Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pragada Yevropa ittifoqining Rossiyaga sanksiyalariga qarshi miting bo‘lib o‘tdi
Pragada o‘n minglab odamlar namoyishga chiqdi va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida «betaraflik»ni talab qildi - aksiya millatchilar va YeI tanqidchilari tomonidan uyushtirilgan.
Bir necha o‘n minglab odamlar 28 sentabr, chorshanba kuni kechqurun Pragadagi Vatslav maydonida hukumatga qarshi namoyishga yig‘ildi. Namoyishchilarning asosiy talabi Chexiya bosh vaziri Petr Fiala boshchiligidagi hukumatning iste’foga chiqishi edi, chunki u Yevropa ittifoqining Kremlga qarshi sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
«Chexiya hammasidan ustun» shiori ostida o‘tkazilgan miting tashkilotchilarining fikricha, bunday harakatlar mamlakatga zarar yetkazmoqda, chunki sanksiyalar tufayli Rossiya unga gazni arzon narxda yetkazib bermayapti. Namoyishchilarning talablari orasida Ukrainani urushda qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish va unga qurol yetkazib berish ham bor edi. Bundan tashqari, tashkilotchilar Chexiyaning harbiy betarafligi tarafdori - bu mamlakat NATO a’zosi bo‘lishiga qaramay talab qilinyapti.
Mitingda, xususan, 2012 yildan beri Yevropa ittifoqini bir necha bor tanqid qilgan chexiyalik iqtisod professori Miroslav Shevchik so‘zga chiqdi. U o‘z nutqida Rossiya rejimiga qarshi joriy qilingan sanksiyalar Yevropa ittifoqining o‘ziga ham ta’sir qilganini ta’kidladi. Bundan oldin esa tadbirda «o‘ng radikallar deb hisoblangan» musiqiy guruh ijrosida mamlakat madhiyasi yangradi, deya ta’kidlaydi dpa agentligi.
Chorshanba kuni Brno va Ostravada shunga o‘xshash bayonotlar bilan mitinglar bo‘lib o‘tdi. Barcha tadbirlar tashkilotchilari millatchi va yevroskeptik muxolifat partiyalari yetakchilari, shuningdek, blogerlar va jamoat arboblari bo‘lib, ularning ba’zilari «rossiyaparast qarashlarini yashirmaydi», deb ta’kidlaydi OAV.
Rossiyaga qarshi sanksiyalarni tanqid qiluvchi va hukumatga qarshi qaratilgan so‘nggi miting 3 sentabr kuni Pragada bo‘lib o‘tdi – u ham «Chexiya hammasidan ustun» shiori ostida o‘tkazildi va Fialaning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaparast kuchlar tomonidan uyushtirildi. Ular Chexiya manfaatlariga zid bo‘lgan pozitsiyani himoya qilayotgani aytilgan.
Avvalgi aksiya davomida tashkilotchilar hukumatni 25 sentabrgacha iste’foga chiqishga chaqirishdi – aks holda mamlakatda ish tashlash e’lon qilishga va’da berishdi, uni kasaba uyushmalari qo‘llab-quvvatlashi kerak edi. Biroq, 28 sentabrdagi aksiyalarda bunday bayonotlar berilmagan. Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Pragadagi ikkinchi aksiya birinchisiga qaraganda kamroq ishtirokchilarni to‘pladi.
Sentabr oyi oxirida narxlar oshishi va sanksiyalarga qarshi namoyishlar Germaniyada ham bir necha ming ishtirokchini to‘pladi. Ularni Bundestagdagi vakillik nuqtayi nazaridan barcha siyosiy kuchlar ichida eng kichigi bo‘lgan muxolifatdagi Chap partiya chaqirgan. Aksiyalar «Ijtimoiy sovuqqa qarshi issiq kuz» shiori ostida o‘tkazildi va federal hukumatning energiya, ijtimoiy siyosatidan norozilikni bildirishi kerak edi. Ular ishtirokchilari, jumladan, «Shimoliy oqim-2» gaz quvurini ishga tushirishni talab qilib, ko‘chalarga chiqishdi. Ammo avvalroq Germaniya hukumati bu Rossiya tomonidan «gaz shantaji» masalasini hal qilishga yordam bermasligini bildirgan edi.
Mavzuga oid
09:03 / 28.05.2025
WSJ: Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish haqida o‘ylayapti
15:45 / 27.05.2025
Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarni AQSh bilan birgalikda qo‘llamoqchi
14:36 / 23.05.2025
Bank of Georgia rossiyaliklarning lyuks do‘konlardagi xaridlarini chekladi
10:22 / 23.05.2025