O‘zbekiston | 22:32 / 13.10.2022
12470
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda tug‘ilib, davolanish uchun Samarqandga yuborilgan chaqaloq yo‘qolgani aytilmoqda

Holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi olib borilgan dastlabki tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, harakatdan tugatilgan. Viloyat prokuraturasi ishni qayta o‘rganish uchun Samarqand shahar IIBga yuborgan.

Foto: AP

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yashovchi er-xotinning Samarqand viloyatidagi shifoxonada sodir bo‘lgan holatlardan norozi bo‘lib qilgan videomurojaati tarqalgan.

Videomurojaatda Otabek Ro‘zimov va uning turmush o‘rtog‘i Ziyoda Jovliyeva Chiroqchi tumanida tug‘ilgan chaqalog‘ini davolash maqsadida Samarqand viloyatidagi shifoxonaga olib borgani va bola u yerda dom-daraksiz yo‘qolganini aytgan.

Bundan tashqari, chaqaloqning onasi Z.Jovliyeva ayni kunda farzandining na tirik va na o‘likligini bilmasligini, Samarqand shahar ichki ishlar bo‘limi tergovchisi ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishini yopib yuborganini bayon qilgan.

Holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, holat bo‘yicha Samarqand shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 124-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, harakatdan tugatilgan.

«Ushbu qaror va ish hujjatlari Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan o‘rganilganida, barcha holatlarga huquqiy baho berilmasdan, barvaqt qaror qabul qilingani bois, 2022 yil 12 oktyabr kuni qaror bekor qilinib, qo‘shimcha tergov harakatlari o‘tkazish uchun shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limiga yuborildi. Tergov ustidan prokuror nazorati o‘rnatilgan», deyiladi Bosh prokuratura ma’lumotida.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid