Jahon | 07:46 / 26.09.2022
5425
2 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya immigratsiya qoidalarini yumshatishi mumkin

Buyuk Britaniyada ishchilar taqchilligi fonida bosh vazir Liz Trass tanqis kasblar ro‘yxatini kengaytirishni, shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mavsumiy ishchilarni jalb qilish bo‘yicha cheklovlarni olib tashlashni rejalashtirmoqda.

Liz Trass / Foto: Simon Dawson

Buyuk Britaniya bosh vaziri Liz Trass asosiy tarmoqlarda ishchi kuchining keskin tanqisligini bartaraf etish uchun mamlakatning immigratsiya siyosatini qayta ko‘rib chiqish niyatida. Bu haqda 25 sentabr, yakshanba kuni mahalliy OAV xabar berdi.

Xususan, yangi bosh vazir mehnat vizalarini olishning soddalashtirilgan tartibi qo‘llaniladigan tanqis kasblar ro‘yxatini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu, The Guardian ta’kidlashicha, britaniyalik ish beruvchilarga kamroq byurokratiya bilan xorijdan ko‘proq xodimlarni jalb qilish imkonini beradi. Ro‘yxat, xususan, keng polosali internet tarmog‘ini yotqizish bo‘yicha mutaxassislarni o‘z ichiga olishi mumkin. Rasmiylar viza olish uchun talab qilinadigan ingliz tilini bilish darajasini ham yumshatishi mumkin, deb yozadi Financial Times gazetasi.

Bundan tashqari, Trass qishloq xo‘jaligi sohasida mavsumiy ishlarga jalb qilinadigan chet ellik ishchilarni yollash bo‘yicha cheklovlarni olib tashlamoqchi. Vizaning 40 000 talik yuqori chegarasi, shuningdek, olti oylik maksimal qolish muddati bekor qilinishi kutilmoqda.

«Biz iqtisodiy o‘sishni, jumladan, qishloq xo‘jaligida rag‘batlantirish uchun zarur choralar ko‘rishimiz kerak. Bu ba’zi hududlarda ishchilar sonining ko‘payishiga, boshqalarida esa kamayishiga olib keladi», dedi Dauning-stritdagi manba The Sun nashriga. O‘zgarishlar yaqin haftalarda e’lon qilinishi mumkin, deya xabar beradi nashr.

Ushbu reja allaqachon ishbilarmon doiralar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, deb ta’kidlaydi FT. Biroq, u Trassning vazirlar mahkamasidagi ba’zi hamkasblari qarshiligiga duch kelishi mumkin. Immigratsiyaga qarshi kayfiyat 2016 yilda Yevropa ittifoqidan chiqish bo‘yicha referendumda asosiy harakatlantiruvchi kuch bo‘lgan, deya eslaydi gazeta.

Mavzuga oid