O‘zbekiston | 20:23 / 08.10.2022
15422
2 daqiqa o‘qiladi

Zarafshon daryosida zaharlangan baliqlar voqeasi: “Navoiyazot” AJ mansabdorlariga jinoiy ish ochildi

“Navoiyazot” korxonasidan daryoga ifloslangan suv oqizilishi oqibatida 4 204 dona baliq nobud bo‘lgan. Bu kabi ekologik inqiroz 2021 yilda ham sodir bo‘lgandi.

Foto: Kun.uz

2022 yilning 4-5 sentabr kunlari Zarafshon daryosida baliqlarning nobud bo‘lishi bilan bog‘liq holat sodir bo‘lgandi. Navoiy viloyati prokuraturasining Kun.uz’ga xabar berishicha, holatga “Navoiyazot” AJga qarashli 1-tashlanmasi (267-sonli quduq) orqali daryoga me’yoridan ortiq darajada ifloslangan suv oqizilgani sabab bo‘lgan. Buning oqibatida 2 mlrd 613,5 mln so‘mlik jami 4 204 dona baliq qirilib ketgan.

Holat yuzasidan joriy yilning 8 oktyabr kuni Navoiy viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan “Navoiyazot” AJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 196-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Ta’kidlanishicha, Navoiy viloyati prokuraturasi tergov jarayonini nazoratga olgan.  

Bu kabi ekologik inqiroz 2021 yilning oktyabr oyida ham sodir bo‘lgan va jinoiy ish ochilgandi. O‘shanda tabiatga yetkazilgan zarar miqdorining o‘zi 4 mlrd 800 mln so‘mdan ko‘proq ekani aniqlangan. Ammo Kun.uz mavzuga qaytib, ish yakuni bilan qiziqqanida u hamon tergovda ekanligi ma’lum bo‘ldi. Kun.uz surishtiruvidan ko‘p o‘tmay esa vahshiylik yana takrorlandi – daryoda minglab baliqlar nobud bo‘ldi.

Mavzuga oid