O‘zbekiston | 22:24 / 16.09.2022
22369
4 daqiqa o‘qiladi

Dunyoni qutblashmaslikka chorlagan Samarqand sammiti yakunlandi

Samarqandda Shanhay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining 22-sammiti o‘z ishini yakunladi. Bugun sammit doirasidagi asosiy rasmiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Dastlab ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari tor doirada muzokara o‘tkazdi. Bu 8 rahbar qatoridan hozircha Eron joy olmadi. Sammit doirasida Eronning tashkilotga a’zo bo‘lish uchun majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Shuningdek, Belarusni ham ShHT a’zoligiga qabul qilish jarayoni rasman boshlandi.

Jami imzolangan hujjatlar soni 44 ta. Ular orasida ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdoda milliy valutalar ulushini bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, tashkilotning keyingi 5 yillik rejasi va sammitning bosh hujjati – Samarqand deklaratsiyasi ham bor.

8 ta davlat bu deklaratsiyani imzolash orqali zamonaviy dunyoda beqarorlik ortib borayotganidan xavotir bildirdi. Ular dunyoda demokratiya va adolat ustuvorligi ortishi lozimligi, dunyo tartibi ko‘p qutbli bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Hujjatda, shuningdek, davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligi, teng huquqliligi, ichki ishlarga aralashmaslik, kuch ishlatish va tahdidlardan tiyilish kabi prinsiplar hurmat qilinishi kerakligi yozilgan.

Samarqand deklaratsiyasi bilan ShHT a’zolari bu tashkilotning hech qaysi bir uchinchi tomonga qaratilmaganini yana bir bor e’lon qildi. Bu masalaga Shavkat Mirziyoyev ham o‘z chiqishida alohida to‘xtaldi. Prezident ShHTning bloklarga qo‘shilmaslik maqomini saqlab qolish muhimligini aytdi. O‘zbekiston yetakchisi iqtisodiy hamkorlik, transport, xavfsizlik, Afg‘oniston va ekologiya masalalarida bir nechta takliflarni ilgari surdi.

Shundan keyin sammitning kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda a’zo davlatlardan tashqari, kuzatuvchi va hamkor maqomidagi rasmiylar hamda faxriy mehmonlar ham qatnashdi. Ayni shu yig‘ilish davomida tojik-qirg‘iz chegarasidagi vaziyat alohida xavotirli tus oldi. Ikki mamlakat chegarachilari o‘rtasida sammitdan oldin ham qisqa otishmalar ro‘y bergan edi, lekin aynan bevosita anjuman davomida ancha jiddiy qurolli nizo ro‘y berdi. Qirg‘iziston tomoni Tojikiston chegarachilarining og‘ir artilleriya, xususan birvarakayiga o‘t ochish tizimlaridan foydalanayotganini ma’lum qilib, chegaradagi bir nechta qishloqlarni egallab olishga urinishda aybladi.

Tomonlar bir necha marta o‘t ochishni to‘xtatishga kelib olishgan, xususan sammitdan keyin Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ana shunday kelishuvga erishgan bo‘lsa-da, bu kelishuvlardan keyin ham chegaradagi vaziyat butkul barqarorlashgani yo‘q.

Sammitdan keyin nafaqat Japarov va Rahmon, balki boshqa rahbarlar ham o‘zaro ikki tomonlama uchrashuvlarini davom ettirdi. Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan muzokaralar o‘tkazdi. Erdo‘g‘an va Modi, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ham uchrashdi.

Mehmonlardan ayrimlari tashrif davomida o‘zlarini qiziqtirgan joylarga ham borishdi. Eron prezidenti Ibrohim Raisiy Samarqanddagi shialar masjidiga borib, nutq so‘zladi. Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif qaytadan qurilayotgan Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning rafiqasi Emine Erdo‘g‘an O‘zbekistonning birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva bilan Samarqandni sayr qilishdi.

14 ta davlat yetakchisi va 10ga yaqin xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida o‘tgan Samarqand sammiti shu bilan yakuniga yetdi. Keyingi yilgi sammit tashkilot raisi maqomini olgan Hindistonda bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid