O‘zbekiston | 20:20 / 12.09.2022
45894
8 daqiqa o‘qiladi

ShHTning Samarqand sammiti. Nimalar kutilmoqda?

 ShHTga a’zo davlat rahbarlarining 15-16 sentabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan sammiti ancha kengaytirilgan formatda o‘tishi kutilyapti. Ushbu tashkilotning xalqaro munosabatlar tizimida tutgan o‘rni ham yildan yilga kuchayib bormoqda. Samarqand sammitining O‘zbekiston uchun ahamiyatli jihatlari nimalardan iborat?

ShHT haqida

Shanhay hamkorlik tashkiloti (ShHT) – 2001 yil 15 iyunda Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston rahbarlari tomonidan tashkil etilgan xalqaro mintaqaviy tashkilot. ShHTning vujudga kelish tarixi “Shanhay beshligi“ deb atalgan uyushma faoliyati bilan bog‘liq. Dastlab Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston davlatlari rahbarlari (“Shanhay beshligi“) uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Unda chegaradosh mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash (1996 yil) va qo‘shma chegarada qurolli kuchlar va qurol-yarog‘larni qisqartirish (1997 yil) to‘g‘risida 2 ta bitim imzolangan edi.

ShHTning xalqaro maydondagi ta’siri o‘sib borishi bilan mintaqadagi boshqa davlatlarning ham mazkur tashkilot faoliyatida ishtirok etishga bo‘lgan qiziqishi ortdi. 2017 yilda ShHT safi ikki yangi ishtirokchi – Hindiston va Pokiston bilan kengaydi. Hozirda 8 mamlakat ShHTning doimiy a’zosi hisoblanadi, 4 mamlakat esa kuzatuvchi maqomiga ega (Belarus, Afg‘oniston, Eron, Mo‘g‘uliston) va 6 mamlakat muloqot bo‘yicha hamkorlar sanaladi (Turkiya, Ozarboyjon, Nepal, Shri-Lanka, Kambodja, Armaniston).

Samarqand sammitida Eron ShHT yangi doimiy a’zosi sifatida tanishtirilishi kutilmoqda.

Samarqand sammitida kimlar ishtirok etadi?

Samarqand sammitida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Xitoy raisi Si Jinping, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Eron prezidenti Ibrohim Raisiy, Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ishtirok etishi kutilmoqda.

Shuningdek, BMT hamda uning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi, YuNeSKO, MDH, KXShT, YeOIK, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi kabi xalqaro tashkilotlar ham Samarqand sammitida ishtirok etadi.

«ShHT — G‘arbga qarshi tuzilgan tashkilot emas»

O‘zbekistonning ShHT ishlari bo‘yicha milliy koordinatori Rahmatilla Nurimbetov Kun.uzʼga bergan intervyusida a’zo davlatlar yetakchilari global va mintaqaviy masalalar bo‘yicha fikr almashishi mumkinligi, ammo bu masala bo‘yicha qaror loyihasi, hujjatlar, eng asosiysi, Samarqand deklaratsiyasida ham hech qanday geosiyosiy maqsadlarni ko‘zlaydigan bayonot, chaqiriqlar bo‘lmasligini aytib o‘tgandi .

Umuman olganda esa, ShHTning ikki eng katta a’zosi – Rossiya va Xitoyning G‘arb bilan munosabatlari oxirgi geosiyosiy voqealar fonida yomonlashib ketdi. Kuzatuvchi maqomidagi Belarus va Eron haqida ham shunday deyish mumkin. Ammo tashkilotning xalqaro munosabatlar tizimida yangi dunyo tartibotini shakllantirishdagi o‘rni va roli sezilarli ravishda cheklangan. Buning asosiy sababi – unga a’zo davlatlar ichida tashkilotning xalqaro siyosat va global iqtisodiyotning dolzarb muammolariga nisbatan umumiy yondashuvlari qanday bo‘lishi kerakligi xususida yakdillik mavjud emas.

Bundan tashqari, a’zo mamlakatlarning bir qanchasi ShHT harbiy tuzilmaga aylanishini qo‘llab-quvvatlamaydi. Xususan, amaldagi Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasida O‘zbekistonning harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmasligi, har qanday davlatlararo tuzilmalar harbiy-siyosiy blokka aylangan taqdirda ulardan chiqish huquqini o‘zida saqlab qolishi ko‘zda tutilgan.

"Shanhay hamkorlik tashkiloti– siyosiy yoki harbiy blok emas, balki ochiq, keng mintaqaviy va global hamkorlik tarafdori, unda barcha ishtirokchilar teng va bir-birlarining manfaatlariga hurmat bilan qaraydi. Qolaversa, shakllanayotgan yangi dunyoda ShHT bugunning va kelajakning chaqiriq va tahdidlariga qarshi samarali muloqot mexanizmi bo‘lishi kerak", deya ta’kidlangan Prezident Shavkat Mirziyoyevning maqolasida.

Eng katta mintaqaviy tashkilot

ShHTga a’zo davlatlarning umumiy hududi 34 million kvadrat kilometrdan ortiq, ya’ni Yevrosiyo hududining 60 foizini tashkil qiladi, umumiy aholisi esa taxminan 3,4 milliard kishiga teng. 2021 yilda a’zo davlatlarning (Eronni ham qo‘shib hisoblaganda) umumiy YaIM miqdori 23,5 trillion dollarni (jahon yalpi ichki mahsulotining 24 foizini) tashkil etgan.

ShHT doirasidagi o‘zaro hamkorlikning O‘zbekiston uchun asosiy ustuvor yo‘nalishlari

O‘zbekiston tashqi siyosatida ShHT alohida o‘rin tutib, tashkilotga a’zo davlatlar O‘zbekistonning eng yaqin qo‘shnilari va strategik hamkorlari hisoblanadi.

Yaqin va o‘rta kelajakda O‘zbekistonning ShHTga nisbatan strategiyasida eng ustuvor maqsadlardan biri – undagi mavjud xalqaro transport va tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish, xususan, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi transport va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni shakllantirishdan iborat bo‘lishi kerak. Samarqand sammiti ushbu strategik vazifani hayotga tatbiq etish uchun muloqotda yaxshi imkoniyat bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston uchun yana bir ustuvor yo‘nalishlardan biri – ShHTning Afg‘onistonga nisbatan strategiyasini ishlab chiqish. Bu Afg‘onistonni nafaqat mintaqadagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarga faol jalb qiladi, balki ushbu mamlakatda siyosiy voqealar ijobiy rivojlanishiga ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Bugungi kunda tashkilotga a’zo tomonlar Afg‘oniston bo‘yicha umumiy va yakdil pozitsiyaga ega emas. Xususan, bu borada Xitoy va Hindiston pozitsiyasi bir-biriga zid. Xitoy “Tolibon” hokimiyati bilan hamkorlikni qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, Hindiston va Tojikiston inklyuziv afg‘on hukumati tuzilishidan manfaatdor.

O‘zbekiston uchun yana bir muhim jihat Rossiya va XXR tomonidan ShHTni geosiyosiy kurashlar vositasiga, birinchi navbatda uni G‘arbga qarshi faoliyat ko‘rsatuvchi siyosiy yoki siyosiy-harbiy blokka aylantirish bilan bog‘liq ehtimoliy sa’y-harakatlariga qarshilik ko‘rsatish hisoblanadi.

Respublikaning oxirgi yillardagi tashabbuslarida nafaqat xavfsizlik, balki iqtisodiy, transport-logistika, madaniy-gumanitar, turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida urg‘u berilmoqda.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, ShHT dunyodagi geosiyosiy va geoiqtisodiy jarayonlar ta’siri ostida kelajakda bir qancha ssenariylar asosida rivojlanishi mumkin.

Birinchisi – “katta”, “o‘rta” va “kichik” davlatlar manfaatlari bir balansda ushlab qolinadi va hozirgi “status-kvo” o‘zgarmaydi. Bunda shartli Rossiya yoki Xitoy hozirgi kabi tuzilmada yaqqol yetakchi bo‘la olmaydi.

Ikkinchisi – vaqt o‘tishi bilan Hindistonning Pokiston va Xitoy bilan konfliktli munosabatlari yumshashi natijasida ushbu mamlakatlarning ShHT doirasidagi o‘zaro hamkorligi yanada rivojlanishi mumkin.

Uchinchisi – ShHT Afg‘oniston va Yaqin Sharq mamlakatlari hisobiga kengayishi natijasida Yevrosiyoda yangi tartibotni shakllantirishda asosiy rolni o‘ynay boshlaydi.

Mavzuga oid