O‘zbekiston | 15:19 / 13.09.2022
2501
3 daqiqa o‘qiladi

Ekspert: «Prezident maqolasida dunyoda o‘zaro ishonch yo‘qolib borayotgan bir vaqtda birlashish muhimligi ta’kidlanadi»

ShHT sammiti boshlanishi arafasida ko‘plab ekspertlar Samarqandda bo‘lib turishibdi. TIV qoshidagi Xalqaro munosabatlar bo‘yicha axborot-tahlil markazi eksperti Shahodat Hoshimova Kun.uz muxbirining savollariga javob berdi.

Ekspert O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sammit arafasida yozgan maqolasi haqida fikr bildirar ekan xalqaro hamjamiyatda nostabillik hukm surayotgan hozirgi kunda bu maqola birlashish muhimligiga urg‘u berganini aytdi.

«ShHT sammiti arafasidagi O‘zbekiston prezidentining maqolasi o‘z vaqtida e’lon qilindi deb o‘ylayman. Biz bu yil sammitga mezbonlik qilamiz va bu maqola avvalo tashkilotning, keyin bu galgi sammitga biz raislik qilishimizning ahamiyati qanchalik yuqori ekanini ochib bergan. Maqolada bugungi xalqaro hamjamiyatda o‘zaro hurmat, ishonch yo‘qolib borayotgan, turli inqirozlar va nostabillik kuzatilayotgan bir vaqtda birlashish muhimligi ta’kidlanadi. Prezident aytganiday ShHT har bir a’zo tomonlar kuchliligi bilan kuchlidir, bu O‘zbekistonning tashkilotdagi shiori ham», deydi Hoshimova.

Ekspert sammit Samarqandda o‘tayotgani ham alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

«Ushbu sammit ShHTning tashkilot sifatida rivojlanishi, shuningdek, ko‘p qirrali hamkorlikda yangi yo‘nalishlar ochish uchun asos bo‘la oladi. Sammitda 15 ta davlat va 10 ta xalqaro tashkilotlar ishtiroki kutilmoqda. Bu esa uning ahamiyatini oshiradi. Sammit madaniy jihatdan farqli bo‘lgan turli davlatlarni iqtisodiy jihatdan birlashtirishga xizmat qilishi kerak. Hozirgi kunda sammitni yoritish bo‘yicha axborot yo‘nalishini ijobiy deyish mumkin.

Ushbu sammit O‘zbekistonning tashkilotdagi roli oshib borayotganini ko‘rsatadi. Samarqand sammitida rekord miqdorda shartnomalar imzolanadi. Sammit Samarqand uchun ham ahamiyatli tadbir hisoblanadi. Bu shahar azaldan turli fikr va g‘oyalar almashish o‘chog‘i bo‘lgan. Samarqand Buyuk ipak yo‘lida joylashgan shahar, shu tariqa biz Buyup ipak yo‘li an’anasini davom ettiryapmiz. O‘z navbatida Samarqandning fikr almashish uchun qulay hudud ekani borasidagi statusini mustahkamlayapmiz», dedi Shahodat Hoshimova.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid