Jahon | 18:57 / 10.10.2022
95252
10 daqiqa o‘qiladi

«Og‘ir tong». Ukraina bo‘ylab havo zarbalari va trevogalar qaytdi. Asosiy ma’lumotlar

Rossiya bahordan buyon ilk bor Ukrainaning yirik shaharlari, jumladan, Kiyev, Xarkiv va Dnepr bo‘ylab bir vaqtning o‘zida zarbalar yo‘lladi. Hujumlar nishoni energetika obektlari va boshqa fuqarolik infratuzilmalari edi, zarbalar oqibatida tinch aholi vakillari qurbon bo‘lgan. Rossiya prezidenti to‘g‘ridan to‘g‘ri Qrim ko‘prigini tilga olmagan holda shu kabi diversiya harakatlariga javoban yangi zarbalar bo‘lishi bilan tahdid qildi.

Valentyn Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA

Dushanba tongida Ukrainaning butun hududi bo‘ylab shaharlar yoppasiga raketa zarbalariga uchradi. Ko‘p oylardan buyon ilk bor Kiyev markazi zarba ostida qoldi. Shuningdek, Lviv, Ternopil, Ivano-Frankivsk, Jitomir, Dnepr, Xarkiv, Konotop, Odessa, Kremenchuk va boshqa shaharlarda kuchli portlash ovozlari eshitildi.

Hujumlar ertalabki tig‘iz vaqtda amalga oshirildi. Natijada tinch aholi vakillari orasida o‘nlab qurbonlar va yaradorlar bor. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy butun mamlakat bo‘ylab energetika infratuzilma obektlari va tinch aholi o‘qqa tutilganini aytdi.

Kuzatuvchilarning aksari, bu zarbalar - Qrim ko‘prigidagi portlashlar uchun o‘ch olishga qaratilganini aytmoqda. Buni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning so‘zlari ham rad etmaydi. «Bugun tongda mudofaa vazirligi taklifi va Rossiya bosh shtabi rejasi bo‘yicha yuqori aniqlikda va uzoq masofaga harakatlanuvchi qurollar bilan Ukrainaning energetika, harbiy boshqaruv va aloqa obektlariga yoppasiga zarbalar berildi», dedi Putin Rossiya Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari yig‘ilishida.

«Agar bizning hududimizda terrorchilik harakatlari amalga oshirilishi davom ettirilsa, Rossiyaning javoblari keskin va miqyos jihatdan Rossiya Federatsiyasi darajasiga mos bo‘ladi», deya tahdid qildi u.

Kiyevga zarbalar

Kiyevda shaharning markaziy rayonlari - Shevchenkovskiy va Solomenskiydagi obektlarga hujum qilingan. Raketalardan biri Vladimirskaya ko‘chasidagi Grushevskiy haykali yonida, yana biri - yaqinda Vladimirskiy nishabligida qurilgan piyodalar ko‘prigi yonida portlagan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Kiyevda sakkiz kishi halok bo‘lib, 24 kishi yaralangan. Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Rostislav Smirnovning aytishicha, hujum natijasida Kiyevda 15 dan ortiq avtomobil shikastlangan, ularning ayrimlari butunlay yonib ketgan.

Kiyev meri Vitaliy Klichko ayrim zarbalar muhim infratuzilma obektlariga kelib tushganini aytdi. Videokadrlarda raketalardan kamida bittasi bolalar bog‘chasi atrofiga - Shevchenko parkiga kelib tushganini ko‘rish mumkin. Rasmiylar  Shevchenko milliy universiteti, Xanenko muzeyi va Shevchenko nomidagi muzey ham shikastlanganini ma’lum qilgan.

Kiyev metrosidagi barcha liniyalarda poyezdlar harakati vaqtincha  to‘xtatildi, stansiyalar bombapanagoh rejimida ishlay boshladi. Xarkiv shahrida ham metro faoliyati to‘xtagan - rasmiylarga ko‘ra, shahar butunlay elektr ta’minotidan uzilib qolgan.

Butun Ukraina bo‘ylab zarbalar

Shu vaqtda Ukrainaning boshqa yirik shaharlarida ham portlashlar sodir bo‘ldi.

Zelenskiyning ma’lum qilishicha, Rossiya Kiyev, Xmelnitskiy, Lviv, Dnepropetrovsk, Vinnitsa, Ivano-Frankivsk, Zaporijjya, Sumi, Xarkiv, Jitomir, Kirovograd va boshqa oblastlarga hujum qilingan.

«Og‘ir tong bo‘ldi. Terrorchilar bilan to‘qnash keldik. O‘nlab raketalar, Eronning «Shahed» dronlari.

Ularning ikki nishoni bor. Energiya obektlari — butun mamlakat bo‘ylab. Kiyevshina va Xmelnitsina, Lviv va Dnepr, Vinnitsa, Frankovshina, Zaporijjya, Sumshina, Xarkivshina, Jitormirshina, Kirovogradshina, Janub. Ular sarosima va tartibsizlikka intilmoqda, bizning energiya tizimimizni yo‘q qilmoqchi. Ular umidsizlikka tushgan.

Ikkinchi nishon — odamlar. Ko‘proq zarar yetkazish uchun ataylab shu vaqt va shu nishonlar tanlangan. Bugun boshpanalarda bo‘lib turing. Doim xavfsizlik qoidalariga rioya qiling. Hamisha yodda tutingki, Ukraina bu dushman paydo bo‘lmasidan oldin ham mavjud bo‘lgan, undan keyin ham bo‘ladi», dedi prezident.

Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal butun mamlakat bo‘ylab va poytaxt Kiyevda o‘ndan ortiq muhim infratuzilma obektlari shikastlangani haqida ma’lum qilgan.

Ukraina harbiylari butun mamlakat bo‘ylab 83 ta raketa uchirilganini qayd etgan. Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Ukrainaga uchirilgan raketalarning 41 tasi havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali urilib tushirilganini aytgan.

Dnepropetrovsk oblasti ma’muriyati rahbari Valentin Reznichenko ham oblast hududi va markazi Dnepr shahri raketa zarbalariga uchraganini ma’lum qildi.

Lviv oblastida energetika infratuzilmasi obektlariga zarbalar qayd etilgan. Bu ma’lumotni oblast ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiy tasdiqladi. BBC muxbirlari Lviv shahrida portlashlar va elektr ta’minotidagi muammolar to‘g‘risida xabar berishgan. 

Jitomir oblastidagi energetika infratuzilmalariga ham zarbalar kelib tushgan.

Xarkiv oblasti ma’muriyati rahbari Xarkiv shahrida portlashlar bo‘lgani, shundan keyin tok o‘chib qolgani va metro to‘xtaganini ma’lum qilgan, Poltava oblastining Kremenchuk rayoni va Kirovograd oblastining Kropivnitskiy rayoniga zarbalar berilgan. Xmelnitskiy va Terpopil oblastlarida havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushgan.

«Ukrenergo» infratuzilmalar shikastlangani tufayli butun mamlakat bo‘ylab elektr o‘chish holatlari kuzatilishidan ogohlantirgan.

Dunyo va Rossiyada qanday reaksiyalar bo‘ldi?

«Rossiyaning Kiyev va Ukrainaning boshqa shaharlarida tinch aholiga qarshi uyushtirgan hujumlaridan qattiq larzaga tushdim. XXI asrda bunday harakatlarga o‘rin yo‘q. Men bu hujumlarni eng qat’iy shaklda qoralayman», dedi Yevroittifoqning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel. «Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlaymiz. Yevropa ittifoqining qo‘shimcha harbiy yordami yo‘lga chiqadi», deya ogohlantirdi u.

«Rossiyaning Kiyev va Ukraina bo‘ylab boshqa shaharlarga qilgan dahshatli hujumlari Kremlning umidsizligini ko‘rsatmoqda. Bunday tinch aholiga qarshi tartibsiz hujumlar harbiy jinoyatdir», deyiladi Yevropa kengashi raisi Sharl Mishelning bayonotida. 

«Rossiyaning butun Ukraina bo‘ylab behisob raketa zarbalari. Putinning yagona taktikasi - tinch ukrain shaharlariga qarshi terror, ammo u Ukrainani sindira olmaydi. Bu shuningdek u bilan tinchlik haqida gaplashishni istayotgan barchaga javob ham. Putin - faqat raketalar bilan gaplashuvchi terrorchi», deya yozadi Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Kuleba bilan muloqotdan keyin tvitter sahifasida Rossiyaning Ukrainadagi fuqarolik infratuzilmalariga qilgan «dahshatli va tartibsiz hujumlari»ni keskin qoraladi. «NATO mardonavor ukrain xalqini Kremlning tajovuziga qarshi qancha kerak bo‘lsa shuncha qo‘llab-quvvatlashda davom etadi», deya yozgan u.

Zelenskiy Germaniya kansleri Olaf Shols bilan G7 mamlakatlarining shoshilinch yig‘ilishini chaqirish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qildi. Uchrashuvda uning nutq so‘zlashi rejalashtirilgan. «Biz Rossiyaga nisbatan bosimni kuchaytirish va Ukrainadagi zararlangan infratuzilmalarni tiklashga yordam masalasini ham muhokama qildik», degan Ukraina prezidenti.

Rossiyalik harbiylar Qora dengizdagi harbiy kemalardan uchirgan uchta qanotli raketa Moldova hududi orqali o‘tgan. «Milliy havo kengligimiz buzilishiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», deyilgan Moldova tashqi ishlar vazirligining telegram-kanalida. 

Rossiya tomonidan raketa zarbalarini birinchilardan bo‘lib Checheniston rahbari Ramzan Qodirov olqishlab chiqdi, u so‘nggi vaqtlarda Rossiya harbiy qo‘mondonligini sustkashligi uchun keskin tanqid qilib kelayotgandi. U Putinning «Rossiya hali rostakamiga boshlamadi ham» degan iborasini eslatib, Qodirov shunday degan: «Mana endi men maxsus harbiy amaliyotning borishidan yuz foizga qoniqish hosil qilmoqdaman»

2014 yilda annexia qilingan Qrim rahbari Sergey Aksyonov ham Ukraina bo‘ylab yoppasiga raketa zarbalari yo‘llanishini olqishladi: «Maxsus harbiy amaliyotning birinchi kunidan boshlab har kuni dushmanning infratuzilmalarini yo‘q qilish bo‘yicha shunday harakatlar olib borilganida, biz may oyidayoq barchasini yakunlagan va Kiyev rejimi tor-mor qilingan bo‘lardi. Umid qilamanki, endi biz amaliyot sur’atini pasaytirmaymiz».

Putin ortidan Rossiya mudofaa vazirligi ham bayonot berib, mamlakat qurolli kuchlari Ukrainadagi harbiy qo‘mondonlik, aloqa va energetika obektlari bo‘ylab uzoq masofaga harakatlanuvchi yuqori aniqlikdagi qurollar bilan yoppasiga zarbalar yo‘llangani, «zarbalar nishonlarga yetib borgani», «belgilangan barcha obektlar zarbaga uchragani»ni ma’lum qildi.

«Birinchi epizod o‘ynaldi. Boshqalari ham bo‘ladi», deya yozdi Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev. RT telekanali muharriri va propagandachi Margarita Simonyan esa Ukrainaga qilingan hujumlardan xursandligi haqida tvitterida yozdi. «Qrim ko‘prigi avvalboshdan o‘sha qizil chiziq edi. Bu ayon edi. Mana endi javob bo‘ldi», degan u.

Mavzuga oid