Suyurlitepa yodgorligidan ilk o‘rta asrlarga oid monumental inshoot o‘rni aniqlandi
Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi va Tarix instituti xodimlari tomonidan Ohangaron tumani hududida joylashgan Suyurlitepa yodgorligida olib borilgan qazishma ishlari natijasida ilk o‘rta asrlarga oid monumental inshoot o‘rni aniqlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Suyurlitepa yodgorligi Ohangaron daryosi chap sohilida, Qurama tog‘lari shimoliy etagida, Sanam qishlog‘idan 2 km sharqda, Olmaliq shahrini Angren shahri bilan bog‘lovchi avtomobil yo‘li yoqasida joylashgan.
Qazishmalar Vag‘nze mulkining janubi-sharqiy qismidagi nisbatan balandroq tepalikni ochib o‘rganishdan boshlandi. Qazishma 20x20 metr o‘lchamli maydonda amalga oshirildi.
Aniqlangan inshoot qurilishida paxsa va xom g‘ishtlardan foydalanilgan. Bino 3 qavatli paxsa bloklaridan iborat platforma ust qismida ko‘tarilgan. Uning tom qismi arkasimon qilib yopilgani qazishmalar jarayonida aniqlandi. Inshoot aynan qanday vazifani bajargani haqida tugal xulosaga kelingani yo‘q. Tadqiqotlar yakunida xulosalar beriladi.
Tadqiqotlar natijasida rivojlangan o‘rta asrlarga kelganda binodan boshqa maqsadlarda foydalangani qayd etildi. Inshoot markaziy xona va unga tutashtirilgan yordamchi xonalardan iborat qilib qurilgani hamda unga yana bir qancha xo‘jalik xonalari keyingi davrlarda qo‘shilgani yodgorlik rejasida aks etgan. Qazishma maydonida jami 10 ga yaqin xonalar ochib o‘rganildi.
Arxeologik qazishmalar natijasida bu yerdan Turk xoqonligi, Somoniylar, Qoraxoniylar va Mo‘g‘ullar bosqini davriga oid boy ashyolar, tangalar, sopol idishlar, kamon o‘qi uchlari, shisha idishlar, turli xil taqinchoqlar, suyakdan qilingan taroqlar va boshqa ko‘plab tarixiy buyumlar topilgan.
Xonalardan paxsa blokli platformani o‘yib ochilgan jami 5 ta xo‘jalik o‘ralari aniqlandi. O‘ralardan bittasi to‘g‘ri to‘rtburchak, qolganlari esa aylana shaklga ega. Ulardan 20 turdagi shisha idishlar, shisha laganlar, vazalar, jomlar va tabiblar tomonidan giyoh solish uchun ishlatilgani talqin qilinayotgan kichik, nozik ko‘rinishga ega shisha idishlar va hokazolar topildi. Bunday turli-tuman shisha idishlar topilishi bu hududlarda bir vaqtlar shishasozlik yuksak darajaga yetganini tasdiqlaydi.
O‘ralardan birida Somoniylar davrida oid (X asr) noyob laganlar ham topilgan. Ular sirtiga oq rang berilib, sirlangan. Laganlardan birida arab alifbosi kufiy xatida so‘zlar yozilgan. Laganlardan birida humo qushiga o‘xshab ketadigan qush tasvirlangan bo‘lib, u tumshug‘ida gul tutib olgan. Ikkala lagan ham Somoniylar davri nodir namunalaridan hisoblanadi.
Shahar ichki yo‘llarini aniqlash maqsadida 7 ta nuqtada transheyalar (eni 1 m, uzunligi 5-14 metrli chuqurlar) tashlangan va shahar ba’zi ichki yo‘llari o‘rniga aniqlik kiritilgan.
Yodgorlik janubi-sharqiy qismidagi keng maydonlarda qavat-qavat qilib tarmoqlangan ariqlar o‘rni yaqqol ko‘zga tashlanadi. Qadimiy majmua hududi juda kengligi bois uning katta qismi o‘z sir-asrorlari ochilishini kutib turibdi. Yodgorlikda arxeologik tadqiqotlar davom ettirilmoqda.
Mavzuga oid
14:31 / 04.06.2024
O‘zbekistonda monumental yodgorliklarni o‘rnatish tartibi o‘zgartirildi
07:46 / 09.05.2024
Berlinda sovet yodgorliklari yonida Rossiya ramzlari taqiqlandi
11:34 / 01.05.2024
Buxoroda yodgorliklarni ta’mirlashga ajratilgan 3,3 mlrd so‘m talon-toroj qilindi
07:40 / 24.04.2024