Sport | 17:23 / 21.09.2022
19886
7 daqiqa o‘qiladi

Pogbaning shantaj qilinishi voqeasi. Undan katta pul talab qilgan akasi hibsga olindi

Pol Pogba va uning akasi Matias o‘rtasida yuz bergan mojaro ko‘p seriyali filmlarga o‘xshamoqda. Oldin shantajchilar undan 13 million yevro talab qilishdi. Aks holda, Mbappening sehrlanishi bilan bog‘liq voqeani oshkor qilish bilan tahdid etishdi. Pol politsiyaga murojaat qilgach, shantajchilar ushlandi. 

Foto: Getty Images

Oldingi seriyalarda: Pol Pogba shantajchilar tahdidiga uchradi. Bosh rolda uning akasi Matias. Ular Poldan 13 mln yevro talab qilishdi, aks holda Mbappe bilan bog‘liq sirni oshkor qilish bilan qo‘rqitishdi 

• Pol Pogba shu yilning mart oyida bolalikdagi do‘stlari va miltiq bilan qurollangan, niqobli odamlar tahdidiga duch kelgan. Ular miltiq o‘qtalib, uni Parij chekkasidagi uyga olib borishgan va professional futbolchi bo‘lganidan beri hech qanday moliyaviy yordam bermay qo‘yganlikda ayblashgan. Ikki shaxs qurol o‘qtalib, Pogbadan so‘nggi 13 yil davomida go‘yo uni qo‘riqlagani uchun 13 million yevro talab qilishadi – har bir yil uchun bir milliondan. 

• Pogba pul berishga rozi bo‘ladi va bir amallab u joydan chiqadi. Ammo shantajchilar uni ta’qib qilishdan to‘xtamaydi. Jumladan, Pol aprelda Manchesterda va iyulda bir necha bor Turindagi «Yuventus» qarorgohi yonida ularga duch kelgan. Aynan o‘sha paytda niqobli odamlardan biri akasi Matias ekanini sezib qolgan. Shundan so‘ng Pol «Yuventus» huquqshunoslari va xavfsizlik xodimlariga nima voqea yuz berganini aytgan. Keyin esa politsiyaga murojaat qilgan. 

• Pogba politsiyaga bolalikdagi do‘stlariga har doim yordam berib kelganini, bu o‘tgan yilning yanvar oyigacha, noxush voqea yuz bergunga qadar davom etganini aytadi. Uning do‘stlaridan biri Manchesterda mehmon bo‘lib turganida kartasidan 200 ming yevroni o‘g‘irlamoqchi bo‘ladi. Pogba buni bilib qolib, uni haydab yuboradi. 

• Mbappening bunga nima aloqasi bor? Shantajchilar Pogbani Mbappe bilan bog‘liq sirni oshkor qilish bilan qo‘rqitishadi. Go‘yo u o‘z oilasiga yaqin bo‘lgan afsungardan Mbappeni sehrlashni so‘raganini ommaga yoyish bilan tahdid qilishadi. 

Keyin nima bo‘ldi: Polning akasi videomurojaat qildi, ammo onasi futbolchini qo‘llab-quvvatladi 

Voqea tafsilotlari oshkor bo‘lgach, Matias Pogba ijtimoiy tarmoqlar orqali videomurojaat qildi. Mana undan ayrim parchalar: 

• «Pol afsungardan yordam so‘raganini inkor qilmoqda. Ammo politsiyaga boshqacha ko‘rsatma bergan. Jumladan, «jarohatlardan himoyalanish uchun oilasiga yaqin bo‘lgan afsungarga pul bergani»ni aytgan. 

• Pol bolalikdagi do‘stlariga bergan pullari tovlamachilik oqibati ekanini aytdi. Ammo bu o‘tkazmalar rasmiy hujjatlar bilan bilan tasdiqlanadi, axir bu to‘lovlarning ixtiyoriy ekanini anglatmaydimi? Bu tovlamachilikka o‘xshamaydi, shunday emasmi? 

• Pol, uning advokatlari va muxlislarining barcha izohlari faqat mening nomimni loyga bulg‘ashga qaratilgan. U akasini shunchaki hasadgo‘y, pulga o‘ch va o‘zini obro‘sizlantirish uchun hamma narsaga tayyordek tasvirlayapti. U mening nomimdan ochilgan feyk akkauntlardan shu maqsadda foydalanmoqda. 

• Men videomurojaat qilishga majbur bo‘ldim, chunki ukam o‘lishimni yoki qamalishimni istayapti. U tufayli hayotim yoki erkimni yo‘qotishim xavfi bor», dedi Matias Pogba. 

Aka-ukalar mojarosida onasi Polni qo‘llab-quvvatlayapti, uning huquq-tartibot idoralariga murojaat qilganidan xursand. 

Mbappe ham Pol Pogbaning yonini oldi. 

«Men milliy jamoadagi sherigimning so‘zlariga ishonaman. Boshqa narsani qo‘shimcha qilolmayman, bu ishlarga mening umuman aloqam yo‘q», dedi Kilian. 

Hujumning yangi tafsilotlari: Parij chekkasida Pogbaga avtomatlar bilan tahdid qilishgan 

RMC Sport xabariga ko‘ra, 20 martdan 21 martga o‘tar kechasi Pol Pogbani Parij chekkasidagi kvartiraga aldab chaqirishgan. U yerda miltiq va avtomatlar bilan qurollangan odamlar 13 yil davomida uning xavfsizligini yashirincha ta’minlaganliklari uchun undan 13 million yevro talab qilishgan.  

Pol avvaliga pul to‘lashdan bosh tortgan, keyin rozi bo‘lgan. Aprel oyida esa Babakar ismli shaxsga 100 ming yevro bergan. 

«Men qo‘rqib ketdim. Ikki yigit menga qurol o‘qtaldi. Shunda pul to‘lashga rozi bo‘ldim. Ular: «Jim bo‘l va pastga qara!» deb baqirishdi. Yuziga niqob taqib olgan odamlardan biri Rushdanning qulog‘iga nimadir dedi. Niqobli yigitlar ketgach, Rushdan ularga pul to‘lashim kerakligini, aks holda hammamiz xavf ostida ekanimizni aytdi. Rushdan: «Mashhur futbolchi bo‘lsang bu normal holat», dedi. Keyin meni kafillikka olganini, shu sababli pullarni berishim kerakligini aytdi», dedi Pogba tergovchilarga.  

Dastlab Pol shantajchilarga pullarning hammasini bermoqchi bo‘lgan, ammo bank bu operatsiyani shubhali deya rad etgan. 

Matias jinoiy til biriktirish va tovlamachilikda ayblanib, hibsga olindi 

• Parij prokuraturasi tergov boshlaganidan keyin Matiasning advokati maxsus murojaat bilan chiqdi: «Ishning bu tarzda ketishi va ommaviy axborot vositalarida yoritilishini hisobga olib, Matias ukasiga nisbatan tovlamachilik bilan bog‘liq har qanday holatdan mutlaqo bexabar ekanini ta’kidlamoqchi. Pogba oilasi duch kelgan qiyinchiliklar tashqi tahdidlar oqibati ekani aniq. Adliya tizimi ularga qarshi chora ko‘radi». 

• Ammo advokatning nutqi yordam bermadi. Bir necha kundan keyin Matias hibsga olindi. Unga jinoiy til biriktirish va tovlamachilik aybi qo‘yildi. Matiasning advokati hibsga olish haqidagi qaror ustidan shikoyat qilishini aytdi. 

Matias Pogbaning sheriklari 27 yoshdan 36 yoshgacha bo‘lgan to‘rt kishi ekani aniqlangan. Ularga ham ayblov e’lon qilinib, hibsga olingan. 

• Ammo bu hali hammasi emas. Le Parisien xabariga ko‘ra, Pol akasining do‘stlari tomonidan yana tahdidga uchragan. Shu sababli, politsiya uni doimiy himoyaga olgan. Shuningdek, uning onasiga ham tahdidlar qilinmoqda.

Mavzuga oid