Jahon | 11:45 / 18.10.2022
8414
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Hyundai Rossiyadagi zavodini sotish haqida o‘ylayapti

Dong-a Ilbo gazetasining yozishicha, Janubiy Koreyaning Hyundai avtomobilsozlik kompaniyasi Sestroretsk yaqinidagi zavodni sotishi mumkin.

Foto: Reuters

Janubiy Koreyaning Hyundai avtomobil ishlab chiqaruvchisi Rossiyadagi zavodini sotish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda 18 oktyabr, seshanba kuni Janubiy Koreyaning Dong-a Ilbo gazetasi vaziyatdan xabardor manbasiga tayanib ma’lumot berdi.

Nashrning yozishicha, korporatsiya yaqinda rahbariyatga Rossiyadagi mavjud vaziyat va rivojlanish istiqbollari tahlilini taqdim etgan. Hisobotda, shuningdek, moliyaviy faoliyatni amalga oshirish uchun qiyin sharoitlarda Rossiyadagi zavodning sotilishi oqibatlari ro‘yxati ham kiritilgan.

Hyundai hozircha xabarlarga izoh bermadi. Zavod Sankt-Peterburg yaqinida, Sestroretsk yonida joylashgan. Yaqinda kompaniya Rossiyada «muvaffaqiyatli ishning o‘n yilligi»ni nishonladi. Zavodning yubiley yilida Hyundai hatto Hyundai Solaris'ning «10 yil» maxsus seriyasini taqdim etdi.

Korporatsiya korxonani ishlab chiqarish bo‘yicha Rossiyadagi ikkinchi yirik avtomobil zavodi deb atadi. Uning qurilishi va yanada rivojlanishiga investitsiyalar 1 milliard dollardan ortiqni tashkil etdi. Zavodda 2600 ga yaqin mutaxassis ishlagan. Konveyyer yiliga 200 ming dona avtomobil ishlab chiqargan (kompaniyaning jahon ishlab chiqarish quvvatining qariyb 4 foizi).

Hyundai mart oyida Sankt-Peterburgdagi ishini to‘xtatdi.

O‘tgan hafta Yaponiyaning Nissan Motor Co Ltd kompaniyasi Rossiyadagi biznesini davlat korxonasiga 1 yevroga o‘tkazishini va taxminan 687 million dollar (699 million yevro) miqdorida zarar ko‘rishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid