Jahon | 08:00 / 17.09.2022
29226
7 daqiqa o‘qiladi

Chegarada yana notinchlik: Qirg‘iziston o‘nlab qurbonlar haqida xabar berdi

Uch kun oldin qirg‘iz-tojik chegarasida shiddatli to‘qnashuvlar boshlangandi. 16 sentabr kungi kelishuvga qaramay, otishmalar davom etgan. Qirg‘iziston 136 mingdan ortiq fuqarosini evakuatsiya qildi, kamida 24 kishi halok bo‘lgan, 87 kishi jabrlangan.

Foto: portal 24.kg

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi mojaro davlatlar prezidentlari o‘t ochishni to‘xtatish, kuch va vositalarni to‘qnashuv chizig‘idan olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berishga kelishib olganidan keyin davom ettirildi.

Juma kuni kechqurun Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirligi Tojikiston bilan chegaradagi qurbonlar soni 24 kishini tashkil etayotgani haqida xabar berdi.

«Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, Botken oblastidagi sog‘liqni saqlash muassasalariga 24 kishining jasadi keltirilgan», deyiladi xabarda.

Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida shifoxonalarga 87 nafar jabrlanuvchi olib kelingan, ular asosan snaryad parchalaridan va o‘qotar qurollardan jarohat olgan. Respublika FVV xabar berishicha, mojaro hududidan 136 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilingan.

Chegara hududidan evakuatsiya qilingan qirg‘izistonliklar. Foto: Qirg‘iziston FVV

Mamlakat prezidenti matbuot xizmati Sadir Japarov ShHT sammitidan qaytgani va chegaradagi vaziyatni hal qilish uchun hukumat yig‘ilishini chaqirganini xabar qilgan.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmati 16 sentabr kuni kechqurun chegaradagi vaziyat keskinligicha qolayotgani, Tojikiston Qirg‘iziston pozitsiyalarini o‘qqa tutish davom etayotgani, ayrim hududlarda shiddatli janglar bo‘lib o‘tayotganini xabar qildi.

«Soat 22:20da tojikistonlik harbiy xizmatchilar Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Tamdiq chegara postini o‘qqa tuta boshladi. Tojikiston hududiga qo‘shimcha kuch va vositalar, og‘ir va avtomobil texnikasi olib kelinayotgani qayd etilgan», — deyiladi xabarda.

O‘z navbatida Tojikiston tomoni ikki davlat rahbarlari kelishuviga qaramay qirg‘iz harbiylari Tojikiston hududini o‘qqa tutishni boshlaganini xabar qilgan. 

Tojikiston chegara qo‘shinlari matbuot xizmati Qirg‘iziston tomoni Tojikistondagi fuqarolik obektlariga hujum qilish uchun harbiy vertolyotlar va zarbdor dronlardan foydalayotganini ma’lum qilgan.

Tojikiston hozircha chegaradagi mojaroda qurbonlar va jarohatlanganlar haqida rasmiy ma’lumot bermagan. Mahalliy nashrlarga ko‘ra, tinch aholi vakillaridan 7 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar yaralangan.

Voqealar tarixi

Botken oblasti - Qirg‘izistonning eng chekka va g‘arbiy hududi bo‘lib, ikki tomondan Tojikiston va O‘zbekiston bilan chegaralangan. Botken oblastida shu vaqtga qadar tojik-qirg‘iz chegarasining 308 kilometrlik qismi, shuningdek unga yondosh joylashgan 210 ming gektar maydon (qariyb Lyuksemburg hududiga teng) haligacha kelishib olinmagan.

Tez-tez bu bahsli hududlarda mahalliy aholi orasida nizolar ro‘y berib turadi va bu nizolar ikki mamlakat harbiylari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarga aylanib ketadi.

Payshanba kuni Tojikiston ikki chegarachisi halok bo‘lgani va bir qancha kishi yaralanganini, Qirg‘iziston esa 42 jabrlanuvchi, ularning orasida tinch aholi vakillari va bolalar borligini xabar qilgandi. 

Otishmalar uch kun muqaddam, qo‘shni O‘zbekistonda ShHT sammiti arafasida boshlandi - 14 sentabr kuni Samarqandda tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari mintaqaviy xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokamasi uchun yig‘ila boshlagandi.

Samarqanddagi sammitda Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari Sadir Japarov va Imomali Rahmon hozir bo‘lishdi. Juma kuni Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati Japarov va Rahmon chegaradagi vaziyat bo‘yicha muzokara o‘tkazganini ma’lum qildi.

«Ikki davlat rahbarlari tegishli tuzilmalarga o‘t ochishni to‘xtatish, qo‘shin va vositalarni to‘qnashuv chizig‘idan olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berishga kelishib oldi. Hodisa sabablari va tafsilotlarini tekshirish bo‘yicha komissiya tuziladi», deyiladi Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha Qirg‘iziston va Tojikiston hukumatlararo komissiyasi ishini jadallashtirish bo‘yicha ham kelishuvga erishilgani aytilgan.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmati matbuot xizmati ikki davlat maxsus xizmatlari rahbarlari Qamchibek Tashiyev va Saymumin Yatimov mahalliy vaqt bilan soat 16:00 dan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olganini xabar qilgan.

Undan oldinroq esa ikki mamlakat chegara xizmatlari chegaraning butun perimetri bo‘ylab Qizilbel, Ko‘ktosh, Tamdiq, Do‘stuk qishloqlari, Tortkocho hududida to‘qnashuv va otishmalar kuzatilganini ma’lum qilgandi. Qirg‘iziston tomoni Botken oblasti markazi Botken shahridagi infratuzilmalarga raketa zarbalari yo‘llanganini xabar qilgan.

O‘t ochish boshlanishi sabablarini ham ikki tomon turlicha bayon etgan. Qirg‘izistonlik chegarachilar aytishicha, tojikistonlik chegarachilar bahsli hududda o‘rnashib olib, o‘t ochgancha provokatsiya qilgan.

Tojikiston tomoni esa qirg‘izistonlik chegarachilar sababsiz o‘t ochganini ma’lum qiladi. Ikki tomon ham bir-birini chegara hududiga og‘ir harbiy texnikalar olib kelib, ikki tomonlama kelishuvlarni buzishda, chegaradagi punktlar va aholi manzillarini o‘qqa tutishda ayblagan. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Tojikiston elchixonasiga chegaradagi qurolli mojaro yuzasidan norozilik notasini topshirdi va oldin erishilgan kelishuvlar buzilganini bildirdi.

Qirg‘iziston chegara xizmati tojik chegarachilari Qirg‘iziston hududidagi aholi manzillarini bosib olishga harakat qilgani haqida xabar bergan. Botken oblastidagi bahsli hududlarda ikki mamlakat fuqarolari ham yashashadi, bundan tashqari u yerda yettita anklav (bir davlatning boshqa davlat hududi bilan o‘rab olingan hududi) joylashgan.

Anklavlar Qirg‘iziston va Tojikistonga SSSRdan meros bo‘lib qolgan va hozirga qadar mahalliy infratuzilmalar - suv havzalari, yo‘llar yoki yaylovlar tufayli maishiy bahslar hududiga aylanib qolgan.

Tojikiston chegar xizmatiga ko‘ra, bu safar ham ilk o‘q ovozlari tojiklarning Vorux anklavi (bu yerda 35 ming tojikistonlik yashaydi) yaqinida yangragan. Tojikistonda ham, Qirg‘izistonda ham Rossiya harbiy bazalari joylashgan. Juma kuni Rossiya TIV Qirg‘iziston va Tojikistonni chegaradagi to‘qnashuvni to‘xtatishga chaqirdi.

Mavzuga oid