Jahon | 08:02 / 16.10.2022
50968
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya harbiy poligonida otishma – kamida 11 kishi halok bo‘lgan

Rossiya mudofaa vazirligi poligondagi otishma oqibatida 11 kishi halok bo‘lib, 15 kishi jarohat olganini tasdiqladi, Belgorod oblastidagi bu poligonda ko‘ngillilar Ukrainadagi urushga jo‘nashga tayyorgarlik ko‘rayotgandi.

Foto: Donat Sorokin / TASS

Rossiya mudofaa vazirligi axborotida poligonda «MDH davlatlaridan birining ikki nafar fuqarosi» frontga jo‘nashga tayyorlanayotgan ko‘ngillilarni o‘qqa tutgani aytilgan.

Natijada 11 kishi halok bo‘lib, 15 kishi yaralangan, «javob zarbasi natijasida ikki terrorchi yo‘q qilingani» aytilgan.

«Maxsus harbiy amaliyotda ishtirok etish niyatida bo‘lgan ko‘ngillilar o‘t ochishga tayyorlanadigan hududda terrorchilar shaxsiy tarkibga qarata o‘q uzgan. Oqibatda 11 kishi halok bo‘lgan, 15 kishi turli og‘irlikdagi jarohatlar bilan kasalxonaga yuborilgan. Terakt sodir bo‘lgan hududda huquq-tartibot organlari ishlamoqda», deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.

Hujum uyushtirganlar bilan hisoblaganda qurbonlar soni 13 nafar bo‘lishi mumkin.

Shanba kuni bu otishma haqida dastlab Rossiyadagi turli manbalar xabar bergan, bu xabarlarda qurbonlar soni 10 nafardan 22 nafargacha ekani aytilgandi.

Rossiyadagi turli Telegram-kanallar otishmani sodir etganlar ko‘ngilli ravishda Rossiya armiyasiga qabul qilinish uchun borgan tojikistonliklar ekani haqida yozishmoqda. Ammo bu borada rasmiy manbalarda hech narsa deyilmagan.

Sentyabr oyida hukumat RF qurolli kuchlarida xizmat o‘tash uchun shartnoma tuzgan xorijliklarga Rossiya fuqaroligini olishni soddalashtirishga qaror qilgandi.

Rossiya mudofaa vazirligi hodisani terakt deb baholagan, ammo hozircha nima uchun armiya poligoniga qo‘lida qurol tutgan xorijlik fuqarolar kelib qolganiga aniqlik kiritilmagan.

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qotillik kunning birinchi kunida ro‘y bergan; Mudofaa vazirligi esa u haqda faqat kun oxiriga kelib xabar bergan. Vazirlik qurbon bo‘lganlarning barchasi «maxsus amaliyotda ishtirok etishni istaganlar», ya’ni ko‘ngillilar ekanini ma’lum qilgan.

Rossiyadagi ayrim manbalar yozishicha, halok bo‘lganlar Bryansk oblastidan safarbar qilingan fuqarolardir. Bu ma’lumotni safarbar etilganlarning qarindoshlariga asoslangan holda SOTA nashri tasdiqlagan. Unga ko‘ra, gap Ukraina chegarasidan 20 kilometr masofada, Valuyki shahri yaqinidagi Soloti qishlog‘ida joylashgan poligon haqida ketmoqda.

Jurnalistlar ma’lumotiga ko‘ra, safarbar qilinganlarning mashg‘ulot o‘tash hududida uch harbiy pulemyot o‘rnatib o‘t ochgan. Ularning ikkisi voqea joyida halok bo‘lgan, yana biri qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan. SOTA xabariga ko‘ra, otishma oqibatida jami 22 kishi halok bo‘lib, yana 16 kishi yaralangan.

«Ostorojno, novosti» ham safarbar qilinganlardan birining qarindoshiga tayanib, harbiy qismda ikki kishi o‘t ochgani, natijada 12 kishi halok bo‘lganini yozgan.

Mavzuga oid