O‘zbekiston | 12:52 / 16.10.2022
16546
2 daqiqa o‘qiladi

Mudofaa vazirligi Chirchiqda bankomatdan pul o‘g‘irlashga uringanlar IIV harbiy xizmatchilari ekanini ma’lum qildi

Qo‘lga olinganlarning Mudofaa vazirligiga aloqasi yo‘qligi ma’lum qilindi.

Foto: Kun.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq shahrida 3 nafar harbiy xizmatchi tomonidan bankomatlardan pul o‘g‘irlashga urinish holati sodir etilgani bo‘yicha ma’lumotlar tarqaldi. Mudofaa vazirligi holat bo‘yicha munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, harbiy xizmatchilar toifasiga O‘zbekiston Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Prezident davlat xavfsizligi xizmati va boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralarning qo‘shinlar tarkibida xizmat qilayotgan shaxslar kiradi.

Qo‘lga olingan harbiy xizmatchilarning Mudofaa vazirligiga hech qanday aloqasi yo‘q, ular Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo‘shinlari harbiy xizmatchilari hisoblanadi.

«Yuqoridagilarni inobatga olib, ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumotlar tarqatishdan avval harbiy xizmatchilar qaysi bir vazirlik yoki idora vakili ekani aniqlangandan so‘ng aniq faktlarga asoslangan holda tarqatilishi maqsadga muvofiqdir. Umumiy ravishda tarqatilgan ma’lumotlar barcha vazirlik va idoralarning harbiy xizmatchilari sha’niga putur yetkazishi mumkin»,  deyiladi munosabatda.

Ichki ishlar vazirligi hozircha holat yuzasidan munosabat bildirmadi.

Mavzuga oid