Osiyoda xavfsizlik masalalari dolzarblashganidan keyin 2000-2001 yillarda O‘zbekiston ishtiroki bilan tashkilot ShHTga aylantirildi.

Hozir biz axborot jamiyatida yashayapmiz. Shu bois axborot xurujlarining bo‘lishi tabiiy hol. Har qanday davlat faoliyat olib borishda ana shu media resurslardan foydalanadi. Bu tashkilot muhim bir mexanizm hisoblanadi. Mamlakatimiz olib boradigan siyosatga qaraladigan bo‘lsa, bu siyosat asosini bloklarga qo‘shilmaslik, progmatizm va o‘zaro bog‘liqlik tashkil qiladi.

Kun.uz: —

Sizningcha, bu tashkilotning universalligi nimada?

Anri Sharapov, siyosatshunos: —

Universalligi shundaki, unda tarkibi jihatidan turli shaklda bo‘lgan davlatlarning borligi. Unda turli mintaqa davlatlari o‘zining manfaatlaridan kelib chiqqan holda hamkorlikka intilayotganligini ko‘rishimiz mumkin.

ShHTga Pokiston va Hindiston qo‘shilishi misolida qarasak ham ular nafaqat hamkorlik masalasi, balki o‘zidagi ziddiyatga to‘la munosabatga qaramasdan mana shu tashkilotga qiziqish bildirmoqda. Shu konteksdan kelib chiqqan holda universalligimizni e’tirof etganimiz maqsadga muvofiqdir.

Abdulla Abduqodirov, iqtisodchi, sobiq moliya vaziri o‘rinbosari: —

ShHT universalligining yana bir xususiyati shundaki, tashkilot doirasida nafaqat iqtisodiy hamkorlik, balki harbiy, siyosiy hamkorlik masalalari ham ko‘tariladi. Birinchidan, bloklarga qo‘shilmaslik, ikkinchi masala, ShHTning a’zo davlatlari ro‘yxatiga qaraydigan bo‘lsak, Xitoy bor, Hindiston bor.. Bu ikki mamlakatning geosiyosiy va iqtisodiy jihatdan intilishlar bir xil deb o‘ylash katta xato bo‘ladi. Lekin bugungi kunda tashkilot atrofidagi shov-shuvlarga sabab, albatta, Ukrainadagi urush. Ikkinchidan, bu uchrashuvda Putinning shaxsan ishtirok etishi va uning prezident Tsi bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuvi.

Abdulla Abduqodirov

Qarang, bugun tongda tvitterga kirganimda, O‘zbekiston haqida 2002 ta tvit bo‘lgan ekan. Uning 800 tachasi Putin va Tsi uchrashuvi haqida. 500 ga yaqin foydalanuvchi betaraf tvit qoldirgan. Bu g‘alati holat, lekin yaxshi. E’tibor qilinyapti. Sababi ikki qudratli davlatning rahbarlari e’tibor qaratishyapti.

Ammo rus OAVlarida buni g‘arbga qarshi harakat sifatida ko‘rsatishga intilishmoqda.

Kun.uz: —

Ha, eng qizig‘i, rus OAV O‘zbekiston rasmiylarining “ShHT bu qandaydir harbiy yoki g‘arbga qarshi blok emas”, degan so‘zlarini yoritayotgani yo‘q. Ular faqat bir tomonlama, o‘ta sub’yektiv ma’lumotlarni ulashmoqda.

Yana qiziq tomoni shundaki, rus saytlarida izlab ko‘rsangiz, biz gapirgan gaplarga ulanma chiqmaydi. Xuddi bu xabar bo‘lmaganidek. Bir tomonlama, sub’yektiv yoritish bo‘lmoqda. To‘g‘ri aytildi, bu o‘zaro axborot maydonida propagandaning kurashi. Lekin biz bu sammitni Samarqandda qabul qilyapmiz. Qolaversa, bu sammitga ikki yildan ortiq tayyorgarlik ko‘rildi. Samarqand yanada go‘zallashgan: yo‘llar obod, yangi inshootlar qad rostlagan. Tadbirkorlarga imkoniyat yaratilganki, juda chiroyli biznes outletlar qurilibdi. Bu albatta mamlakatimizning mezbon sifatida berayotgan e’tibori va sa’y-harakatining kimlar uchundir propaganda bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.

Hamid Sodiq, siyosatshunos: —

SSSR qulagandan keyin mustaqil bo‘lgan sobiq ittifoq hududlarida demokratik tendensiya boshlandi. Ko‘p siyosatchilar bunga demokratik “bum” sifatida ham qarashdi.

Hamid Sodiq

Ma’lumki, Xitoy yonidagi davlatlarda o‘zining siyosiy madaniyatiga qarshi bo‘lgan boshqa bir siyosiy madaniyat shakllanadimi yoki yo‘qmi degan xavotirga tushadi. O‘zi aslida, Xitoyning siyosiy madaniyatidan ham ko‘ra, siyosiy madaniyat chaqiradigan hodisalar ularni juda xavotirlantirardi. Masalan, Markaziy Osiyo mamlakatlari hududida demokratik siyosiy rejim bo‘ladigan bo‘lsa, bu hududlarda juda ko‘p musulmon aholi va milliyatchilarning mavjudligi, hokimiyatga islomiy tafakkurdagi yoki milliyatchilik ruhidagi elita keladigan bo‘lsa, ularning o‘rtasida ziddiyatlar bo‘lishi aniq edi. Nima uchun? Unaqa ziddiyatlar bo‘ladi, chunki Xitoyning juda katta qismini egallagan Shinjon uyg‘ur respublikasi bor. Ularning tili o‘zbek tiliga yaqin, madaniyati ham yaqin va ular arab tilida yozadi va juda katta qismini musulmonlar tashkil qiladi. Bu yerda mana shunday integratsion jarayon bo‘lmasligi uchun Xitoyda bir xavotir bor edi. Va o‘ylandiki, xalq demokratik talablar bilan chiqadigan bo‘lsa, buning oldini olish maqsadida ular Markaziy Osiyo bilan qandaydir integratsiyani yo‘lga qo‘yish haqidagi g‘oyani ilgari surdi va aynan Xitoyning tashabbusi bilan ShHT vujudga kelganligini ko‘rishimiz mumkin.

Ya’ni Xitoyning tarixiy va hozirgi rejalari bo‘yicha ShHT o‘zining vazifasini 100 foiz bajarib kelyapti. Xitoyning asosiy niyati, bu yerda islomiy renessans va hokimiyatga milliyatchilarning kelmaslik masalasi. Shinjon-uyg‘ur masalasi Xitoy uchun – bu Yevropa Bolqoni kabi xavfli hisoblanadi.

Rossiya esa milliyatchilarning hokimiyatga kelishi va umuman, islomiy rivojlanishdan uncha cho‘chimaydi. Chunki uning hududida islom bilan bog‘liq muammolar yo‘q, lekin Rossiyani O‘zbekiston va sobiq ittifoq hududlaridagi siyosiy madaniyatning o‘zgarishi xavotirga soladi. Putin nazdida eng xatarlisi shu. Chunki atrof mamlakatlarda siyosiy rejim o‘zgaradigan bo‘lsa, biz Rossiyanikiga inklyuziv bo‘lgan boshqa bir madaniyatga o‘tadigan bo‘lsak, Rossiya siyosiy elitasi roziligidagi insonlar emas, balki boshqa insonlar siyosiy elitani boshqaradigan bo‘lsa, bu ularga ma’qul emas.

Xitoy bilan Rossiyaning bu yerdagi niyatlari bir-biriga yaqin. Rossiya siyosiy madaniyat borasida xavotirda, Xitoyning esa islomiylashish va milliyatchilarning hokimiyatga kelishi masalasida xavotirlari bor va ShHTning ekzestenzial niyatlari nuqtai nazaridan bu tashkilotda ikkita katta o‘yinchi bor. Shularning niyatlari nuqtai nazaridan ShHT o‘zining asosiy vazifalarini bajarib kelyapti. Shuning uchun ham bu tashkilot barqaror. Shuning uchun ham biz ShHT qanday hujjatlarni qabul qilyapti desa, aniq bir hujjatlarni ko‘ra olmaymiz. Lekin umumiy bir maqsadni olib qaraydigan bo‘lsak, bu tashkilot o‘z vazifasini bajarib kelyapti. Mening nazarimda, universallik deganimizda, bu mamlakatlarning siyosiy madaniyati va siyosiy rejimining o‘ziga xosligi bilan asoslanadi. Ya’ni buni tashkilotlarning cho‘ntagida qanday qurol bor va uni qachon qo‘llashni bilmaslik bilan ifodalash mumkin. U bir gibrid tashkilot sifatida ko‘zga tashlanadi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid