Jahon | 15:51 / 20.09.2022
12322
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Rossiya bosib olgan hududlar Kiyevga qaytarilishiga ishonch bildirdi

Turkiya prezidenti Rossiyaga urushni to‘xtatish evaziga o‘z qo‘shinlari nazorati ostidagi Ukraina hududlarini o‘z qo‘lida qoldirishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligiga ishonch bildirdi. Erdo‘g‘an, shuningdek, 2014 yildan beri Putinni Qrimni Ukrainaga qaytarishga chaqirib kelayotganini aytdi.

Foto: Reuters

Rossiya tomonidan bosib olingan hududlar Ukrainaga qaytariladi, deb ishonch bildirdi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an. 19 sentabr, dushanba kuni kechqurun e’lon qilingan Amerikaning PBS telekanaliga bergan intervyusida u Ukraina bilan tinchlik shartnomasining asosi sifatida Rossiyaga u tomonidan nazorat qilinadigan hududlarning bir qismini berish imkoniyatini rad etdi.

«Yo‘q, shubhasiz, yo‘q. Ukrainada tinchlik o‘rnatilsa, bosib olingan yerlarning qaytarilishi juda muhim bo‘ladi. Bu kutilayotgan narsa, ular shuni xohlashmoqda. Ukrainaga egallab olingan yerlar qaytariladi», - dedi Erdo‘g‘an Moskvaga yon berish yoki bermaslik haqidagi savolga javob qaytarar ekan. 

Shu bilan birga, Turkiya prezidenti 2014 yildan beri Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar olib borayotganini, uni «Qrimni qonuniy egalariga qaytarishga» chaqirganini aytdi. «U yerda yashovchi odamlar ham bizning avlodlarimiz», deb ta’kidladi u va Anqaraga qrim tatarlariga yordam berish muhim masala ekanligini qo‘shimcha qildi. 

Erdo‘g‘an O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida Rossiya prezidenti bilan uchrashganidan so‘ng, Vladimir Putin Ukrainadagi urushni imkon qadar tezroq tugatishni xohlaydi, degan xulosaga keldi.

«O‘zbekistonda Putin bilan keng ko‘lamli muzokaralar o‘tkazdik. U menga buni imkon qadar tezroq tugatishga tayyor ekanligini aytdi. Bu mening taassurotim, chunki vaziyat juda muammoli rivojlanmoqda», dedi u intervyusida. 

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, u «bu jangni tinchlik bilan yakunlash»ga intilmoqda. «Bu insonlar halok bo‘lishiga olib kelgan mojaro. Odamlar o‘lmoqda va oxir-oqibat hech kim g‘alaba qozona olmaydi», deya qo‘shimcha qildi u. 

Mavzuga oid