O‘zbekiston | 11:12 / 22.10.2022
3555
4 daqiqa o‘qiladi

Savdo-sanoat palatasiga qo‘shimcha vakolatlar beriladi

Savdo-sanoat palatasi

Prezidentning “Savdo-sanoat palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e’lon qilindi.

Savdo-sanoat palatasiga quyidagi vakolatlar beriladi:

Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar va idoralarga ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, biznes rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan va cheklayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, ularni bekor qilish to‘g‘risidagi ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan masalalarni kiritish;

tadbirkor manfaatini ko‘zlab Oliy sudga ariza berish hamda iqtisodiy, ma’muriy va jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan shikoyat kiritish.

Palata hududiy bo‘linmalariga:

har bir tuman va shaharda ilg‘or metodikalar asosida aholi va tadbirkorlarni biznesga o‘qitish, tadbirkorlik tuzilmalari kadrlari kasbiy malakasini oshirish maktablarini tashkil qilish;

hokimlarga va boshqa hududiy davlat organlari rahbarlariga hududda tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlik sub’yektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;

xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari va hokimlar bilan har oy kamida ikki marta hududdagi ishbilarmonlik muhiti holati, qonunchilik normalari va talablari amalga oshirilishi natijalari bo‘yicha tanqidiy muhokamalar o‘tkazish.

Tadbirkorlarni palata a’zoligiga keng qamrab olish orqali ularga xizmat ko‘rsatish ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida, 2023 yil 1 yanvardan mikro, kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’yektlari palataga a’zolik badalini to‘lashdan ozod etiladi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlari hisobidan Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy bo‘linmalariga saqlash xarajatlari uchun davlat subsidiyasini ajratish tizimi joriy etiladi.

Koreya xalqaro rivojlantirish agentligining (KOICA) 5,5 mln AQSh dollari miqdoridagi grant hisobiga palata qoshida namunaviy “Startaplarni qo‘llab-quvvatlash markazi” biznes-inkubatori tashkil etiladi. “Startaplarni qo‘llab-quvvatlash markazi” biznes-inkubatori Toshkent shahri, Mirobod tumani, Shahrisabz ko‘chasi 25-uy B-blok manzilidagi binoda joylashtiriladi va ushbu bino palata balansiga o‘tkazib beriladi.

Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Mustaqillik shohko‘chasi 2-uy manzilida joylashgan “Yoshlar ijod saroyi” binosi palata balansiga o‘tkazib beriladi. Mazkur binoda palata tomonidan mahalliy va xorijiy tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida biznes-forumlar, ko‘rgazmalar, ochiq-muloqotlar, uchrashuvlar o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid