Vazir o‘rinbosari tumanga hokim bo‘ldi
Sirdaryo viloyatining Sardoba tumani hokimi o‘zgardi.
17 oktyabr kuni Xalq deputatlari Sardoba tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev, viloyat hamda tuman sektorlari rahbarlari, deputatlar, tuman faollari ishtirok etgan sessiya ishida tashkiliy masala ko‘rildi.
Viloyat rahbari sessiyadagi nutqida Sardoba tumanining salohiyati, sanoat ishlab chiqarish va yirik loyihalar tatbiq etish imkoniyatlari, shuningdek, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarga e’tibor qaratib, tanqidiy tahlil qildi. Bundan keyingi vazifalarga, yechimini kutayotgan muammolarga to‘xtaldi.
Shundan so‘ng, bugunga qadar O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Akmal Arziyevich Mirzayev nomzodi tuman hokimi lavozimiga tavsiya etildi.
A.Mirzayev 1971 yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. 1997 yilda Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutini, 2003 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2010 yilda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi iqtisodchi-moliyachi.
Mehnat faoliyati davomida turli yillarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan, 2018 yil mayida qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosarligiga tayinlangandi.
Deputatlar Akmal Mirzayev nomzodini tuman hokimi lavozimiga bir ovozdan tasdiqladi.
Bungacha Sardoba tumaniga Abduazim Xidirov rahbarlik qilib kelayotgandi.
Mavzuga oid
16:31 / 04.11.2024
O‘zbekistonning Indoneziyadagi yangi elchisi tayinlandi
15:44 / 01.11.2024
Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari qamoqqa olindi
18:28 / 30.10.2024
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga yangi birinchi o‘rinbosar tayinlandi
18:32 / 28.10.2024