Jahon | 22:32 / 15.09.2022
20736
8 daqiqa o‘qiladi

Ukraina xavfsizlik kafolati rejasini e’lon qildi: mamlakat endi NATOga kirishdan voz kechmoqchi emas

Ukraina prezidenti ma’muriyati rahbari Andrey Yermak hamda NATO sobiq bosh kotibi Anders Fog Rasmussen Ukraina uchun xavfsizlik kafolati rejasini ishlab chiqishdi. Bu haqda Zelenskiy ofisi axborot xizmati ma’lum qildi.

Jon Gambrell / AP / Scanpix / LETA

Volodimir Zelenskiyning topshirig‘i bilan bu reja ustida ishlash borasida ekspertlar guruhi tuzilib, ular «Xavfsizlik bo‘yicha Kiyev kelishuvi» rejasini ishlab chiqqan. Hujjat Ukraina va uning xavfsizligiga garant bo‘luvchi davlatlar o‘rtasidagi strategik kelishuv ko‘rinishida ishlab chiqilgan.

Kelishuv Ukrainaning NATOga kirishi o‘rniga ishlab chiqilgan muqobil variant emas, shunchaki Ukraina alyansga kirguniga qadar xavfsizlikni ta’minlovchi hujjat bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Ukrainaning ittifoqchilari mamlakat qurolli kuchlarini qurol bilan ta’minlash majburiyatini qabul qilishga tayyorligi kutilmoqda. Shuningdek, maxsus guruh sanksiyalar atrofida tuzilgan noharbiy xavfsizlik kafolati taqdim etadi.

Ishlab chiqilgan rejada quyidagi kafolatlar ilgari surilgan:

  • BMT ustavining 51-moddasiga ko‘ra tajovuzkordan munosib himoyalanish imkoniga ega bo‘lish. Bu uchun Ukraina mudofaa sanoatiga investitsiya kiritish, ittifoqchilari tomonidan Ukrainaga yoppasiga qurol va razvedka ma’lumotlarini yetkazib berish, Yevropa ittifoqi va NATO bayrog‘i ostidagi qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish;
  • yangi tajovuzning oldini olish maqsadida harbiy, moliyaviy, infratuzilmaviy, texnik va informatsion choralar ko‘rish;
  • tajovuzkor-davlatga qarshi sanksiyalar qo‘llash. Xususan, tajovuzkor-davlat va sanksiyaga tushgan fuqarolarining mulklarini musodara qilib, ularni zararni qoplash uchun ishlatish;
  • Sanksiyalar Rossiya Ukraina xavfsizligiga tahdid solishni bas qilib, kelajakda Ukrainaga hujum qilmaslikka kafolat berganiga qadar amalda bo‘lishi kerak. Shuningdek, Rossiya urushda yetkazilgan zararni qoplamagunga qadar sanksiyalar o‘z kuchida qolishi lozim.

«Biz shunday qilishimiz kerakki, «Yana takrorlay olamiz» degan so‘z rossiyaliklarda vahima uyg‘otib, yomon xotiralarni eslatishi kerak. Va shunday qilishimiz kerakki, ruslar «Yana takrorlay olamiz» degan chaqiruvga «Aslo takrorlamaymiz» deb javob berishsin.

Buning uchun bizga ruslarning revansh istagini bartaraf eta oladigan, tajovuzkor-davlatda bunday istak paydo bo‘lgan taqdirda, ularga munosib zarar bera oladigan darajada kuchli harbiy qudrat kerak», deydi Ukraina prezident ma’muriyati rahbari Andrey Yermak.

Ma’lumot uchun, mart oyida Istanbulda o‘tkazilgan Ukraina – Rossiya – Turkiya uchtomonlama muzokaralarida Kiyev NATO yoki boshqa harbiy bloklarga kirmaslik evaziga muqobil xavfsizlik kafolati so‘ragan, uni maxsus garant-davlatlar kafolatlashini taklif qilgandi. O‘shandan keyin Ukraina va Rossiya o‘rtasida hech qanday muzokara o‘tkazilgani yo‘q. 11 sentabr kuni AQShning CNN nashriga intervyu bergan Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy hozircha Vladimir Putin bilan qandaydir muzokara o‘tkazishga tayyor emasligi, Rossiya tomoni hech qanaqa muloqot xohlamasligini aytgandi.

O‘z navbatida, uzoq vaqt Ukraina bilan muzokaralardan foyda yo‘qligini aytib kelgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov shu kunlarda Moskva muzokaralarga tayyorligini bildirmoqda.

BBC jurnalisti Viktoriya Jugan shu kunlarda e’lon qilingan xavfsizlik kafolati va mart oyida Istanbulda o‘tgan muzokaralardagi Ukraina taklif qilgan rejani taqqoslab ko‘rdi. O‘zgarishlardan ortda qolgan yarim yil davomida Ukrainaning frontdagi muvaffaqiyatlar fonida diplomatiyadagi pozitsiyasi ancha mustahkamlanganini ko‘rish mumkin.

Mart oyidagi va sentabrdagi Ukraina taklif qilgan xavfsizlik kafolatida quyidagicha o‘zgarishlar ko‘rinadi:

Mart: Rossiya va Xitoy garant vazifasini o‘tashi mumkin bo‘lgan davlatlar qatorida.

Sentyabr: Rossiya va Xitoy garant-davlatlar ro‘yxatida yo‘q.

Mart: Ukraina konstitutsiyani o‘zgartirish va NATOga kirmaslikni kafolatlashi aytilgandi.

Sentyabr: Ukraina konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan NATOga kirishga intilish yoki hozirgi taklif qilinayotgan xavfsizlik kafolati neytral statusga almashuv obekti bo‘lolmaydi.

Mart: Xavfsizlik kafolati Qrim va «LDXR»ga taalluqli bo‘lmaydi.

Sentyabr: Xavfsizlik kafolati Ukrainaning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari doirasida daxldor bo‘ladi (bu esa Qrim, Donetsk va Luhansk hududi ham degani).

Mart: Ukraina hududiga xalqaro harbiy kontingent joylashtirish taqiqlanadi. Harbiy mashg‘ulotlar faqat garant-davlatlar roziligi bilan amalga oshiriladi.

Sentyabr: Ukraina hududida mamlakat armiyasi va xorijlik instruktorlar, maslahatchilar ishtirokida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Xavfsizlik kafolati Ukraina o‘zini muhofaza qilishi uchun kerak bo‘ladigan hech qanday chora-tadbirni taqiqlamasligi kerak.

Mart: Kelishuv boshlanishi uchun Rossiya armiyasi 23 fevraldagi holatiga qaytishi kerak.

Sentyabr: agar Moskva quyidagi ishlarni qilmasa, 2014 yilda Rossiyaga qarshi sanksiyalar bekor qilinmasligi kerak: a) Ukrainaga qarshi tajovuzni bas qilmasa; b) Kelajakda Ukrainaga hujum qilishni kafolatlamasa; v) Urush vaqtida Ukrainaga keltirilgan zararni qoplamasa.

Yangi xavfsizlik loyihasiga ko‘ra Ukraina xavfsizlik kafolatini AQSh, Britaniya, Kanada, Polsha, Italiya, Germaniya, Fransiya, Turkiya, Shimoliy Yevropa, Boltiqbo‘yi, Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlari, shuningdek, NATOga a’zo bo‘lmagan Avstraliya garant-davlat sifatida imzolashiga umid qilmoqda.

Xavfsizlik kafolatiga garant-davlat bo‘lish Ukrainaga yordam berish bo‘yicha yuridik majburiyatni gardaniga olish demakdir. Bu majburiyatlar moliyaviy ko‘rinishda ham bo‘lishi mumkin, ba’zan esa qaytib berilmaydigan qarz ko‘rinishida. Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish, razvedka ma’lumotlarini bo‘lishish, kiberxavfsizlik borasida hamkorlik qilish ham majburiyatning bir qismi bo‘lishi mumkin.

«Xavfsizlik bo‘yicha Kiyev kelishuvi»da umumiy kafolat mexanizmi haqida so‘z borgan, muayyan majburiyatlar esa garant-davlatlar bilan o‘zaro uchrashuvda kelishib olinadi.

Xavfsizlik kafolati – vaqtinchalik chora, Ukraina NATOga kirish fikridan qaytmagan

Loyihani ishlab chiqqanlarning aytishicha, «Xavfsizlik bo‘yicha Kiyev kelishuvi» mamlakat xavfsizligini himoya qilish uchun ishlab chiqilgan vaqtincha chora, xolos. Ukraina Yevropa Ittifoqi va NATOga kirishga qat’iy qaror qilgan. Maxsus xalqaro guruh bo‘lajak kelishuv Ukraina qurolli kuchlarining kuchayishini cheklamasligi kerakligini aytgan.

72 soat ichida hal qilish kerak

Xavfsizlik loyihasida aytilishicha, garant-davlatlar 72 soat ichida Ukrainaga nisbatan amalga oshirilgan harakat tajovuz yoki yo‘qligi borasida bir qarorga kelishi, bu harakatga qarshi choralar ko‘rish masalasida kelishishi kerak. Masalan, Rossiya Ukrainaga yana hujum qilsa, 2022 yil 1 sentabr holatiga ko‘ra Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar bekor qilingan bo‘lsa, ular tezda qayta joriy qilinishi shart ekani keltirilgan.

Rossiya qanday munosabat bildirdi?

Moskvada Andrey Yermak boshchiligida ishlab chiqilgan ushbu loyihaga keskin munosabat bildirishdi. Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskovning aytishicha, loyihada Ukraina NATOga kirish maqsadini saqlab qolgan va bu Rossiya uchun xavf hisoblanadi. Rossiya sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev bu loyihani uchinchi jahon urushining debochasi deb atadi. Xalqaro dunyo yetakchilari hozircha bu loyihaga munosabat bildirgani yo‘q.

Mavzuga oid