Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yapon deputati Yaponiyada Markaziy Osiyo sammitini o‘tkazishni taklif qildi
Tokioda O‘zbekiston mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlab rasmiy qabul o‘tkazildi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbirda so‘zga chiqqan Yaponiya parlamenti a’zosi Keyji Furuya kunchiqar yurtda Markaziy Osiyoning beshta davlati yetakchilari ishtirokida sammit o‘tkazish niyati borligini aytgan.
21 sentabr kuni Tokioda, New Otani mehmonxonasida O‘zbekiston mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan tantanali qabul tashkil etildi. Bu haqda tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Marosimda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muxsinxo‘ja Abdurahmonov, Yaponiyadagi O‘zbekistonga xayrixoh siyosatchilar, turli tashkilotlar vakillari, tadbirkorlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan Yaponiya parlamentining vakillar palatasi a’zosi Keyji Furuya o‘tgan oyda O‘zbekistonga safar qilganini aytib, o‘z mamlakatining Markaziy Osiyo bilan aloqalarini chuqurlashtirishga intilayotganini ta’kidladi.
“O‘zbekistondan qaytib kelgach, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda Yaponiya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida Parlamentlararo do‘stlik ligasini tashkil etish bo‘yicha rejalarni ishlab chiqyapman. Bundan maqsad – Yaponiyada Markaziy Osiyo sammitini o‘tkazish va unda Yaponiya hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining ishtirok etishiga erishish”, – dedi deputat.
Furuya Yaponiya va Tinch okeani orollari o‘rtasida tuzilgan Parlamentlararo do‘stlik ligasining raisi ekanini aytib, bu kengash tomonidan har uch yilda Tinch okeani orollari sammiti o‘tkazib turilishi, sammitda Tinch okeanida joylashgan 15 ta mamlakat rahbarlari ishtirok etishini ta’kidladi.
U Yaponiya o‘ziga hamkor qator mamlakatlarga turli sohalarda ko‘mak ko‘rsatib kelayotganini qayd etdi.
“Markaziy Osiyoning beshta davlati bilan sammit o‘tkazish orqali esa biz buning Markaziy Osiyodagi samarasini ifoda etish va ko‘rsatilayotgan ko‘magimizni chuqurlashtirishni ko‘zlayapmiz. 2025 yilda Osakada bo‘lib o‘tadigan “Ekspo-2025” butunjahon ko‘rgazmasida biz bu sammitdan nafaqat Yaponiyaning ichida, balki dunyoga axborot tarqatishda foydalanishga umid qilyapmiz”, – dedi yaponiyalik parlamentariy.
Keyji Furuya O‘zbekistonni bu masalada yetakchilikni qo‘lga olishga chaqirdi.
Yaponiya parlamenti a’zosi o‘z so‘zida ko‘plab yaponiyaliklar Buyuk ipak yo‘lida joylashgan O‘zbekistonning tarixi, madaniyati va mazali taomlarini e’tirof etishini qayd etdi. “Shu bilan birga, ko‘plab hamyurtlarimiz borki, ular Markaziy Osiyoning qanchalik maftunkor joyligini bilishmaydi. Shunday ekan, Yaponiya uchun Markaziy Osiyoning muhimligini oshirishimiz kerak”, – dedi u.
Ma’lumot uchun, 70 yoshli Keyji Furuya – yaponiyalik eng taniqli siyosatchilardan. U Yaponiya parlamentining eng uzoq vaqt a’zosi bo‘lgan deputatlardan: 30 yildan oshiqroq vaqt davomida 11 marta parlament a’zoligiga saylangan.
Furuya avgust oyi boshida O‘zbekistonga safar qilib, O‘zbekiston tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev, sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vaziri Sherzod Shermatov va boshqalar bilan uchrashuvlar o‘tkazgandi.
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida Parlamentlararo do‘stlik ligasi 2004 yilda tashkil etilgan. 2022 yil ikkinchi yarmida Yaponiya–O‘zbekiston parlamentlararo forumi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Kunchiqart yurt qonunchilari Markaziy Osiyoning yana bir nechta mamlakatidagi hamkasblari bilan ham shunday formatda muloqot o‘rnatgan.
Ayni paytda Yaponiyaning Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Xalqaro hamkorlik banki (JABIC) doirasida O‘zbekistonga ko‘rsatilgan moliyaviy va moliyaviy-texnik ko‘mak hajmi 7 milliard dollardan oshgan.
Mavzuga oid
13:31 / 28.05.2025
Markaziy Osiyo ekspertlari mintaqaning 2050 yilgacha bo‘lgan rivojlanish ssenariylari ustida ishlamoqda
14:06 / 26.05.2025
Yaponiya bozori uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha ta’lim dasturlari ishlab chiqiladi
15:50 / 25.05.2025
Yaponiya kemasi Rossiya bilan bahsli orol yaqinida ogohlantirishsiz o‘t ochdi
16:42 / 24.05.2025