O‘zbekiston | 23:17 / 13.10.2022
53760
4 daqiqa o‘qiladi

“Rossiyadagi kichik biznesimni sotib, O‘zbekistonda ishlamoqchiman” - Moskvadan ilk marta Toshkentga kelgan Yuriy

Tushlik qilayotgan stolim qarshisida o‘tirgan yigit diqqatimni tortdi. Sochlari juda o‘sib ketganidan tashqari, u oshni juda noodatiy tarzda yeyayotgandi. “Mehmonmisiz, Rossiyadan keldingizmi?” so‘radim undan. “Ha, qayerdan bildingiz? Qiyofamga qarab bo‘lsa kerak a?” kuldi u. “Yo‘q, bizdagi ruslar oshni siz kabi sanchqida va titkilab yeyishmaydi” deya javob berdim. Biroz kulishdik va suhbatimiz boshlanib ketdi.

Foto: KUN.UZ

– Ismim Yura, familiyam Zemlyamerov, 33 yoshdaman. Moskva oblastining Ramenskoye rayonida yashayman. Kasbim tokar. Kichik korxonam, ya’ni biznesim bor. O‘zbekistonga, Toshkentga yaqinda keldim, – gap boshladi mehmon.

– Nega aynan O‘zbekistonni, Toshkentni tanladingiz?

– Toshkentga birinchi marta kelishim. Lekin Rossiyada juda ko‘p o‘zbek do‘stlarim bor edi, hozir ham bor. Ko‘pchilik kuzatgan vaziyatdan keyin men Toshkentda yashovchi do‘stim Zafar bilan bog‘landim va kelishim mumkin yoki yo‘qligi bilan qiziqdim. Do‘stim hech narsani o‘ylamay darhol kelishni tavsiya qildi. Mana, yoningizdaman.

– Oilangiz bilan keldingizmi, qayerda yashayapsiz?

– Hali uylanmaganman, so‘qqaboshman. Do‘stlarim uylariga taklif qilishdi, lekin borish noqulay bo‘ldi. Dastlabki ikki kun hostelda yashadim, keyin mehmonxonaga ko‘chib o‘tdim. Hozir doimiy yashash uchun ijaraga xonadon qidiryapman. Afsuski, ko‘p joyda kuzatilgani kabi O‘zbekistonda ham ijara narxlari sezilarli oshibdi. 400 dollarga o‘zimga yarasha uy topa olmayapman. Bu anchagina qimmat.

– Birinchi marta kelishingiz ekan, taassurotlaringiz qanday?

– Hayratdaman. O‘zbekistonda kim bilan ko‘rishsang, suhbatlashsang, albatta mehmonga taklif qilarkan, yordam berishni istarkan. Balki bu shunchaki mulozamatdir, lekin baribir odamning ko‘ngli ko‘tariladi.

Ozmi-ko‘pmi do‘stlar orttirdim, mana, siz bilan ham tanishdim va bundan xursandman. Taomlaringiz, mevalaringiz mazasiga esa gap bo‘lishi mumkin emas. “O‘zbekistonda parhez saqlashning iloji yo‘q” deyishardi, rost shekilli.

– Yuriy, istaymizmi yo‘qmi, siyosiy vaziyat to‘g‘risida savol berishga majburman...

– Qo‘ying shu mavzuni, ochig‘i, gapirishni ham istamayman. Vatanimni tashlab shu yerlarda yurganim o‘sha jarayonlarga bo‘lgan munosabatimni anglatsa kerak. Faqat bir narsani alohida ta’kidlashni istardim – bizda ham, hatto O‘zbekistonda ham Ukrainada millatchilik juda kuchli, mahalliy aholi ruslarni muntazam kamsitadi, degan tushuncha bor ekan. Shaxsan o‘zim Ukrainaga bir necha marta borganman va yetarlicha muddat bo‘lganman. Biror marta, ta’kidlayman, biror marta millatim rus bo‘lgani uchun qandaydir o‘zgacha munosabatni sezmagan. Oddiy insonlar bir-biriga yomonlik tilamaydi.

– Rejalaringiz qanaqa, O‘zbekistonda vaqtincha bo‘lasizmi?

– Aksincha, o‘sha kichik ishlab chiqaruv korxonamni ham sotib, bu yerda ishimni tashkillashtirmoqchiman. Juda uzoq kelajak bo‘yicha bir narsa deyishim qiyin, lekin yaqin orada qaytish niyatim yo‘q.

Men temir bilan bog‘liq har qanday moslamalar bilan ishlashga juda qiziqaman. Qo‘limdan ancha-muncha ishlar keladi. Hozir ish qidiryapman, yaxshi takliflar bor. O‘ylaymanki bu yerda ham hunarim ortidan o‘rnimni topa olaman.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Аброр Зоҳидов
Muallif Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid