Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMT Bosh assambleyasi Rossiyaning Ukraina hududlarini annexia qilishini qoraladi
Rossiyaning harakatlarini qoralovchi rezolyutsiyani 143 davlat vakillari qo‘llab-quvvatladi, 35 tasi betaraf qoldi. Yana besh davlat – Rossiya, Belarus, Suriya, Shimoliy Koreya va Nikaragua bunga qarshi chiqdi.
Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh assambleyasi 12 oktyabr, chorshanba kuni Rossiyaning Ukraina to‘rtta hududini annexia qilganini qoralovchi rezolyutsiyani ko‘pchilik ovoz bilan qabul qildi. «Ukrainaning hududiy yaxlitligi. BMT nizomi tamoyillarini himoya qilish» hujjati o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR», «LXR», shuningdek, Rossiya tomonidan bosib olingan Zaporijjya va Xerson oblastlari hududlarida o‘tkazilgan «referendumlar»ni tan olmaydi. Ta’kidlanishicha, soxta referendumlar yuridik kuchga ega emas va bu hududlarning maqomini o‘zgartirish, jumladan, Rossiyaga qo‘shib olish uchun asos bo‘la olmaydi.
Rezolyutsiyani 143 davlat vakillari qo‘llab-quvvatladi, 35 tasi betaraf qoldi. Yana besh davlat – Rossiya, Belarus, Suriya, Shimoliy Koreya va Nikaragua bunga qarshi chiqdi.

BMT Bosh assambleyasining navbatdan tashqari yig‘ilishi Ukraina va Albaniya tashabbusi bilan bo‘lib o‘tdi. 30 sentabr kuni BMT Xavfsizlik kengashi Rossiya veto qo‘ygani sababli Rossiyaning Ukraina to‘rtta oblastini annexia qilganini qoralovchi rezolyutsiyani qabul qila olmadi.
Rossiya BMT Xavfsizlik kengashining 15 a’zosi ichida ushbu hujjatga qarshi ovoz bergan yagona davlat bo‘ldi. Kengashning 10 a’zosi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi, qolgan to‘rttasi – Xitoy, Hindiston, Braziliya va Gabon betaraf qoldi.
Avvalroq Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok BMT Bosh assambleyasini Rossiyaning Ukraina qator hududlarini annexia qilishini qoralashga chaqirgan edi. Uning fikricha, rezolyutsiya Rossiyaga ushbu mintaqalar hali ham Ukrainaga tegishli ekanligini aniq ko‘rsatishi kerak. Hujjat, shuningdek, hech kim hech qanday davlat suverenitetini, ayniqsa zo‘ravonlik orqali shubha ostiga qo‘yishga haqli emasligini ta’kidlashi kerak, dedi Berbok.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
10:23 / 28.05.2025
Davlat departamenti spikeri: Rossiya Trampning so‘zlarini jiddiy qabul qilishi kerak
09:03 / 28.05.2025
WSJ: Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish haqida o‘ylayapti
21:34 / 27.05.2025