Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fotoreportaj: Rossiyada safarbarlikka qarshi namoyishlar davom etmoqda
Rossiyada safarbarlik e’lon qilinishidan keyingi ilk dam olish kunida ko‘plab shaharlarda urushga qarshi namoyishlarning yangi to‘lqini bo‘lib o‘tdi. Huquq himoyachilari xabariga ko‘ra, 32 shaharda qariyb 800 kishi qo‘lga olingan - bu safarbarlik e’lon qilingan kuni o‘tkazilgan namoyishlarda qo‘lga olinganlar sonidan kamroq.
«OVD-Info» loyihasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab qo‘lga olinganlar soni 796 nafarni tashkil etmoqda.
Moskvada shanba kuni odamlar Chistoprudniy bulvarida yig‘ilgan. Rossiya nashrlari muxbirlari qayd etishicha, bu yerga uch kun oldingidan kamroq odam kelgan. Shuningdek Pokrovka, Pokrovskiy bulvari va «Zaryade» parkida ham odamlar qo‘lga olingan.
Chistoprudniy bulvarida nogironlar aravachasidagi ayol «Men kabi bo‘lishni istaysizmi?» yozuvli plakat ko‘tarib kelgan. OAV xabariga ko‘ra, uni qo‘lga olishmagan.
Telegram-kanallarda politsiyachilar qo‘lga olinganlarni yerda sudrab, dubinkalar bilan kaltaklayotgani, uch-to‘rt kishilashib bir kishini olib ketayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Qo‘lga olish joyiga oldindan ko‘p sonli politsiyachilar keltirilgan.
«Zaryade» parkida OMON besh-o‘n kishi bo‘lib turgan yoshlarni qo‘lga olishgan.
Qo‘lga olinganlar IIB binolariga olib ketilgan.
Qo‘lga olinganlarning xabar qilishlaricha, ularning pasport va telefonlari olib qo‘yilgan. Soat kechqurungi yetti atrofida «Vesna» harakati kanalida aksiya yakunlangani haqida xabar paydo bo‘lgan.
«OVD-Info» Moskvada kamida 374 kishi qo‘lga olinganini xabar qildi. 21 sentabr kuni Moskvada 394 kishi qo‘lga olingandi.
Peterburgda faollarning alohida guruhlari plakatlar ko‘targan holda ko‘chalar bo‘ylab harakatlanishgan. Rossiya nashrlari xabarlariga ko‘ra, bu shaharda politsiya qat’iyroq harakat qilgan.
Dastlabki qo‘lga olish holatlari Sadovaya ko‘chasida bo‘lib o‘tgan. Muxbirlarning xabar qilishicha, OMON barchani bir boshdan qo‘lga olgan.
«Kommersant» gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lga olish vaqtida Peterburg omonchilari elektroshoker qo‘llagan. Har bir namoyishchiga kamida to‘rt nafardan politsiyachi tashlangan.
Peterburgdagi namoyishlar fonida faollarning uylarida tintuv o‘tkazilgan.
Norozilik aksiyalari va qo‘lga olishlar Moskva va Peterburgdan boshqa joylarda ham bo‘lib o‘tgan.
Novosibirsk (70 kishi qo‘lga olingan), Ijyevsk (21 kishi), Irkutsk (20 kishi), Tomsk (18 kishi), Perm (16 kishi) va boshqa yirik shaharlarda ham namoyishlar o‘tkazildi.
«Tayga.info» xabariga ko‘ra, Tomskda namoyishchilar shahar markazidagi Lenin maydonida yig‘ilgan.
Irkutsk va Samarada qo‘lga olinganlarga politsiya uchastkalarida chaqiruv qog‘ozi tarqatilgan. 21 sentabr kuni Moskvadagi namoyishlar vaqtida ham shunday holatlar kuzatilgandi.
Shu kunlarda Moskva prokuraturasi kelishilmagan norozilik aksiyalariga chiqishdan tiyilishga chaqirib, ishtirokchilarga nafaqat ma’muriy, balki jinoiy ish ochilishi mumkinligidan ogohlantirgandi.
Novosibirsk
Perm
Tomsk
Yekaterinburg

Sankt-Peterburg
Aleksandr Demyanchuk / TASS
Moskva
Sergey Fadeichev / TASS
Mavzuga oid
08:40 / 13.05.2025
Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti MH17 halokati uchun Rossiyani javobgar deb topdi
17:02 / 12.05.2025
Rossiyada xorijliklarga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi o‘zgaradi
14:54 / 12.05.2025
Rossiya TIV: Avval Istanbuldagi muzokaralar, keyin - sulh mavzusi
13:00 / 12.05.2025