O‘zbekiston | 11:21 / 03.10.2022
7069
2 daqiqa o‘qiladi

Qatarda o‘zbek mutaxassislari xattotlik bo‘yicha mahorat darslari o‘taydi

O‘zbekiston mutaxassislari Dohada xattotlik, ganch o‘ymakorligi va xalq hunarmandchiligi yo‘nalishlarida mahorat darslari o‘taydi.

Foto: Dunyo

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiya markazi (ITsM) direktori Shoazim Minovarov boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi Dohaga tashrifi doirasida Qatar Islom san’ati muzeyi direktori o‘rinbosari Shayx Nosir an-Nosir va Hamad bin Xalifa universiteti Islom tadqiqotlar fakulteti dekani Rajab Shenturk bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Qatar Islom san’ati muzeyi rahbariyati bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida anglashuv memorandumini imzolash, qo‘lyozmalarni ta’mirlash va raqamlashtirish, tomonlarda mavjud bo‘lgan nodir qo‘lyozma va asarlar nusxalarini almashish, qo‘shma ilmiy anjumanlar o‘tkazishga kelishib olindi.

O‘zbek mutaxassislari ishtirokida hamkorlikda Dohadagi muzey qoshidagi ta’lim markazida xattotlik, ganch o‘ymakorligi va xalq hunarmandchiligining boshqa yo‘nalishlarida mahorat darslari o‘tkazish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.

Tomonlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy-amaliy anjumanlar, seminarlar, tadqiqotlar, o‘quv kurslari tashkil etish, o‘zaro malaka almashish va professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashuvini yo‘lga qo‘yish, mutaxassislar tashriflarini amalga oshirishga kelishib oldi.

Bundan tashqari, Islom tadqiqotlar fakulteti Qatar xayriya tashkiloti bilan hamkorlikda ITsM va O‘zbekistondagi tegishli o‘quv yurtlari hamda markazlarga ular ehtiyojlaridan kelib chiqib, 30 mingdan ortiq turli adabiyotlar, o‘quv qo‘llanmalari, darsliklar va boshqa turdagi kitoblarni yetkazib berish imkoniyati borligini bildirdi.

Rajab Shenturk «Islom moliyasi» yo‘nalishida Dohada o‘tkaziladigan xalqaro anjuman to‘g‘risida ma’lumot berib, mazkur tadbir ishiga O‘zbekiston vakillarini taklif qildi.

Mavzuga oid