O‘zbekiston | 14:16 / 19.09.2022
22401
2 daqiqa o‘qiladi

MB raisi o‘rinbosari tumanga hokim bo‘ldi

Abduqahhor To‘xtayev Shayxontohur tumani hokimligidan ketdi. Uning o‘rnini Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Botir Zohidov egalladi.

Botir Erkinovich Zohidov Shayxontohur tumani hokimi lavozimiga tayinlandi.

Botir Zohidov 1982 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2003 yil Toshkent moliya institutini, 2008 yil Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.

Zohidov 20 yil davomida bank tizimida ishlagan. Markaziy bankda valuta ayirboshlash va konversion operatsiyalar maxsus boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. 2017 yil avgustida Markaziy bank raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi. 2020 yildan buyon MB raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Shayxontohur tumaniga 2019 yil mayidan buyon Abduqahhor To‘xtayev hokimlik qilib kelayotgandi.

Abduqahhor To‘xtayev. Foto: Kun.uz

Abduqahhor To‘xtayev 2005-2011 yillarda Toshkent shahri hokimi bo‘lgan, 2013—2016 yillarda «O‘zLITIneftgaz» kompaniyasi rahbari o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan. 2016 yil kuzida Jizzax shahri hokimi, 2017 yilning aprelida Toshkent shahrining Olmazor tumani hokimi etib tayinlangandi. 2018 yilning aprelida esa Abduqahhor To‘xtayev yangi tashkil etilgan Qurilish vazirligiga rahbar bo‘lgandi. U bu lavozimda 2019 yil mayigacha qolgan va keyin Shayxontohur tumani rahbarligiga o‘tkazilgandi.

Bundan oldinroq iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Saidqahhor Xolxo‘jayev Toshkent shahridagi boshqa bir tuman - Chilonzor tumaniga hokim etib tayinlangandi.

Mavzuga oid