O‘zbekiston | 14:18 / 20.10.2022
9309
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda bemorning o‘g‘li tomonidan 57 yoshli shifokorning do‘pposlangani holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Shifokorni kaltaklagan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 109-moddasi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Kun.uz’da Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining ma’lumotiga asoslanib, 2022 yil 14 oktyabr kuni kechki payt G‘uzor tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli shifoxonaga olib kelingan bemorning 25 yoshlar atrofidagi o‘g‘li 57 yoshli shifokorni do‘pposlagani haqida xabar berilgandi.

Ammo viloyat IIB axborot xizmati shifokor bir kishi emas, bir necha kishi tomonidan do‘pposlanganini ma’lum qildi.

«2022 yil 14 oktyabr kuni G‘uzor tumani tibbiyot birlashmasi shoshilinch tez tibbiy yordam xizmati jonlantirish bo‘limiga yuqori qon bosimi tashxisi bilan G‘uzor tumani Mustaqillik mahallasida yashovchi D.O.olib kelingan. Oradan hech qancha fursat o‘tmasdan D.O.ning turmush o‘rtog‘i va bolalari shifoxonada janjal qilib, shifokor T.H.ni urib tan jarohati yetkazgan», deyiladi viloyat IIB axborot xizmati munosabatida.

Qayd etilishicha, 2022 yil 14 oktyabr kuni G‘uzor tumani IIB tomonidan jabrlanuvchi shifokorning arizasi qayd qilingan. Ushbu holat yuzasidan 2022 yil 19 oktyabr kuni G‘uzor tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki surishtiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid