Putin somsa yedi, Lukashenko do‘ppi oldi: Samarqandda ShHT mehmonlari uchun norasmiy qabul o‘tkazildi
Samarqand tumanidagi sayyohlik markazida Shanhay hamkorlik tashkilotiga a’zo va mehmon davlat rahbarlari ishtirokida sammit davom etmoqda.
15 sentabr kuni barcha taklif qilingan mehmonlar Samarqandga yetib kelishdi va uchrashuvlar boshlanib ketdi. Tig‘iz o‘tgan birinchi kun oxirida mehmonlar uchun norasmiy qabul tashkil qilindi. Shavkat Mirziyoyev mehmonlarni Samarqand sayyohlik markazidagi «Boqiy shahar» majmuasi bilan tanishtirdi.
O‘zbek milliy an’analari asosida tashkil qilingan sayohat davomida mehmonlar milliy mahsulotlardan bahramand bo‘lishga ham ulgurishdi. Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga surxoncha do‘ppi sovg‘a qilindi. Darvoqe, oldinroq Lukashenko Aliyevdan alohida muloqot o‘tkazishni so‘rab «gap borligini» aytgandi.
Yo‘l-yo‘lakay majmua ichida tashkil qilingan maxsus oshxonada tandirdan issiq somsa uzildi va mehmonlarga taklif qilindi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Samarqand somsasidan tatib ko‘rdi. Ba’zi nashrlarning yozilishicha, kechki ovqatga o‘zbekcha palov ham tortilgan. Yo‘laklarda sara o‘zbek mevalari terib qo‘yildi.
Norasmiy qabul yakunida esa mehmonlar sharafiga mushakbozlik uyushtirildi. Davlat rahbarlari «Boqiy shahar» fonida umumiy suratga tushishdi. Umumiy suratda Xitoy, Eron va Hindiston yetakchilari ko‘rinish bermadi. Aftidan, Si Jinping Xitoyda amalda bo‘lgan qattiq karantin talablari, shuningdek, charchoq sabab tungi qabulda ishtirok etmagan.
Hindiston yetakchisi Narindra Modi Samarqandga kechasi yetib keldi. Eron prezidenti Ibrohim Raisiy esa Samarqandga kelganidan foydalanib Samarqand shahridagi Panjob shialar masjidiga borib, nutq so‘zladi.
ShHT Samarqand sammitining asosiy tadbirlari 16 sentabr kuni o‘tkaziladi va shu kuni Samarqand deklaratsiyasi imzolanadi.
Mavzuga oid
21:21 / 17.10.2024
O‘zbekistonning ShHT budjetidagi ulushi ma’lum bo‘ldi
15:39 / 08.07.2024
ShHT yana kengaydi. Bu tashkilotning amaliy emas, deklarativ xarakterini kuchaytiradimi?
18:48 / 04.07.2024
«Qarama-qarshilik va proteksionizm jahon iqtisodiyoti parchalanishi va yetkazib berish zanjirlari uzilishiga sabab bo‘lmoqda» - Shavkat Mirziyoyev
15:22 / 04.07.2024