Frontdagi vaziyat: Ukrain armiyasi Xerson va Donetsk oblastlarida qarshi hujumni davom ettirmoqda
Bu vaqtda Davlat dumasi ushbu hududlarni Rossiya tarkibiga «qabul qildi».
Xerson oblastida nimalar bo‘lmoqda?
Ukraina qurolli kuchlari Xerson oblastida jiddiy qarshi hujum boshlagan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 2 oktyabr kuni harbiylar Ingulets daryosi bo‘yidagi Arxangelsk posyolkasini, shuningdek Mirolyubovka posyolkasini ozod etgani haqida xabar berdi. Ijtimoiy tarmoqda ukrain harbiysi Mirolyubovkadagi binolardan biriga Ukraina bayrog‘ini o‘rnatayotgani aks etgan surat tarqalgan. Ukrain kuchlari sentabr oyi boshidayoq Mirolyubovka va Arxangelsk atrofida paydo bo‘lgandi.
Ukrain harbiylari Dnepr daryosi bo‘ylab ham yurish qilmoqda. Rossiyalik «voyenkor»larga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari Dnepropetrovsk oblasti bilan chegaradagi Novovoronsovkidan 25 kilometr janubdagi Mixaylovkiga qadar hududdagi bir qancha aholi yashash manzillarini ozod etgan. So‘nggi bir kunda Ukraina qurolli kuchlari taxminan 15 kilometrga ilgarilagan.
Ukraina armiyasi Dudchaniga ham yetib kelgan, Xerson oblastida bo‘lib turgan rossiyalik harbiy muxbirlardan biri Roman Saponkovning 2 oktyabr kuni kechqurun yozishicha, «frontdagi vaziyatni barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘linmagan». Yana bir «voyenkor» Yuriy Kotenok esa ukrain harbiylari Dudchanini egallashgani haqida yozgan. Rossiyalik «vatanparvar» telegram-kanal «Ribar» 3 oktyabr kuni soat 11:00 holatiga rossiyalik harbiylar Zolotaya Balka qishlog‘idagi pozitsiyani boy bergani, Ukraina qurolli kuchlari Novovoronsovka — Novoaleksandrovka trassasi bo‘ylab mustahkam o‘rnashgani va Dudchani tomon harakatlanayotganini tasdiqlagan.
Ukraina qurolli kuchlari Dudchani hududidan turib Kaxova GESga yorib o‘tishni rejalashtirgan, ammo Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyati rahbari Vladimir Saldo «ular yakson etilgani» haqida xabar berdi. RF mudofaa vazirligi ukrain qo‘shini Zolotaya Balka — Aleksandrovka yo‘nalishida rossiyaliklar mudofaasi «chuqurligiga kirgani» haqida xabar berdi.
2 oktyabr kuni ukrain askarlari Kreshchenovka va Osokorovka qishloqlariga (Osokorovkaga kirishda tarvuzga qo‘yilgan yodgorlik bor) kirgani haqidagi video va fotolar tarqaldi.
Shuningdek, ukrain manbalari Zolotaya Balkada olingani aytilgan videoni tarqatishdi. 3 oktyabr kuni ukrain nashrlari Mixaylovka qishlog‘ida Ukraina bayrog‘ini ko‘tarib turgan ukrain askari videosini namoyish etishdi.
Ukraina qurolli kuchlari rasman Xerson oblastida vaziyat «jadallashayotgani» haqida xabar bergan. «Biz janglarni davom ettirmoqdamiz va ozod etilgan hududlarda mustahkam o‘rnashib, tozalash ishlarini olib boryapmiz», — deya xabar berdi 3 oktyabr kuni Ukraina janubidagi mudofaa kuchlari rasmiysi Natalya Gumenyuk. Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrain kuchlari front chizig‘i bo‘ylab joylashgan va doimiy ravishda rossiyaliklarning zarbalariga duchor bo‘layotgan 45 ta aholi yashash manzilidagi aholiga evakuatsiya bo‘lishni taklif etmoqda.
Xerson oblastining RF ta’siridagi ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Kirill Stremousov esa bu vaqtda ukrain harbiylari yorib kirishga urinayotganiga qaramay, Xerson yo‘nalishida «barchasi nazorat ostidaligi»ni aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrain kuchlari «biroz ichkarilagan». «Biz esa barcha hujumlarni qaytarmoqdamiz», degan u. Stremousov ukrain harbiylari katta yo‘qotishlarga uchrayotganini qo‘shimcha qilgan.
Ukraina kuchlari avvalroq Dnepr daryosi ustidan o‘tgan ko‘priklarni o‘qqa tutib, Rossiyaning Xerson oblastidagi bo‘linmalarining ta’minot zanjirini uzib qo‘ygandi.
Donetsk oblastida nimalar bo‘lmoqda?
1 oktyabr kuni ukrain harbiylari mamlakat sharqidagi qarshi hujumlar davomida Donetsk oblastining Liman shahrini egalladi. Ukrain kuchlari Liman atrofiga 30 sentabr kuni yetib kelishgandi. The New York Times nashri Ukraina armiyasining sharqda jang qilayotgan qo‘shinlari vakili Sergey Cherevatiyga asoslanib xabar berishicha, o‘sha vaqtda shaharda 2 mingdan 3 minggacha rossiyalik harbiylar joylashtirilgandi.
NYT ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina qo‘mondonligi shaharni uch tomondan qurshab olgan ukrain harbiylari son jihatdan ikki barobar ustunligi evaziga Limanni bir urinishda qaytarib olishni rejalashtirgandi, ammo Rossiya armiyasi madad kuchlari yuborgan. Shahar atrofidagi o‘rmonlarda va Shimoliy Don daryosining o‘ng sohilida qaqshatqich janglar kechgan. The Wall Street Journal nashrida yozilishicha, shahar atrofidagi yo‘llar bo‘ylari va maydonlarda halok bo‘lgan rossiyalik askarlar jasadi va yonib ketgan texnikalar qolgan.
Sergey Cherevatiy rossiyalik askarlar tartibsiz ravishda chekingani, ularning asosiy qismi kichik guruhlarga bo‘linib, o‘rmonlarga yashiringani haqida aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylarning ko‘pchiligi halok bo‘lgan yoki asir tushgan. 1 oktyabr kuni kechqurun ukrain politsiyasi Limanda patrul boshladi va shaharda qolgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan rossiyalik harbiylarni qidirishga kirishdi. 2 oktyabr kuni tushdan keyin Volodimir Zelenskiy Liman «to‘liq tozalangani»ni ma’lum qildi. Bu vaqtda Liman tarkibiga kiruvchi Kramatorsk rayoni IIB shaharda hech kim qo‘lga olinmagani haqida xabar berdi. Hozirga qadar rossiyalik harbiylarning qancha qismi qurshovdan chiqib keta olgani ma’lum emas. 2 oktyabr kuni ukrain harbiylari ko‘plab rossiyaliklar hamon Liman atrofidagi o‘rmonzorlarda yashiringani haqida xabar berdi.
RF mudofaa vazirligi Rossiya qo‘shini «qurshov xavfi yuzaga kelgani tufayli» Limandan «yanada afzalroq marraga olib ketilgani» to‘g‘risida bayonot bergan. «Komsomolskaya pravda»ning harbiy muxbiri Aleksandr Kots Rossiya qo‘shini bosqichma-bosqich chekingani, ammo «so‘nggi bo‘linma amalda jang qilib qamaldan chiqqani» haqida yozgan. Kotsning so‘zlariga ko‘ra, go‘yoki shahar qamalida Ukraina armiyasidan 23 ming kishi qatnashgan va bu Rossiya kuchlaridan bir necha barobar ustun edi. Lekin boshqa nashrlar ma’lumotiga ko‘ra, shaharda Rossiyaning 5-5,5 ming harbiysi bo‘lgan, ukrainlar esa 6 mingdan ortiq harbiy bilan hujum qilgan.
Limandan chekinish sabablari haqida gapirar ekan, Kots Rossiya armiyasiga kuch yetishmagani, madad kuchlari kech yetib kelgani, «jang qilishdan bosh tortganlar» strategik muhim pozitsiyalarni tashlab chekinishgani haqida aytgan. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Limanning boy berilishida Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni general-polkovnik Aleksandr Lapinni aybladi.
Rossiya qo‘shinlari Limandan ketgach mahalliy aholi vakillari rossiyaliklarning qoldirib ketgan zaxiralaridan foydalana boshladi. WSJ nashri yozishicha, 2 oktyabr kuni o‘nlab kishilar rossiyaliklarning shahar bosh maydonidagi do‘konlariga kelishdi va «Rossiyskaya gumanitarnaya pomoshch» yozuvi tushirilgan qoplarda unlarni tashib keta boshlashdi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, urushga qadar 20 ming kishi istiqomat qilgan Limanda besh mingdan kamroq odam qolgan. Mahalliy aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, istilo vaqtida ular gaz va elektr ta’minotisiz yashagan. Politsiyada aytishlaricha, Rossiya kuchlari elektr yoki ichimlik suvi ta’minotini tiklashga urinmagan, odamlar uchun oziq-ovqat ta’minoti uzluksiz bo‘lmagan, ko‘plar tibbiy yordamga muhtoj bo‘lib qolgan.
Mavzuga oid
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024