O‘zbekiston | 10:49 / 15.09.2022
8942
6 daqiqa o‘qiladi

Quyosh va shamol elektr stansiyalarini xarid qilganlik uchun kompensatsiya to‘lanadi

Foto: Kun.uz

Prezident tomonidan “Energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon imzolandi.

2022 yil 1 oktyabrdan boshlab:

  • jismoniy shaxslar mamlakatda ishlab chiqarilgan quyosh va shamol elektr stansiyalari va quyosh suv isitgichlarini 3 yil mobaynida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lagan holda sotib olishi mumkin;
  • shunga o‘xshash qurilmalarni o‘rnatgan va ular qiymatini to‘liq to‘lagan shaxslar xarajatlari bir qismi Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiya tejash jamg‘armasi hisobidan qoplanadi. Kompensatsiya miqdori qurilma quvvatidan kelib chiqqan holda BHM 5 baravaridan 50 baravarini tashkil etadi.

Ushbu maqsadlar uchun 2022 yil yakuniga qadar davlat budjetidan jamg‘armaga 100 mlrd so‘m yo‘naltirish topshirilgan. Mahalliy ishlab chiqaruvchilardan, mahalliy chakana savdo obektlarida, elektron tijorat orqali qurilmalarni yetkazib beradigan va o‘rnatadigan korxonalardan qurilmalar sotib olinganida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi yoki yakuniy chakana narxdan kompensatsiya miqdori chegirib tashlanadi.

Shuningdek:

  • hududlardagi 34 mingdan ortiq obektlarda, shu jumladan 619 Yangi O‘zbekiston massivlarida va viloyatlardagi 28 mingdan ortiq uy xo‘jaliklarida muqobil energiya manbalarini joriy yetish;
  • vazirliklar va idoralar tarkibidagi 6 mingdan ortiq obektlarda muqobil energiya manbalari ulushini 30 foizga yetkazish (2023 yil yakunlari bo‘yicha);
  • “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarni mahalliy budjetlar hisobidan qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari bilan ta’minlash (2022 yilda ehtiyojmand oilalar 20 foizi, 2023 yilda 80 foizi);
  • qurilmalar egalari (jismoniy va yuridik shaxslar) tomonidan quvvati 1 MVtgacha bo‘lgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini sotish imkoniyati (faqat "Hududiy elektr tarmoqlari" va davlat tomonidan vakolat berilgan organga bunday energiyani sotib olishga ruxsat berilgan, bunda elektr energiyasini xarid qilish kamida o‘n yil muddat davomida amalga oshiriladi);
  • asosiy faoliyati quyosh, shamol elektr stansiyalari va kichik GES ishlab chiqarish va o‘rnatish bo‘lgan yuridik shaxslar, 2025 yilgacha tashkil etilgan yangi yuridik shaxslar tadbirkorlik sub’yektlari sifatida ro‘yxatdan o‘tgan kundan boshlab 3 yil davomida foyda solig‘i va mol-mulk solig‘ini belgilangan stavkalar 50 foizi miqdorida to‘laydi.

 
2023 yil 1 yanvardan boshlab:

  • mahalliy issiqlik ta’minoti tizimlariga ulangan barcha (davlat va xususiy) yangi va rekonstruksiya qilingan ijtimoiy obektlarni, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish obektlarini, ko‘p qavatli uylarni, maydoni 1 000 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan barcha savdo markazlarini loyihalashtirish va ishga tushirishda issiq suv hajmi kamida 25 foizi quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatish orqali qoplanishini ta’minlash lozim;
  • loyiha hujjatlarida qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini o‘rnatish ko‘zda tutilmagan holda qurilish ishlarini boshlash taqiqlanadi;
  • issiq suvdan foydalanish rejalashtirilgan, biroq quyosh suv isitish qurilmalari o‘rnatilishi nazarda tutilmagan yangi bino va inshootlarni (yakka tartibdagi uy-joy bundan mustasno) foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi;
  • energiya tejaydigan va qayta tiklanadigan energiya manbalari joriy etilishi ijtimoiy soha vakillari va boshqa budjet tashkilotlari rahbarlari va xodimlari KPI’ni shakllantirishda hisobga olinadi. 

Farmonda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab "Hududiy elektr tarmoqlari" va davlat tomonidan vakolat berilgan organ quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan GESda ishlab chiqilgan elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish;
  • quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan GESlarni qurish loyihalari tashabbuskorlari orasida g‘olibni aniqlash Ye-Auksion savdo maydonchasida o‘tkaziladigan, xarid qilish tariflarini pasaytirishga qaratilgan auksion orqali amalga oshiriladi;
  • bunday auksion savdosi umumiy davomiyligi 30 ish kunidan oshmaydigan tartib o‘rnatiladi, auksionda bir nafar ishtirokchi qatnashgan bo‘lsa ham u o‘tkazilgan hisoblanadi;
  • Energetika vazirligiga mikro va kichik GES qurish uchun yer uchastkalari ajratiladi va keyinchalik ushbu maydonlar uzoq muddatli ijara asosida auksion g‘olibiga topshiriladi. Bunda yer uchastkasini olib qo‘yish va ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar ijaraga oluvchi tomonidan qoplanadi. Ijaraga oluvchi ushbu yer uchastkasi soliq to‘lovchisi deb  hisoblanadi.

Hujjat bilan 5 MVt gacha quvvatga ega mikro GESlarni qurish bo‘yicha hududlar kesimidagi 200 ta loyihalar ro‘yxati va bu GESlarni qurish bo‘yicha biznes-loyihalarni moliyalashtirish uchun xususiy investorlarni jalb qilish sxemasi tasdiqlanmoqda.

Farmonda prezident ayrim hujjatlariga bir qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda. O‘zbekiston hududiga olib kirish taqiqlangan energiya samaradorligi D va undan quyi toifadagi energiya sarflovchi maishiy elektr priborlari ro‘yxatini belgilovchi qarorga qo‘shimcha kiritilmoqda (ro‘yxat TIF TN kodlari aks ettirilgan 18 ta nomdagi tovarlardan iborat).

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid