“Markaziy Osiyo davlatlariga xuddi SSSRdek siyosat bo‘lmasin” - Rahmon Putinni keskin tanqid qildi
Tojikiston prezidenti “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi ilk sammitda kutilmaganda hissiyotli nutq bilan Vladimir Putinga yuzlandi va Moskvaning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatidan shikoyat qildi. “Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan sobiq sovet ittifoqi kabi siyosat bo‘lmasin”, – dedi Imomali Rahmon.
Bugun, 14 oktyabr kuni Ostonada “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi ilk sammit bo‘lib o‘tdi. Oltita davlat rahbari ishtirokidagi majlisda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat qildi. Uning kutilmagan va hissiyotli chiqishi videosini Informburo e’lon qildi (video).
“Biz sizlar bilan sovet ittifoqining parchalanishiga guvoh bo‘lganmiz. Biz kichik respublikalar, kichik xalqlarga e’tibor bo‘lmaganini ko‘rganmiz – xuddi hozirgidek. An’analar, urf-odatlar bilan hisoblashilmagan. Rivojlanishiga ko‘mak berilmagan. Biz kecha ikki million [tojikistonlik muhojir – tahr.] haqida gaplashdik, lekin shuni aytishni istardimki, nafaqat ishlash uchun, balki o‘qish, davolanish uchun Rossiya Federatsiyasiga borayotgan fuqarolarimiz soni 2 milliondan oshadi”, – dedi Rahmon.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya o‘zi uchun manfaatli bo‘lgan oziq-ovqat sohasida Markaziy Osiyo bilan savdoni rivojlantiryapti, lekin buning evaziga hamkorlarga nisbatan teng munosabatda bo‘lmayapti.
“Negadir Tojikistonda o‘tkazilib, “omadi kelmay qolgan” forumda... [Rossiyadan] hech bo‘lmasa vazir darajasidagi ishtirokchilar bo‘lishi uchun men TIVga topshiriq bergandim, hatto siz bilan ham gaplashgandim. Yo‘q, vazir o‘rinbosarlari keldi. Mana, Tojikiston strategik hamkor bo‘la turib nimani oldi. Biz bunaqa qilmayapmiz-ku?
Ha, bizning xalqimiz son jihatdan katta emas, biz 100-200 millionlik xalq emasmiz. Lekin bizda o‘z tariximiz, madaniyatimiz, xalqimiz bor. Shuni xohlaymizki, bizni hurmat qilishsin. Biz tilanchi emasmiz. Biz tilanchi emasmiz. Mineral resurslarga boy mamlakatimiz bor.
[…] Qayerda, qanaqa qoidani buzdik? Qayerdadir noto‘g‘ri salomlashib qo‘ydikmi? Biz har doim o‘zimizning asosiy strategik hamkorimizning manfaatlarini hurmat qilib kelganmiz. O‘z navbatida, bizni ham hurmat qilishlarini xohlaymiz. Nima, biz qandaydir begonalarmizmi?” – deya shikoyat qildi Tojikiston prezidenti.
Yig‘ilish mezboni, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tojikistonlik hamkasbining so‘zlarini bo‘lib, undan o‘z fikriga xulosa yasashni so‘radi. Shundan keyin Rahmon shaxsan Putinga yuzlandi.
“Men shunchaki so‘ramoqchiman, Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan sobiq sovet ittifoqi kabi siyosat bo‘lmasin”, – dedi Tojikiston prezidenti.
Imomali Rahmonning yakunida “har bir davlatning o‘z muammolari, masalalari, urf-odat va an’analari borligi”ni ta’kidlab, o‘zaro munosabatlarda buni inobatga olish kerakligini aytdi. “Oltin o‘rtalikni topish va har bir respublika bilan alohida ishlash kerak”, – deya Rossiya prezidentiga maslahat berdi u.
Mavzuga oid
17:53 / 23.11.2024
AQSh razvedkasi Putinning xorijdagi muxoliflari o‘ldirilishiga oid maxfiy hujjatlarni qisman ochiqladi
16:33 / 23.11.2024
Merkel: Menda hech qachon Putin bo‘yicha illyuziyalar bo‘lmagan
12:21 / 23.11.2024
Putin: Rossiya jangda «Oreshnik» raketasini sinovdan o‘tkazishda davom etadi
23:44 / 22.11.2024