O‘zbekiston | 17:00 / 27.09.2022
7906
4 daqiqa o‘qiladi

“Trastbank” va “Kyongnam Bank” o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi

26 sentabr kuni “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Bosh ofisida Janubiy Koreyaning yetakchi banklaridan biri sanaladigan “Kyongnam Bank” Boshqaruvi raisi Choy Xong Yong boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: Trastbank

Ta’kidlash joizki, “Kyongnam Bank” Janubiy Koreyaning yirik moliyaviy guruhi “BNK Financial Group”ning bir qismi hisoblanadi. Mazkur kompaniyaning 473 ta filiali mavjud bo‘lib, ulardan 59 tasi xorijiy mamlakatlarda joylashgan. Uning aktivlari 100 mlrd AQSh dollaridan ziyodni tashkil etadi.

Foto: Trastbank

Ushbu moliyaviy guruh tarkibiga kiradigan “Kyongnam Bank” 1970 yilda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, turli kredit mahsulotlari va kartalari, sug‘urta mahsulotlari kabi barcha turdagi bank xizmatlarini taqdim etadi. Bank xalqaro reytinglardagi o‘rnini ham mustahkamlagan. Jumladan, 2021 yilning 21 may kuni “Moody’s Investors Service” reyting agentligi “Kyongnam Bank”ning uzoq muddatli xalqaro reytingini “Barqaror” prognozi bilan “A2” darajasida tasdiqladi. Bankning aktivlari 93,10 mlrd AQSh dollari, ustav kapitali esa 6,581 mlrd AQSh dollarini tashkil etadi.

Foto: Trastbank

2021 yil 15 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki mahalliy banklar bilan hamkorlik qilish, mijozlarning moliyaviy savodxonligini oshirish va O‘zbekiston bank-moliya tizimiga Koreyaning ilg‘or tajribasini joriy etishda ko‘maklashish maqsadida Koreya Respublikasining “Kyongnam Bank” vakolatxonasi akkreditatsiyadan o‘tkazilganligini ma’lum qildi.

Foto: Trastbank

Uchrashuvda o‘zaro ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga urg‘u berildi. Xususan, “Janubiy Koreyaning yetakchi moliya muassasasi bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishdan mamnunmiz. Bu hamkorlik istiqbolda o‘zining ijobiy samarasini berishiga ishonamiz”, – dedi “Trastbank” XAB Boshqaruvi raisi Sardor Normuxamedov.

Foto: Trastbank

O‘z navbatida, “Kyongnam Bank” Boshqaruvi raisi Choy Xong Yong mazkur uchrashuv ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilishini, qolaversa, Memorandum ham ikki moliya muassasasi uchun manfaatli bo‘lishini ta’kidladi.

Samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki va Janubiy Koreya moliyaviy guruhi “BNK Financial Group” tarkibiga kiradigan yetakchi bank “Kyongnam Bank” o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.

Foto: Trastbank

Mazkur hujjat ikki moliya muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. Xususan, bank operatsiyalari, axborot texnologiyalari, kreditlar va bank depozitlarini berish borasida tajriba almashiladi. Qolaversa, ishbilarmonlik uchrashuvlari o‘tkazish, ikki bankning amaliy faoliyati bilan yaqindan tanishish nazarda tutilgan.

Foto: Trastbank

Shuningdek, yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi. Delegatsiya a’zolari “Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankining Amaliyot boshqarmasida ish jarayoni bilan tanishdi. Shuningdek, “Trastbank”ning faoliyati tarixidan so‘zlaydigan muzeydagi eksponatlarni ko‘zdan kechirdi. “Kyongnam Bank” Boshqaruvi raisi Choy Xong Yong faxriy mehmonlar kitobida o‘z tilaklarini bildirib, dastxat qoldirdi.

Reklama

Mavzuga oid