Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putindan bir quti aroq va Berluskonidan samimiy maktub. Italiyada Rossiya va Ukraina bilan bog‘liq mojaro avj oldi
Italiyada sobiq bosh vazir Silvio Berluskoni nutqi audioyozuvi tufayli mojaro kelib chiqdi. La Presse nashriga ko‘ra, eng mashhur siyosatchilardan biri partiyadoshlariga Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bir quti aroq va bir shisha vino ko‘rinishida sovg‘alar almashib turganini, shuningdek, «yoqimli xatlar» yozishganini aytgan.
La Presse gazetasida e’lon qilingan audioyozuvda Berluskoni shunday deydi: «Rossiya vazirlari biz bilan urush holatida ekanini allaqachon bir necha bor aytishdi, chunki biz Ukrainaga qurol yetkazib beryapmiz va uni qo‘llab-quvvatlayapmiz. Men o‘z shaxsiy fikrimni bildira olmayman, chunki agar bu matbuot qo‘liga tushib qolsa, falokat yuz beradi. Lekin men juda va juda xavotirdaman».
Berluskoni so‘zlarini davom ettirib, shunday deydi: «Men Putin bilan yana juda ko‘p suhbatlasha boshladim. U tug‘ilgan kunimda 20 shisha aroq va juda yoqimli xat yubordi. Men bir necha shisha Lambrusko va xuddi shunday yoqimli xat bilan javob berdim».
Nashrning yozishicha, Berluskoni bu so‘zlarni o‘zining «Forza, Italia!» (Olg‘a, Italiya!) partiyasidan parlamentga saylangan deputatlari o‘rtasidagi yopiq uchrashuvda aytgan.
Yevropa komissiyasi Berluskonining bu so‘zlariga munosabat bildirdi. Uning vakiliga ko‘ra, mamlakatlar ikki tomonlama munosabatlarni o‘rnatishda erkin. Ammo Yevropa Ittifoqi siyosati va pozitsiyasi hurmat qilinishi kerak, u Putin bilan «munosabatlarni minimal darajaga tushirish»ni nazarda tutadi.
Yevropalik va rossiyalik siyosatchilar o‘rtasidagi aloqalar taqiqlanmagan, biroq «Ukrainaga noqonuniy bosqin va tajovuz bo‘yicha Yevropa Ittifoqining pozitsiyasini yetkazish hamda rossiyalik hamkasblarini urushni zudlik bilan to‘xtatishga va xalqaro huquqni hurmat qilishni boshlashga chaqirish» uning ustuvor yo‘nalishi bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi YeI. «Yevropa Ittifoqi bir ovozdan Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushini qoralaydi», — deb qo‘shimcha qildi Yevrokomissiya vakili.
Silvioning do‘sti
Gazeta audioyozuvni e’lon qilganidan so‘ng, «Forza, Italia!» partiyasi ham xuddi Berluskonidek, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushga Yevropa va AQSh kabi munosabatda bo‘lishini ma’lum qildi. «Bu masalada noaniqlikka o‘rin yo‘q va hech qachon bo‘lmagan», — deyiladi bayonotda.
Partiya rasmiy vakili, shuningdek, Berluskoni o‘zining so‘nggi tug‘ilgan kuni 2022 yil 29 sentabrni nazarda tutmagani, balki «ko‘p yillar avval sodir bo‘lgan eski voqeani aytib bergani»ni ta’kidladi.
86 yoshli Berluskoni Putinga yaqinligi haqida birinchi marta gapirayotgani yo‘q. Bosh vazir lavozimini egallab turganida u bilan bir necha bor uchrashgan va Putinning o‘zi ham Berluskonini do‘sti va ittifoqchisi deb atagan.
Berluskoni shu yilning sentabr oyida Rossiya Ukrainadagi hokimiyat tepasiga «tuzuk odamlar»ni qo‘ymoqchi ekanini aytgan va bu ham janjal keltirib chiqargan edi.
«Putinni bu maxsus operatsiyani o‘ylab topishga Rossiya aholisi, uning partiyasi, vazirlari majbur qilishgan. Qo‘shinlar bir haftada Kiyevga yetib borishi, Zelenskiy hukumati o‘rniga «tuzuk odamlar»ni tayinlab, qaytib ketishi kerak edi. Buning o‘rniga ular qarama-qarshilikka duch kelishdi, G‘arb esa turli qurol-yarog‘lar bilan ularni qo‘llab-quvvatladi», degandi Berluskoni o‘shanda.
Sentyabr oyida Ukraina prezidenti maslahatchisi Mixaylo Podolyak Berluskoni so‘zlariga bosiqlik bilan izoh berib, Italiyaning sobiq bosh vaziri «g‘oliblar tarafini olishga moyil va bu, albatta, Rossiya yoki Putin bo‘lmaydi», degan edi.
Vazirlar portfelini taqsimlash bo‘yicha mojaro
Berluskoni audioyozuvining e’lon qilinishi so‘nggi saylovlarda mag‘lub bo‘lgan va tez orada muxolifatga aylanadigan partiyalarning keskin tanqidiga sabab bo‘ldi.
Saylovda g‘alabani «Fratelli d'Italia» (Italiya birodarlari) partiyasi yetakchisi Jorjia Meloni boshchiligidagi «o‘ng»lar qo‘lga kiritdi, u yaqinda rasman bosh vazir lavozimini egallaydi. Shunday qilib, Italiyaning urushdan keyingi tarixida birinchi marta o‘ta «o‘ng» siyosiy harakat vakillari hokimiyat tepasiga keladi.
«Forza, Italia!» partiyasi «Fratelli d'Italia» partiyasi va sobiq ichki ishlar vaziri Matteo Salvinining «Lega»si bilan birgalikda parlamentdagi ko‘pchilik koalitsiyasiga kirgan. Matbuot xabarlariga ko‘ra, Berluskoni partiyasi tashqi ishlar vaziri lavozimiga, shuningdek, bir qancha boshqa vazirlik portfellariga da’vogarlik qilmoqda.
Jorjia Meloni o‘tmishda Rossiyaning Ukrainadagi urushini keskin tanqid qilib, Moskvaning Ukraina viloyatlarini annexia qilishini «neoimperialistik sovet qarashlarining ko‘rinishi» deb atagan. Shuningdek, u Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etilishini qo‘llab-quvvatlagan.
Biroq, Salvini xuddi Berluskoni singari Ukraina urushi oldidan Putin va uning siyosatini ma’qullagan va hatto Rossiya prezidenti surati tushirilgan futbolkada omma oldiga chiqqan.
Yaqinda Italiya parlamenti quyi palatasining «Lega» partiyasidan yangi saylangan spikeri Lorenso Fontana Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llash Yevropa iqtisodiyotiga zarar yetkazishini aytib, ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi. Bunday ritorika avvallari Rossiya rasmiylari tomonidan tez-tez qo‘llangan.
Financial Times gazetasining yozishicha, Fontana bir jinsli munosabatlar va migratsiyaning ashaddiy dushmani, shuningdek, Rossiyaning ittifoqchisi sifatida tanilgan. 2014 yilda Fontana Qrimga Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha «referendum»da kuzatuvchi sifatida borgan va «Rossiyaga qarshi sanksiyalarga yo‘q!» shiori yozilgan futbolkada bo‘lgan.
FT shuningdek, Fontananing «Qrim xalqi o‘z vataniga qaytganini his qilmoqda va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni sekinlashtirishi kerak» degan so‘zlaridan iqtibos keltirgan.
Shu bilan birga, «Fratelli d'Italia» vakili Inyatsio La Russa Italiya yuqori palatasi spikeri bo‘ldi. U boshqa narsalar qatorida, fashistik ramzlarni va diktator Benito Mussolini haykalchalarini kolleksiya qilishni yoqtirishi bilan tanilgan.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
09:03 / 28.05.2025
WSJ: Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish haqida o‘ylayapti
21:34 / 27.05.2025