Jahon | 17:24 / 07.10.2022
5898
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada safarbarlikdan bo‘yin tovlash bo‘yicha birinchi jinoiy ish noqonuniy deb topildi

Foto: TASS

Rossiyaning Penza oblasti prokuraturasi safarbarlik uchun chaqiruv qog‘ozi chiqishdan bo‘yicha kelishdan bo‘yin tovlaganlik (RF Jinoyat kodeksining 328-moddasi) holatiga oid birinchi jinoiy ish qo‘zg‘atish haqidagi qarorni noqonuniy deb topdi, deb xabar berdi «Agora» inson huquqlari tashkiloti rahbari Pavel Chikov.

Rossiyada safarbarlikdan bo‘yin tovlash holati bo‘yicha birinchi jinoiy ish haqida 5 oktyabr kuni ma’lum bo‘ldi. U Penza oblastining Kondol qishlog‘ida yashovchi 32 yoshli fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilgan. 

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, chaqiruv qog‘ozi olgach, u ikki marta harbiy xizmatga kelishdan bosh tortgan, ammo buning uchun «uzrli sabab va asoslari» bo‘lmagan. 

Shu bilan birga, Chikovning ta’kidlashicha, Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 328-moddasi faqat muddatli harbiy xizmatni o‘tashdan bo‘yin tovlagan fuqarolarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin va safarbarlik chaqiruviga taalluqli emas. 

Rossiya Oliy sudining tushuntirishlariga qaraganda, ushbu modda bo‘yicha faqat «18 yoshga to‘lgan, harbiy hisobda turgan va zaxirada bo‘lmagan erkak fuqarolar» jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. 

Bundan oldin Rossiya Luhansk oblastining Starobilskiy va Kreminskiy tumanlarida «qisman» safarbarlikni boshlagani xabar qilingandi.

«Vajnyye istorii» nashri va Conflict Intelligence Team (CIT) tergov guruhi tahlilchilarining ochiq ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada ikki haftalik safarbarlik davrida 53 mintaqadan kamida 213,2 ming kishi chaqirildi. 

Safarbarlikka chaqirilganlarning umumiy soni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu ilgari e’lon qilganidan ko‘p bo‘lgan. Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, safarbarlik boshlanganidan beri Rossiya qurolli kuchlariga 200 mingdan ortiq odam kelgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid