ShHT kundaligi: Mirziyoyev – Samarqandda, 6 ta davlatga yangi status va boshqalar
Ertadan Samarqand shahrida transportlar harakatiga cheklovlar kuchga kiradi. Ilk mehmonlar kelishni boshlaydi. Sammitga doir bugungi eng asosiy yangiliklar – ShHT kundaligida.
Shanhay hamkorlik tashkiloti sammiti boshlanishiga 2 kun qoldi. Bugun, 13 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga yetib keldi. Davlat rahbari dastlab Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Shundan keyin birinchi prezident Islom Karimov qabri ham ziyorat qilindi.
ShHTdagi milliy koordinatorlarning bugungi yig‘ilishida Eron ortidan Belarusning ham to‘laqonli a’zoligi to‘g‘risidagi arizasi ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, sammitda oltita davlatga ShHTning muloqot bo‘yicha hamkori degan status berilishi ma’lum bo‘ldi. Bu davlatlar – Misr, Qatar, Saudiya Arabistoni, Bahrayn va Maldiv orollari. Oltinchi mamlakat nomi hozircha ochiqlanmadi.
O‘zbekiston vakili Rahmatilla Nurimbetovning aytishicha, Samarqand sammitida ShHTning kengayishi bo‘yicha juda katta muvaffaqiyatlarga erishiladi.
Nurimbetov sammitning asosiy hujjati – Samarqand deklaratsiyasida nimalar yozilgani haqida ham ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, deklaratsiyada ShHTni rivojlantirish bo‘yicha a’zo davlatlar qanday yondashuvga kelishib olgani e’lon qilinadi. Bundan tashqari, hozirgi xalqaro va mintaqaviy vaziyat borasida tashkilotning pozitsiyasi ko‘rsatiladi.
Bugun, shuningdek, Kinematografiya agentligida ShHT davlatlarining kinoforumi o‘tkazildi. Toshkentdagi kinoteatrlar va konsert zallarida ShHT mamlakatlari kinosi kunlari boshlandi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan xabarga ko‘ra, sammit mehmonlariga tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Samarqandda 1303 qisqa raqamli koll-markaz ochilgan. Mehmonlar tez yordamga qo‘ng‘iroq qilishsa, go‘shakni chet tilini biladigan operatorlar ko‘taradi. Sog‘liqni saqlash vazirligi 50 ta tibbiy brigada shay holatda ekani, ularning tarkibida deyarli hamma yo‘nalishlardagi vrachlar borligini ma’lum qildi.
Shaharda transportlar harakatiga 4 kunlik cheklov ertadan kuchga kiradi. Shu kuni shaharga ilk mehmonlar tashrifi boshlanadi. Birinchi bo‘lib Eron prezidenti Ibrohim Raisiy va Xitoy raisi Si Jinping kelishi kutilyapti. Ularning tashrifi rasmiy va davlat tashriflari maqomiga ega, shu sabab kengaytirilgan formatdagi tadbirlar ham rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, sammit 15-16 sentabr – payshanba va juma kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda 15 ta davlat rahbari ishtirok etadi. Tafsilotlar bilan Kun.uz'da tanishib boring.
Mavzuga oid
21:21 / 17.10.2024
O‘zbekistonning ShHT budjetidagi ulushi ma’lum bo‘ldi
15:39 / 08.07.2024
ShHT yana kengaydi. Bu tashkilotning amaliy emas, deklarativ xarakterini kuchaytiradimi?
18:48 / 04.07.2024
«Qarama-qarshilik va proteksionizm jahon iqtisodiyoti parchalanishi va yetkazib berish zanjirlari uzilishiga sabab bo‘lmoqda» - Shavkat Mirziyoyev
15:22 / 04.07.2024