Jahon | 07:46 / 09.05.2024
3350
2 daqiqa o‘qiladi

Berlinda sovet yodgorliklari yonida Rossiya ramzlari taqiqlandi

8-9 may kunlari politsiya taqiqi Treptov-park, Tirgarten va Shyonxolser-Xayddagi sovet yodgorliklariga tegishli. Bu yerda georgiy lentalari, Rossiya bayroqlari va harbiy qo‘shiqlar taqiqlangan.

Foto: Asif Masimov

Yevropada 8-9 may kunlari nishonlanadigan Ikkinchi jahon urushi tugagan sana munosabati bilan Berlin politsiyasi shahar va uning atrofidagi sovet yodgorliklari yaqinida rus ramzlarini taqiqlab qo‘ydi. Shu kunlarda Rossiya bayroqlari, georgiy lentalari, kiyim-kechak, ordenlar, harbiy va marsh qo‘shiqlari, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini madh etuvchi ramzlar, jumladan Z belgisi taqiqlandi. Bu haqda 7 may, chorshanba kuni kechqurun chiqarilgan politsiya buyrug‘ida aytiladi. 

Istisnolar faqat Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, diplomatlar va boshqa hukumat vakillari uchun taqdim etiladi. Cheklovlar yodgorliklar tashqarisidagi mitinglar va ularga tutash hududlarga ham taalluqli emas. Bu yerda yig‘ilishlar to‘g‘risidagi qonunning odatiy qoidalari qo‘llanadi. 

Rossiya elchixonasi bayroqlarga qo‘yilgan taqiqni olib tashlashga chaqirdi

Rossiyaning Berlindagi elchixonasi Germaniya poytaxti rasmiylarini sovet obidalari hududida rus bayroqlari va ramzlariga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishga chaqirdi. «Biz bu taqiqni urushdan keyingi davrda Rossiya va Germaniya xalqlari o‘rtasidagi tarixiy yarashuv ruhiga zid bo‘lgan diskriminatsiya deb hisoblaymiz», — deyiladi elchixona bayonotida. 

Bu yil jahon hamjamiyati Yevropada Ikkinchi jahon urushi tugaganining 79 yilligini nishonlayapti. Germaniyada tadbirlar 8 may kuni, Rossiyada va sobiq SSSRning aksariyat mamlakatlarida fashistlar Germaniyasining taslim bo‘lishi to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan vaqt farqi tufayli 9 may kuni o‘tkaziladi. 

Xotira tadbirlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi fonida uchinchi marta o‘tkazilmoqda. O‘tgan ikki yil davomida bu turli namoyishchilar guruhlari a’zolari o‘rtasida nizolarga olib keldi.

Mavzuga oid