Jamiyat | 11:19 / 20.10.2022
41505
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda o‘zidan 16 yosh kichik rafiqasini kaltaklagan erkak qamoqqa olindi

Xabarlarga ko‘ra erining zo‘ravonligi haqida ayol IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Shundan so‘ng mushtumzo‘r hibsga olingan.

Kaltaklangan ayolning onasi Facebook’da qizi 7 yil davomida eri tomonidan muntazam ravishda kaltaklab kelingani, so‘nggi 2,5 oy ichida kuyovi qizini to‘rt marta kaltaklab qovurg‘alarini sindirgani haqida yozgan.

“Yetti yil davomida xo‘rlik va zo‘ravonliklarga sabr qilishga majburlaganim uchun qizimning oldida aybdorman. Men faqat uning farzandlari, mening ajoyib nabiralarim haqida qayg‘urgandim. Bola ko‘rishsa, kuyovimning shafqatsiz xarakteri o‘zgaradi degandim.

Ikkinchi va uchinchi nabiralarim deyarli ketma-ket dunyoga keldi. Doimiy stress tufayli qizim uchinchi bor bo‘yida bo‘lganini ancha kech bilib qoldi. Mana shunday yashab keldi. So‘nggi marta kuyovimga qizimni kaltaklashning o‘zi kamlik qildi. U kaltaklashlariga qo‘shib kamar bilan bo‘g‘ishni ham boshlagandi.

Ekspert aytdiki, yana 20 sekund bo‘g‘ib turganida qizim o‘lib qolishi mumkin edi. Yaxshiyamki u qizimni kamar yordamida ikkinchi qavatdan tashlab yubormoqchi bo‘lganida u uzilib ketgani. Bunisi hammasidan oshib tushdi. Bu voqealarning barchasi bolalarning ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan. Shunda tushundimki, bolalarining haqqi-hurmati uchun ham qizimni qutqarishim kerak.

Oxirgi ikki yarim oy davomida qizim 4 marta kaltaklangan, qovurg‘alari singan. Oxirgi mushtumzo‘rligidan avvalgisida esa qizimning burni, tishlari singan, miyasi chayqalgan holda butun tunni yerto‘lada – kafel bilan qoplangan sovuq basseynda o‘tkazgan. Bunday zo‘ravonliklardan so‘ng ovoza bo‘lishidan qo‘rqib, kuyovimning o‘zi qizimni shifoxonaga olib borgan va “o‘zim yiqilib tushdim”, deb aytishga majbur qilgan”, deb yozadi ayol.

Ona qizining kaltaklanganlari asoratlari aks etgan suratni ham havola qilgan bo‘lib, uning aytishicha, ekspert ushbu suratlarga qarab uning og‘irligi darajasini aniqlash tugul uni tan jarohati deb tasniflay olmasligi haqida qaror chiqargan.

Bundan tashqari, qizi va o‘zida himoya orderi borligiga qaramay, kuyovi uning talablarini buzayotgani haqida bir necha marotaba murojaat qilganiga qaramasdan Yakkasaroy tuman IIB xodimlari tomonidan hech qanday chora-tadbirlar ko‘rilmayotganidan shikoyat qilgan.

Toshkent shahar IIBB axborot xizmatining xabar berishicha, 1992 yilda tug‘ilgan ayol Yakkasaroy tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limiga ariza bilan murojaat qilib, 1976 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i unga tan jarohati yetkazgani, shu bois unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Erkak qamoqqa olingan.

Mavzuga oid