O‘zbekiston | 18:38 / 15.09.2022
12329
5 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro vaziyat notinch bo‘lib turganda O‘zbekiston ShHT sammitini qanday muvaffaqiyatli o‘tkazishi mumkin?

Xalqaro notinch vaziyatda bo‘lib o‘tayotgan ShHT davlat rahbarlari sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazishi uchun O‘zbekiston oldida qanday yo‘llar turibdi? Turlicha iqtisodiy salohiyatga ega ShHT davlatlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishda qanday to‘siqlarga duch kelish mumkin? Shu kabi savollarga JIDU Xalqaro munosabatlar kafedrasi mudiri, siyosiy fanlar nomzodi, dotsent Ulug‘bek Hasanov javob berdi.

– O‘zbekistonning ShHTga raisligi doirasida bo‘lib o‘tayotgan davlat rahbarlarining sammiti xalqaro vaziyat notinch bo‘lgan pallalarga to‘g‘ri kelmoqda. Birinchidan, tashkilotga a’zo bo‘lmish Rossiyaning bir necha oy avval boshlagan urushi va uning oqibatlari, sanksiyalar bo‘lsa, boshqa tarafdan, kuni-kecha tashkilotning yana ikki a’zosi Qirg‘iziston va Tojikiston chegaralarida ham qurolli to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi. Sammitga tashrif buyurishi kuzatilayotgan Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi nizoli hududlarda ham qurolli mojarolar yuzaga keldi. Mana shunday notinch vaziyatda sammitni muvaffaqiyatli o‘tkazishi uchun O‘zbekiston oldida qanday yo‘llar turibdi?

– Hozir siz ko‘targan savollarning ichida ma’lum ma’noda javobi ham tayyor. Sababi shundaki, hozir Samarqand ruhi degan xalqaro munosabatlarga kirib borayotgan bu tushuncha. Agar biz ShHT doirasida eng nufuzli sammitlardan biri hisoblanmish Samarqand sammitining oldida turgan masalalarni tahlil qiladigan bo‘lsak, uning eng katta mohiyati shundan iboratki, davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan talaygina tashabbuslar, tashqi siyosiy yondashuvlar va masalalar ayni ShHTning azaliy negizida yotgan fundamental masalalarga qaratilgan. Bular birinchi o‘rinda o‘zaro siyosiy va diplomatik muloqotlar, tinchlik yo‘lidagi hamkorlik, hamjihatlik, munosabatlarni iqtisodiy, sarmoyaviy, texnologik yangi rivojlanish innovatsiyalari bilan bog‘lanish yo‘liga qaratilgan.

Hozirgi kunda diqqat bilan kuzatadigan bo‘lsak, xalqaro tashkilot doirasida yirik davlatlarni bitta muzokara sahnasiga yig‘ish [oson emas].

Agar biz ShHTni misol qilib oladigan bo‘lsak, bu tashkilot – jahon yalpi ichki mahsulotini deyarli 30 foizi, dunyo iqtisodiyotining katta ulushiga ega bo‘lgan davlatlarni nazarda tutamiz. Mana shu 15 davlat rahbarlarini bog‘lab turgan ushbu katta sammit doirasida ko‘tarilayotgan masalalar davlatimiz tomonidan olib borilayotgan tashabbuslarning ko‘pchiligi birinchi o‘rinda iqtisodiy bog‘liqlik, hamkorlik, hamjihatlik, o‘zaro siyosiy va iqtisodiy manfaatlarni inobatga olish, konfratatsion yo‘ldan chetga turib, bu konfratatsion yo‘lning o‘rniga alternativ iqtisodiy hamkorlikni ustun qo‘yish bu munosabatlarda. O‘zlarining milliy-iqtisodiy, sarmoyaviy manfaatlardan kelib chiqishdir.

Agar shu hujjatlarning mohiyatini yaxshilab o‘rganib chiqqan bo‘lsangiz, eng katta masalalardan biri hozirgi kunda transport logistik munosabatlar juda katta ahamiyatga ega. Agar pandemiyadan keyin dunyo mahsulotlarining qiymatini o‘rgansangiz, narxlar pandemiyagacha bo‘lgan davrga qaraganda yetti marta oshgan. Bu aylanib kelib logistika qiymatining kuchayib ketganligiga va oshib borganligiga sabab bo‘lgan. Buni yechimi juda oson. Agar davlatlarni har tomonlama ishlab chiqarish va logistik sohamizdagi faoliyatimizni raqobatdosh darajaga ko‘tara olsa, bunga ijobiy ta’sir qiladi.

– ShHTga a’zo davlatlarning iqtisodiy qobiliyatlari turlicha. Hattoki Markaziy Osiyo davlatlarining ichida ham iqtisodiy jihatdan biri ikkinchisidan ancha farq qiladi. ShHT doirasida esa bu farq yana ham kengayib ketadi. Ya’ni salohiyatlar turlicha. Bu holat ShHT davlatlarining iqtisodiy jihatdan hamkorlik qilishiga qandaydir to‘siqlarni yuzaga keltirib chiqarmaydimi?

– Siz ko‘targan masala juda ko‘p tahlillar o‘rtasida yotgan masala. Bu jumboqning yechimi g‘arb va sharq tadqiqot markazlari, Xitoy tadqiqot markazlaridagi olimlar bilan muloqot qilganimizda , ular yondashuvlari va siz aytgan masalaga beradigan qarashlari bir-biriga juda yaqin. Qaysi ma’nodaki, turli iqtisodiy salohiyatga ega bo‘lgan va turli siyosiy, iqtisodiy salohiyatga ega bo‘lgan davlatlar bitta loyihada faoliyat yuritadigan bo‘lsa, ana shu zaiflikni va iqtisodiy qaramlikka muhtojlikni susaytiradi, aktiv qatnashchi sifatida xalqaro va mintaqaviy maydonda rolini oshirishga imkon yaratadi. Siz aytayotgan turlicha salohiyatlar o‘rtasidagi farqning kamayishiga olib boradi. Nima orqali? Muloqot va hamkorlik orqali. Chunki hamkorlikka kirishib borayotgan davlatlar ana shu xususiyatlarni inobatga olgan holda ishlarni amalga oshiradi.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi: Faxriddin Hotamov
Montaj ustasi: Abdusalim Abduvohidov

Mavzuga oid