O‘zbekiston | 19:07 / 23.09.2022
8286
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyadagi xalqaro turizm ko‘rgazmasida O‘zbekiston o‘z stendi bilan qatnashmoqda

Stend ochilishida so‘zga chiqqan bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov O‘zbekiston va Yaponiya turizm bo‘yicha katta potensialga ega ekanini ta’kidlab, O‘zbekistonda bu sohadagi tadbirkorlarga ko‘plab imtiyozlar berilayotganini aytdi va Yaponiyadagi turistik biznesni faol hamkorlikka chaqirdi.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati

22 iyun kuni Tokiodagi Xalqaro ko‘rgazmalar markazida “Tourism Expo Japan” ko‘rgazmasi boshlandi. Bu – dunyo sayyohlik sanoatidagi eng yirik anjumanlardan biri bo‘lib, avvalgi yillardagi ko‘rgazmalar sanoqli kunlar ichida 200 mingga yaqin tashrif buyuruvchini qamrab olgan.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, anjumanda Markaziy Osiyo davlatlari, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklif qilgan “Bir tur – butun mintaqa” tamoyiliga mos ravishda, yagona stendda ishtirok etmoqda.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati

Stend ochilishida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ishtirok etdi. U o‘z so‘zida turizm prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan milliy iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biri deb belgilanganini qayd etdi; turizm biznesida faoliyat yuritayotgan yaponiyaliklarni O‘zbekiston hamkorlar bilan faolroq ishlashga chaqirdi.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati
Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati

“Sohadagi islohotlar natijasida viza rejimi soddalashtirildi, elektron viza joriy etildi, turizm biznesi vakillariga qator imtiyozlar berildi. Barcha hududlarda yangidan yangi turistik obektlar barpo etilmoqda.

O‘zbekiston va Yaponiya turizm sohasida ulkan salohiyatga ega. Yaponiyaliklarning O‘zbekistonga sayohati tarixi uzoq asrlarga borib taqaladi: bu mamlakatning savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalari Buyuk ipak yo‘li orqali rivojlangan”, – dedi Abduhakimov.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati

Ko‘rgazmada o‘zbekistonlik turoperatorlar ham ishtirok etib, yaponiyalik va boshqa mamlakatlardan kelgan hamkasblari bilan B2B shaklda uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

O‘zbekiston stendi ochilishida Yaponiya turizm agentligi raisi Koichi Vada ham ishtirok etdi.
Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid