“Maska-shou” - kooperativlardan paxtani tortib olish uchun tezkor guruhlargacha ishga solindi
O‘z huquqlarini tanib kooperativlarga birlashgan ojiz fermerlar bir yon, ularning paxtasini monopolist klasterga majburan olib berayotgan amaldorchalar bir yon. O‘rtada qonun balchiqqa botirilyapti, prezident farmoni oyoqosti bo‘lyapti.
Yangi O‘zbekistonda ham huquqlari eng ko‘p ochiqchasiga, namoyishkorona toptaladigan tadbirkorlar fermerlar bo‘lib qolmoqda.
Kun.uz o‘zining qonunda va prezident farmonida yozilgan huquqlari asosida kooperativlarga birlashgan fermerlarning bu huquqlar uchun klasterlar, hokimlar, prokurorlar va ichki ishlar xodimlari bilan kurashi mavzusini yoritishda davom etadi.
“Niqobli va qurollangan ichki ishlar xodimlari shiyponimizni bosdi”
Bahodir Arabov, Andijon viloyati Bo‘ston tumanidagi “Bahodir” fermer xo‘jaligi rahbari:
— Ko‘p yillardan beri fermerlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelamiz. Prezidentimiz yaratib berayotgan imkoniyat, qonunchilikdagi imkoniyatlardan foydalanib, biz joriy yilda paxta topshirish shartnomasini Shahrihon tumanida ochilgan “Prezident orzusi” kooperativi bilan tuzdik. Paxtamizni ularga topshiradigan bo‘ldik. Bundan tuman rahbarlarining xabari bor edi.
Lekin joriy yil 24 sentabr soat 16.00 larda dala shiyponimizga bir guruh ichki ishlar xodimlari niqoblangan va qurollangan holatda bostirib kirishdi. Biz paxtamizni kooperativga topshirish uchun terib tayyorlayotgan edik. Shiyponimizga kelganlar, negadir, bizga nisbatan jinoyatchilarga qilinadigan munosabatni qilishdi. O‘ta qo‘polllik qilishdi.
Biz ulardan o‘zlarini tanishtirishni, ruxsatnomalarini so‘radik. Ular javob ham qaytarishmadi. Videoga olib, holatni qayd etmoqchi bo‘ldim, ammo bunga imkon berishmadi. Vaholanki o‘zlari bemalol, bizning xususiy mulkimiz bo‘lgan shiyponimiz ichida yurib, videoga olishdi.
Ular: “Paxtani nega topshirmayapsizlar, bu ishlaring noqonuniy, paxtani tezroq klasterga olib borib topshiringlar”, deyishdi.
Hozirda paxtani yetishtirayotgan ham, sotib olayotgan ham – tadbirkorlar. Shu sabab bizning oldimizga kelgan idoraning harakatlarini butkul noqonuniy, o‘zboshimchalik bilan qilingan harakat deb hisoblaymiz.
O‘zlarining e’tiroficha, ularning bu harakatiga Ichki ishlar vazirligining katta mulozimi rahbarlik qilayotgan ekan.
Biz qonunni buzganimiz yo‘q. Bu harakatlarni prezident siyosatiga xiyonat deb, O‘zbekiston siyosatini sharmanda qilish deb hisoblaymiz. Ichki ishlar vaziridan bu xodimlarga tegishli chora ko‘rilishini so‘raymiz.
“O‘zimiz yetishtirgan paxtani o‘zimiz o‘g‘irlagan bo‘lib qolyapmiz”
Orifxo‘ja Tojiboyev, Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi “O. M. Azizxo‘ja” fermer xo‘jaligi rahbari:
— 20 nafar fermer birlashib, kooperativ tuzganmiz. “Qo‘qonsoy” paxta zavodi bilan shartnoma tuzib, o‘z pulimizga yetishtirgan 830 tonna paxtamizni zavod maydoniga to‘plagan edik. Viloyat hokimi muovini, viloyat prokurori muovini, tuman sektorlari kelib, “paxtani klasterga topshirasan” deb, bosim qilishdi. Paxtamizni olib chiqa boshlashdi. 103 tonna paxtamizni tola qilishga ulgurgandik. “Tolani ham berasan” deyishyapti.
Mening ustimdan “paxtani noqonuniy tola qilyapti” deb yozib berganmish. O‘zimiz yetishtirgan paxtani o‘zimiz o‘g‘irlagan bo‘lib qolyapmiz...
“Biz shunchaki erkin tadbirkor bo‘lishni istayapmiz xolos”
Uchko‘prik tumanidagi “Yusufmalik Ehson” fermer xo‘jaligi rahbari Jahongir Qo‘ldoshevning aytishicha, 22 sentabr kuni 7 nafar fermerni bosimlar ostida klaster bilan shartnoma tuzdirishgan.
— Holbuki fermerlar kooperativ bilan shartnoma tuzib qo‘ygan, shundaymi? Shartnomalar qachon tuzilgan?
— 2022 yil 5 may kuni.
— Kooperativ bilan shartnoma tuzilganiga qaramasdan-a?..
— Ularning aytishicha, kooperativ noqonuniy ekan...
— Kooperativ noqonuniy ekanini biron hujjat bilan isbotlashdimi?
— Yo‘q.
— Qaysi idoralar ishtirok etdi paxtani olib ketishda?
— To‘rtala sektor. Viloyat prokuraturasi, qishloq xo‘jaligi bo‘limi.
— Bevosita qaysi idoraning ishchilari paxtani olib ketishdi?
— “Farg‘ona global tekstil” klasteri ishchilari.
— Kooperativ bilan shartnomasi bo‘la turib, nega fermerlar klasterlar bilan shartnoma tuzishga rozi bo‘lishdi?
— Qo‘shtirnoq ichida rozi qilishdi-da chunki, “chiroyli qilib”.
— “Chiroyli qilib” – nima degani bu?
— Turli bosimlar bilan. Uyga har kuni uchastkavoy kelaversa, hokimiyatga borasan ekan, yana falon joyga borasan, deyaversa... Hammaning yoshi katta ota-onasi bor... Ota-onalarga “tushuntirish ishlari” olib boriladi. Ota-onalar keyin fermer farzandlaridan xafa bo‘lishadi...
Ota-onalarimiz keksa, “kel, qo‘y, davlat bilan o‘ynashma” deyishadi. Davlat bilan o‘ynashayotganimiz yo‘q, axir klaster ham biz kabi tadbirkor-ku. Klaster ham tadbirkor, fermer ham.
Hokimiyat mahalla qo‘mitasiga bosim qiladi, mahalla esa ota-onamizga... Ma’nan bosim bu.
Oilalarimizda davlat xizmatidagi odamlar bor, shular orqali shantaj qilishga urinishadi... So‘rasa, “men sizning qo‘lingizdan ushlab muhr bostirdimmi” deydi...
Ota-onamizga “bolang yozuvchi ekan, boshqa ekan” deyishadi. Qo‘ni-qo‘shni, atrofdagilarga tushuntirguncha ancha vaqt ketadi. O‘zbekchilik.
Mumkinmas emish... Hayronmiz, Prezident farmonidan Vazirlar Mahkamasi chiqargan bayonnomasi ustun kelyapti... Davlat tayinlab qo‘ygan prokuror “mumkinmas” deb tursa... qayerga boramiz?
“Hujjat-qog‘ozlaringni ber, mumkinmas degan gap qayerda bor” desa, “mumkinmas, Vazirlar Mahkamasining bayonnomasi bor” deydi. Axir bu bayonnoma-ku (protokol). Prezident chiqargan qaror va farmonlar kuchi qayerda qoldi?
Bu klasterlar monopoliya qilib olganmi deb o‘ylab qolasan kishi. Yana bu shartnomani tuzish tartibiga qarang: qup-quruq blankaga muhr bostirib olishadi...
Prezident qarorlari va Oliy Majlis qabul qilayotgan qarorlarni kuzatib boramiz. Uquvsiz emasmiz.
Klasterdan bir so‘m pul olmadik, davlatdan ham, o‘zimiz yetishtirdik paxtani. Shuni prokuror yoki hokimning yuziga aytish gunoh bo‘lsa, demak biz “gunohkor” ekanmiz. Odamning ichi to‘lib ketdi-ku, axir.
“Yeringni tekshirtiraman, noqonuniy qurilishingni tekshirtiraman, bog‘dorchiligingini tekshirtiraman, bankda pul aylantirganmisan...” Hammamizning ham kamchiligimiz bor, insonmiz-da. Shu kamchilik joylarimizni topmoqchi bo‘lishyapti, topishyapti ham. Mana, biz bilan 6 oy ishlagan yigitlarning yettitasi bir kunda shartnomalarga muhr qo‘yib berishdi, bosim bo‘lgani uchun.
Chet ellarda ko‘p bo‘lganman. Germaniya, Avstriya, Belgiya – qishloq xo‘jaligini ko‘rib kelganman. Raqobat bo‘lishi kerak-ku, axir. Dexqonchilikda raqobat bo‘lmasa, nima degan gap bu? Prezidentimiz o‘rta va katta biznesga yo‘llarni ochib yubordilar, raqobat bo‘lsin uchun, raqobatbardosh mahsulotlar chiqaringlar deb. Raqobat shunchalik kuchayib ketdiki, Qo‘qon shahriga yaqin yerlarda ham terimchi topilmayapti... Nimaga desangiz, to‘rtta ishlab chiqarish korxonasi bor mahallada... Oddiy holva sexida sakkizdan beshgacha ishlaydigan ayollarga uch million pul to‘lanyapti, tushlik bepul. Endi qaysi ayol chiqib paxta teradi bizga? Uzoqdan olib kelyapmiz terimchilarni.
“Bo‘sh blankaga muhr bosma, qo‘l qo‘yma” deydi qonunchiligimiz... O‘zbek fermeriga esa azaldan bo‘sh blankaga qo‘l qo‘ydirishib kelishyapti...
Chet ellarda prognoz degan narsa bor, ertani bilish uchun. Bizda bu prognoz degani... Xudodan ham ko‘proq bilishadi bular... Toza blankaga muhr bostirib olishadi, keyin klaster janoblari 45 sentner deb yozib qo‘yadi... shunchadan berish kerak bo‘ladi... O‘tkan yili 42 sentnerdan hosil olib, klasterga yana jarima ham to‘ladim...
Holbuki, klaster ham biz kabi tadbirkor. Biz shunchaki erkin tadbirkor bo‘lishni istayapmiz, xolos.
Haqoratlashyapti, qo‘rqitishyapti, majburlashyapti...
Sherzod Xurramov, Surxondaryo viloyatidagi “Zartepa eksport-import” ishlab-chiqarish kooperativi rahbari:
— Jarqo‘rg‘on va Sherobod tumanlarida ishlab chikarish kooperativi ochganmiz. Sherobod tumanida ijaraga punkt olganmiz, ijara shartnomasini tuzishga yo‘l berishmayapti, tepadan bosim bo‘lyapti. Turli xil vajlar bilan paxtani klasterga berishga majburlashyapti. “Qaror klasterga chiqqan, Vazirlar Mahkamasining protokoli chiqqan, shunga asosan paxtani berasan” deyishyapti. Majbursan deyishyapti.
Bir, ikki kun oldin viloyat hokimi To‘ra Bobolov, uning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha muovini Usmon Turopov, prokuraturadan kelib bosim qilib, har xil gaplar bilan haqoratlab, paxtani topshirasan deyishdi. Hech narsadan hech narsa yo‘q, topshirarkanmiz ularga.
— Holbuki, fermerlar kooperativ bilan shartnoma tuzib qo‘ygan, to‘g‘rimi?
— Ha, kooperativ bilan shartnoma tuzishgan. Chigiti, urug‘dan tortib, to hozirgi kungacha kooperativ o‘z hisobidan yetishtirgan paxtani klasterga topshirasan deb turishibdi.
— Jarqo‘rg‘onda vaziyat qanday?
— Jarqo‘rg‘onda ham klasterning joyiga saqlatyapmiz paxtani. O‘zimizni joyga saqlolmayapmiz. Chunki har xil yo‘llar bilan – fermerlarni chaqirtiraverib, asabimizni buzaverib, shunga majbur qilishdi.
Fermerlar – oddiy odamlar, dehqonlar... Yeringni olib qo‘yamiz, o‘zingga jinoiy ish qo‘zg‘aymiz deb qo‘rqitishadi... Oxir-oqibat majbur bo‘ldik shunga. Paxtamiz klasterning hisobidan statistikaga kiritilyapti.
Shokir Sharipov tayyorladi.
Mavzuga oid
15:45 / 21.11.2024
Ummon O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilmoqchi
12:10 / 20.11.2024
O‘zbekistonda foydalaniladigan suv resurslari 90 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelyapti
11:37 / 20.11.2024
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida importni 50 foizga qisqartirish rejalashtirilmoqda
21:20 / 19.11.2024